“Fiorentina” hujumchisi Dushan Vlahovich faoliyatini “Yuventus”da davom ettiradi. Futbolchining transferi A Seriya saytida ro‘yxatga olingan.

Foto: Getty Images

Hujumchi turinliklar klubida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va shartnoma imzoladi. Futbolchi yangi jamoasida 7-raqamda harakat qiladi.

Avvalroq “Yuventus” Vlahovich uchun “Fiorentina”ga 70 million yevro to‘lashi, shuningdek, 5 million miqdorida bonus ham nazarda tutilgani va Dushan yangi jamoasida yiliga 7 million yevro maosh olishi xabar qilingandi.

Dushan faoliyatini Serbiyaning “Partizan” jamoasida boshlagan. 2016-yildan 2018-yilga qadar ushbu jamoada faoliyat olib borgandan so‘ng, “Fiorentina” hujumchini 1 million yevroga xarid qilgan. Serbiyalik futbolchi “binafshalar” safida 107 o‘yinda 48 ta golga mualliflik qildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!