Fransiyada o‘tgan bir sutka ichida 501 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlandi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash xizmati ma’lumotlariga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: EPA

Ta’kidlanishicha, bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, o‘tgan bir sutka davomida Fransiyada 312 mingdan ortiq odam koronavirusga qarshi buster doza bilan emlangan. Mamlakat aholisining qariyb 80 foizi COVID-19 ga qarshi to‘liq emlangan.

Shuningdek, Yonhap agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyada ham koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha sutkalik ko‘rsatkich rekord darajaga yetgan. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan bir sutka davomida mamlakatda 13 012 kishida koronavirus aniqlangan — bu mamlakatda pandemiya boshlanigandan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich.

24-yanvar kuni Janubiy Koreya hukumati omikron mamlakatdagi dominant shtammga aylanganini tasdiqlagan — o‘tgan hafta uning aniqlanish darajasi 50 foizdan oshgan.

“Bundan buyon bizning virusga qarshi chora-tadbirlarimizning asosiy maqsadi og‘ir holatlar va o‘limlar sonini kamaytirish bo‘ladi”, — deydi Bosh vazir Kim Bu Gem. Uning ta’kidlashicha, 26-yanvardan test olish va davolashning yangi rejimi boshlanadi. Shu sababli mahalliy shifoxona va klinikalar bemorlarni testdan o‘tkazib, davolaydi, antigenlar uchun mo‘ljallangan ekspress-testlar PZR-testlarga almashtiriladi. Ular asosan 60 yoshdan katta bo‘lgan xavf guruhidagi fuqarolar uchun qo‘llaniladi.

Shuningdek, bosh vazir fuqarolarni dam olish kunlaridan keyingi chorshanbaga qadar qarindoshlarinikiga borishdan tiyilishni so‘ragan. “Siz yoki ota-onangiz vaksinaning uchinchi dozasini olmagan bo‘lsa, uchrashuvni qoldirib turishingizni o‘tinib so‘rayman”, — deydi u.

Avvalroq Yaponiyada pandemiya boshlanganidan beri ilk bor sutkalik kasallanish ko‘rsatkichi 50 mingdan oshgani, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin hukumatni masofadan ishlash tizimiga o‘tkazgani, JSST xalqaro sayohatlarga cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.