14-yanvarga o‘tar kechasi xakerlar Ukraina hukumati va alohida vazirliklar saytlariga hujum uyushtirdi, deb xabar beradi “Ukraina haqiqati”. Ta’kidlanishicha, hozirda “Diya” davlat xizmatlari portaliga ham kirib bo‘lmayapti.

Foto: Shutterstock

Bir nechta vazirliklar saytida, jumladan, TIV saytiga ham xakerlar bir xil — ukrain, polyak va rus tillarida yozilgan murojaatini qoldirgan. Unda qayd etilishicha, Ukrainaning barcha aholisini shaxsiy ma’lumotlari “umumiy tarmoqqa yuklangan”, kompyuterdagi ma’lumot esa “o‘chirilmoqda va uni qayta tiklab bo‘lmaydi”.

Foto: Skrinshot

“Sizlarga oid barcha ma’lumotlar ommaga e’lon qilindi, qo‘rqing va yomonrog‘ini kuting. Bu o‘tgan, hozirgi va kelajakdagi ishlaringiz uchun. Volin uchun, OUN UPA (jangovar qanoti Ukraina isyonchilar armiyasi bo‘lgan ukrainalik millatchilar tashkiloti), Galitsiya uchun, Polesye uchun va tarixiy yerlar uchun”, — deyiladi xabarda.

Ta’lim vazirligining Facebook’dagi sahifasida “global hujum sabab” vazirlik saytidan vaqtincha foydalanib bo‘lmasligi, Ukraina Xavfsizlik xizmati va kiberpolitsiyasi holatni tergov qilayotgani ma’lum qilingan.

Avvalroq Shimoliy koreyalik xakerlar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaradigan kompaniyaga kiberhujum uyushtirishga uringani, AQSh DarkSide xakerlar guruhining yetakchilari haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot e’lon qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.