Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Davlat statistika qo‘mitasi kompaniya va tovar belgilari bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni joylashtirgan “Orginfo.uz” sayti asoschisi, dasturchi Boburmirzo Hamroqulov ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza berdi. “Gazeta.uz” Boburmirzo Hamroqulov bilan suhbatlashib, bu ish atrofidagi voqealar yuzasidan maqola taqdim etdi.

Foto: “Daryo” / skrinshot

Foto: “Daryo” / skrinshot

“Orginfo.uz” qanday sayt?

“Orginfo.uz” — bu Statistika qo‘mitasining ochiq ma’lumotlari asosida kompaniyalar haqidagi ma’lumotlar — STIR, faoliyat turi, ro‘yxatdan o‘tgan manzili va sanasi, ta’sischilar va boshqaruvchilar ro‘yxati va boshqalarni taqdim etuvchi xizmati. Saytdagi ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlarini takrorlaydi, biroq davlat organi resursi bilan solishtirganda, bir qator qulayliklarga ega.

Xususan, “orginfo.uz” saytida kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning nomi, shuningdek, ta’sischilar va menejerlarning ism-shariflari bo‘yicha ham qidirish mumkin, KTYADRda esa STIRni bilish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, xizmat savdo belgilari, shuningdek, ularning egalari haqidagi ma’lumotlarni ham topish imkonini beradi.

“Orginfo.uz” orqali kompaniyaning affillangan shaxslarini, shuningdek, u yoki bu ta’sischilarga tegishli barcha kompaniyalar ro‘yxatini tezkor aniqlash mumkin. O‘zbekistondagi axborot nashrlari ham o‘z izlanishlarida Statistika qo‘mitasi servisi imkoniyatlari cheklangani sababli tez-tez “orginfo.uz” xizmatidan foydalanib turadi.

Statistika qo‘mitasi nima uchun dasturchidan shikoyat qildi?

Foto: “github.com” /bzimor

Foto: “github.com” /bzimor

Boburmirzo Hamroqulov saytni 2021-yil yanvar oyida Rossiyada magistraturada o‘qiyotgan vaqtida ochgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning hech qanday g‘arazli maqsadi va niyati bo‘lmagan, aks holda u saytni “.uz” domenida ochmagan, bog‘lanish uchun bo‘limini qoldirmagan va o‘zining muallifligini ko‘rsatmagan bo‘lardi.

“To‘g‘risini aytsam, men Davlat statistika qo‘mitasi ularning ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha da’vo berishini kutgandim. Shuning uchun men ularni ma’lumot manbai sifatida ko‘rsatdim”, — dedi u.

Dasturchining aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 620 mingga yaqin kompaniya ro‘yxatga olingan. Bahorgacha u saytni yangilamagan, shuning uchun ham ba’zi ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlaridan farq qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat statistika qo‘mitasi veb-saytidan barcha ma’lumotlarni bir kunda yuklab olishning imkoni bo‘lmagani uchun barcha 620 ming kompaniya bo‘yicha ma’lumotlarni yangilash 10-14 kunni oladi (kuniga 60 ming kompaniya).

Boburmirzo Hamroqulov ma’lumotlarning yangilanishi nisbatan uzoq davom etgani bois 40 ta kompaniya haqidagi ma’lumotlar manbadagi ma’lumotlardan farq qilganini ta’kidladi. Natijada, Davlat statistika qo‘mitasi sayt IP’si bo‘yicha domen egasining ma’lumotlarini aniqlash maqsadida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasiga murojaat qilgan, so‘ngra ichki ishlar organlariga ariza bergan.

“11-avgust kuni meni Kiberxavfsizlik markaziga chaqirishdi, menga Davlat statistika qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosarining xatini ko‘rsatishdi, unda men ularning roziligisiz saytga ma’lumot joylashtirayotganim aytilgan. Qo‘mita ma’lumotlaridan farq qiluvchi ma’lumotlarni ko‘rsatadigan ilova ham qo‘shimcha qilingan… Keyin men ularning saytidan ochiq ma’lumotlarni olishimni tushuntirdim, manbani ko‘rsataman. Ha, to‘g‘ri, yangilash paytida farqlar bo‘ladi”, — dedi u.

Dasturchi tushuntirish xati yozib beradi va so‘ngra o‘z saytidagi ma’lumotlarning aktuallik sanasini ko‘rsatishni boshlaydi.

Noyabrda uni Andijon viloyati Asaka tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqirib, 202−2-modda (yolg‘on ma’lumot tarqatish — BHMning 50 baravarigacha yoki 13,5 mln so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilinadi. Ish sudda ko‘rib chiqiladi, ammo haligacha uning o‘tkazilgan sanasi noma’lum. Shu bilan birga, 202−2-moddada “shaxs qadr-qimmatini kamsitishga yoki shaxs obro‘sini kamsitishga olib keladigan yolg‘on ma’lumotlarni, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet umumjahon axborot tarmog‘ida tarqatish” nazarda tutilgan, davlat tashkiloti esa bu toifaga kirmaydi.

“Mendan bu xizmatni nima uchun yaratganimni so‘rashdi. Men o‘zim dasturchiman, kelajakda ish so‘rab murojaat qilganimda bu loyihalar meniki ekanligini ko‘rsata olaman. Ikkinchidan, men qulaylik yaratmoqchi edim. Men bundan hech qanday foyda ko‘rmayapman, yani bu yerda reklama qilmaganman. Senga aloqaga chiqib, xizmatni telefon yoki saytga ulash uchun APIga kirish uchun ruxsat so‘rashadi. Men shartnoma asosida bu ma’lumotlarni olmaganim uchun Davlat statistika qo‘mitasiga murojaat qilishlarini aytaman. Bunga javoban ular jarayonning murakkabligi va qimmatligi, litsenziyalar va boshqalardan shikoyat qilishadi”, — deydi u.

Keyinroq Statistika qo‘mitasi iltimosi bilan Boburmirzo Hamroqulov qo‘mitani ma’lumotlar manbasi sifatida ko‘rsatishni yopib qo‘ydi.

IIB va Statistika qo‘mitasi munosabati

Andijon viloyati IIB axborot xizmati boshlig‘i Sherzodbek Nuriddinov “Kun.uz” so‘roviga javoban Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan IIV Tezkor hamkorlik boshqarmasining 2021-yil 17-iyundagi xatiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.

Fuqaro tomonidan 2021-yilning yanvar oyida “orginfo.uz” nomli sayt yaratib, ushbu veb-sayt tomonidan manba sifatida Davlat statistika qo‘mitasini ko‘rsatgan holda, yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z veb-saytida eski, bugungi kun haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgani aniqlangan. Bundan tashqari, fuqaro B.Hamroqulov o‘zining “orginfo.uz” veb-sayti va qo‘mita o‘rtasida hech qanday shartnoma yoki kelishuvning mavjud emasligi, buning natijasida jamiyatda fuqarolar hamda xorijiy investorlar tomonidan rasmiy statistik ma’lumotlarga nisbatan turli xil tushunmovchilik hamda fikrlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan, deyiladi viloyat IIBB bergan rasmiy izohda.

Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shahboz Jonodilov nashrga qo‘mita ma’lumotlari barcha uchun ochiqligini, hamma undan bemalol foydalanishi mumkinligini ta’kidladi. Lekin qo‘mita bilan “orginfo.uz” saytiga ma’lumotlarni olib joylash bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

“Davlat statistika qo‘mitasidagi ma’lumotlarni ‘orginfo.uz’ saytiga olib joylash bo‘yicha hech qanday shartnoma ham, kelishuv ham bo‘lmagan. Bilmadim, bu dasturchi ma’lumotlarni qayerdan olgan. Bizniki bo‘lmagan ma’lumot uchun bizni manba sifatida ko‘rsatgan. Natijada ma’lumot qidirganda ikki xil narsa chiqsa, investorlar va boshqalarda ishonchsizlik paydo bo‘lishni boshlagan va bizga so‘rovlar kelgan”, — dedi u.

“Biz har bir so‘rovchiga alohida javob berib o‘tirmaymiz-ku. Shuning uchun ‘O‘zkomnazorat’ga qo‘mita nomidan ma’lumot tarqatayotgan shaxsni aniqlab, chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish yuzasidan xat chiqardik”, — dedi Shahboz Jonodilov.

U Statistika qo‘mitasi bu saytning ishlashiga qarshi emasligi, lekin qo‘mita bilan kelishmasdan uni manba sifatida ko‘rsatilishi va yolg‘on ma’lumot tarqatilishiga qarshiligini bildirdi.

“Davlat statistika qo‘mitasi ‘orginfo.uz’ veb-sayti yopilishi tarafdori emas”

18-dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi ushbu mavzu yuzasidan Telegram-kanalida rasmiy munosabat bildirdi.

“Davlat statistika qo‘mitasi ‘orginfo.uz’ veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi tarafdori emas.

Davlat statistika qo‘mitasining yagona Davlat registri ma’lumotlar bazasida korxona va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida har kuni yangilanib boriladi.

Qo‘mita mazkur holatda ‘orginfo.uz’ veb-saytiga Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlariga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlarda qo‘mita nomining manba sifatida keltirilishiga e’tiroz bildirgan xolos.

Sir emaski, bir manbaga ega bo‘lgan ikki xil ma’lumot foydalanuvchilarni chalg‘itishi, statistik ma’lumotlarning ishonchsizligiga olib keladi.

Qo‘mita mutaxassislari bundan 7–8 oy oldin “orginfo.uz” veb-saytiga aynan noto‘g‘ri ma’lumotlarga Davlat statistika qo‘mitasi nomini manba sifatida ko‘rsatmasligi bo‘yicha elektron pochta orqali murojaatlar qilgan. Bu murojaatlarga javob berilmagan. Saytda aloqa uchun telefon raqami ko‘rsatilmagan. Qo‘mitaning murojaatlariga qaramay, noto‘g‘ri ma’lumotlarga qo‘mita nomini manba sifatida keltirish holatlari davom etgan.

Shuni inobatga olgan holda, qo‘mita Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga murojaat qilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosatini ta’minlashga, Ochiq ma’lumotlar portalini rivojlantirib, ochiq ma’lumotlar sohasida ko‘plab xalqaro reyting va indekslarda yuqori o‘rinlarni qayd etib kelmoqda. Qo‘mitaning rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlardan xalqaro tashkilotlar ham foydalanayotgani sir emas.

Kechagi holatdan keyin ‘orginfo.uz’ veb-saytida ma’lumotlarning ostida: Saytda berilgan barcha ma’lumotlar norasmiy. Rasmiy ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlari saytlaridan olishingiz mumkin, deb yozib qo‘yila boshladi. Davlat statistika qo‘mitasi nomi ‘orginfo.uz’ veb-sayti ma’lumotlaridan manba sifatida olib tashlandi. Bu uchun ‘orginfo.uz’ veb-saytiga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Davlat statistika qo‘mitasining yagona talabi ham shu edi. Takror bo‘lsa-da, qo‘mitani ‘orginfo.uz’ veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi tarafdori emas.

O‘z navbatida, Davlat statistika qo‘mitasi ‘orginfo.uz’ veb-saytining kelgusi faoliyatiga omad tilaydi”, – deyiladi qo‘mita munosabatida.

Yuqoridagi post izohida foydalanuvchilardan birining “Shunda, Boburmirzo Hamroqulovga ochilgan ish bekor qilinadimi?”, degan savoliga rasmiy kanal mas’ullaridan deb taxmin qilingan shaxs “Do‘stona kelib xatosini tan olsa, kechirilishi tarafdorimiz”, deya javob qaytargan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi
Mahalliy
O‘zbekistonda noyabr oyida qancha chaqaloq tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
“Mehnati ko‘p bo‘lsa-da, maoshi kam, olgan puli halol bo‘lsin”. Jamoatchilik elektr montyorlarni olqishlamoqda