24-noyabr kuni premyerasi bo‘lib o‘tgan Rejissor Ridli Skottning “Guchchi uyi” filmi Aldo Guchchi vorislarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Foto: “Trendfool.com”

“Film ijodkorlari 30 yil davomida kompaniyani boshqargan Aldo Guchchi va uning oila a’zolarini kallakesar, johil, tashqi olamga befarq qilib tasvirlashdan oldin merosxo‘rlar bilan maslahatlashishga urinib ham ko‘rmagan. Bu insoniy nuqtayi nazardan juda ham achinarli va bugungi kunda brendga asos bo‘lgan merosga nisbatan haqoratdir”, — deyiladi Guchchi oilasining bayonotida.

Film Guchchi modalar uyi rahbari Mauritsio Guchchi va uning rafiqasi Patrisiya Rejani o‘rtasidagi munosabatlarga va ayol uyushtirgan qotillikka bag‘ishlangan. Film Sara Gey Fordenning “Guchchi uyi: qotillik, telbalik, jozibadorlik, ochko‘zlikning shov-shuvli hikoyasi” kitobi asosida suratga olingan. Asosiy rollarni Ledi Gaga, Adam Drayver, Jared Leto, Al Pachino gavdalantirgan.

Guchchining merosxo‘rlari, shuningdek, o‘z bayonotida oilaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidlagan. “Guchchi oilasi o‘z ajdodlarining faoliyatiga ehtirom bilan qaraydi. Ularning xotirasi bosh qahramonlari aslidan farqli tasvirlanadigan, to‘g‘ri bo‘lmagan spektakl qo‘yishga loyiq emas”, — deyilgan xabarda.

Avvalroq Ledi Gaga “Guchchi uyi” filmidagi Patrisiya Rejani rolini o‘ynash uchun 9 oy italyancha talaffuz bilan gapirgani haqida xabar berilgandi.