“Tolibon” Afg‘oniston sobiq hukumatining harbiylari va amaldorlariga nisbatan zo‘ravonlik qilgan barchani, jumladan, jangarilarini ham qattiq jazolashini e’lon qildi.

Foto: Anadolu Agency

“Mujohidlar amnistiya to‘g‘risidagi farmonni bajarishga to‘la sodiqdir, sobiq ma’muriyat amaldorlari (“Tolibon”ga nisbatan) avvalgi qarshiliklari tufayli ta’qib qilinmaydi”, — deya ma’lum qilgan “Tolibon” tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdulqahhor Balxiy.

“Agar Islom Amirligining biror-bir a’zosi amnistiya to‘g‘risidagi farmonga bo‘ysunmasa, u qonun bo‘yicha jazolanadi”, — deb yozgan Balxiy Twitter’da.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “har bir voqea chuqur o‘rganiladi, asossiz mish-mishlarni haqiqat sifatida qabul qilmaslik kerak”.

Avgust oyida Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgan “Tolibon” rahbariyati sobiq hukumat amaldorlariga umumiy amnistiya e’lon qilgandi. Toliblar davlat xizmatchilariga rasmiy murojaat qilib ulardan o‘z ish joylariga qaytishni, huquqlari cheklab qo‘yilishidan xavotirlanmaslikni so‘ragan edi. Tashkilotning rasmiy vakili “Tolibon” a’zolari Kobul ko‘chalarida xavfsizlikni ta’minlashi va sobiq amaldorlarga hujum qilmoqchi bo‘lganlarni hibsga olishini ma’lum qilgan.

30-noyabr kuni Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti “Tolibon”ning 2,5 oylik hukmronligi davrida — 15-avgustdan 31-oktabrgacha G‘azni, Hilmond, Qandahor va Qunduz viloyatlarida sobiq hukumatning yuzdan ortiq harbiy va xizmatchilari o‘ldirilgani haqida ma’lumot e’lon qilgan. 

“Interfaks”ning Baxtar axborot agentligiga tayanib xabar berishicha, “Tolibon” noqonuniy daraxt kesish va kontrabandaga qarshi kurashish uchun qurolli “kitayi sabz” (“yashil bo‘linma”) maxsus bo‘linmasini yaratishga qaror qilgan.

Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi qoshida tashkil etiladigan ushbu bo‘linma qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanadi.

Hokimiyatga kelganidan beri “Tolibon” hukumati noqonuniy daraxt kesish hamda ularni Pokiston va Eronga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tish masalasini bir necha bor ko‘targan.