Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya 3-dekabr kuni ishchi tashrif bilan Moskvada bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Behzod Musayev Rossiyadagi hamkasbi – Mixail Murashko bilan uchrashishi kutilmoqda.

Shuningdek, Dmitriy Rogachev nomidagi bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiy tadqiqot markaziga tashrif buyurish va ular bilan hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan.

Rossiya sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan hamda Nikolay Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Chilonzorda Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitining filialini ochish masalasi muhokama qilingan edi.