AQShning Michigan shtati Oksford shahridagi maktabda yuz bergan otishmada uch kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Foto: AP Photo

O‘t ochishda gumonlanuvchi — 15 yoshli maktab o‘quvchisi. 911 raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqdan so‘ng maktabga yetib kelgan politsiya o‘spirinni bir necha daqiqa ichida qo‘lga olgan. Hujumning sabablari va hujumchining ismi ma’lum emas.

Hodisada 14—17 yoshli maktab o‘quvchilari halok bo‘lgan. Ulardan biri shifoxonaga olib ketilayotganda politsiya mashinasida jon bergan. Jabrlanganlar orasida — bir o‘qituvchi ham bor, u yelkasidan yengil jarohat olgan, ayni paytda kasalxonadan chiqarilgan. Qolgan yetti nafar yarador o‘quvchi shifoxonada qolmoqda, ba’zilarining ahvoli og‘ir, deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi yarim avtomatik to‘pponchadan o‘q otgan. Qurolni unga bir hafta oldin otasi sotib olib bergan. Qo‘lga olingach, o‘quvchining ota-onasi politsiya bo‘limiga borib, unga tergovchilarga hech qanday ko‘rsatma bermaslikni tavsiya qilgan.

Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, otishmadan bir kun oldin mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda maktabga hujum qilish haqida tahdidlar paydo bo‘lgan.

10-noyabr kuni Janubiy Dakota shtatidagi Skotlend shahrida noma’lum shaxs ko‘cha o‘rtasida otishma sodir etgandi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan.

18-oktabr kuni Rossiyaning Perm shahri yaqinidagi Sars qishlog‘ida 12 yoshli o‘spirin maktabga ov karabini (qisqa stvolli miltiq) bilan kelib, o‘t ochgandi. Hodisa darslar boshlanishidan oldin yuz bergan, uning natijasida hech kim jabrlanmagan. Hujumchi qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 20-sentabr kuni Perm davlat milliy tadqiqotlar universiteti talabasi Timur Bekmansurov oliygoh hududiga miltiq bilan kirib, yo‘lida uchragan odamga o‘q uza boshlagan. Hodisa tufayli talabalar derazalardan tashqariga sakragan. Ko‘pchilik o‘z sinfxonasida barrikadalar qurib o‘ralib olgan. Hujumchi kamida 30 marta o‘q uzgan, taxminlarga ko‘ra, o‘qlar Huglu 12 kalibrli silliq stvolli quroldan otilgan. Oqibatda olti kishi halok bo‘lib, 43 kishi jabrlangan.