18-oktabr kuni ertalab Rossiyaning Perm shahri yaqinidagi Sars qishlog‘ida 12 yoshli o‘spirin maktabga ov karabini (qisqa stvolli miltiq) bilan kelib, o‘t ochdi. Bu haqda “Interfaks” o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Oltinchi sinf o‘quvchisi shiftga va devorga qarata ikkita o‘q uzgan, shundan keyin uni qo‘lga olishgan. Hodisa darslar boshlanishidan oldin yuz bergan, uning natijasida hech kim jabrlanmagan.

Otishma chog‘ida maktabda 300 dan ortiq o‘quvchi va 30 nafar pedagog bo‘lgan. Ularning barchasi mustaqil ravishda binoni tark etgan.

Baza ma’lumotlariga ko‘ra, o‘spirindan qurolni maktab direktori olib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan — u bolani suhbatlashish uchun o‘z kabinetiga kirishga va qurolni berishga ko‘ndirgan.

“Interfaks” manbasi aytishicha, o‘quvchi o‘zini nomutanosib tutgan. “Havoga o‘q uzayotib, u poyma-poy jumlalarni baqirib aytardi, uni qo‘lga olish paytida esa ‘xudoning ko‘rsatmalariga’ rioya qilayotganini aytib qichqirdi”, — dedi u. Qo‘lga olingan o‘quvchi psixiatrik ekspertizaga yo‘naltiriladi.

O‘spirinning o‘zi maktabda unga azob berishganini ma’lum qildi. “Hibsga olingan o‘smir ushbu qilmishiga sinfdoshlarining yomon munosabatlari, hadeb xafa qilishlari, shuningdek, bulling sabab bo‘lganini aytdi”, — dedi manba.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘spirin qurolni otasidan olgan. U rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan va hisobda turadi.

“TASS” manbasiga ko‘ra, otishma sodir etgan maktab o‘quvchisi jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 20-sentabr kuni tongda Perm davlat milliy tadqiqotlar universiteti talabasi Timur Bekmansurov oliygoh hududiga miltiq bilan kirdi va yo‘lida uchragan odamga o‘q uza boshladi. Hodisa tufayli talabalar derazalardan tashqariga sakragan. Ko‘pchilik o‘z sinfxonasida barrikadalar qurib o‘ralib olgan. Hujumchi kamida 30 marta o‘q uzgan, taxminlarga ko‘ra, o‘qlar Huglu 12 kalibrli silliq stvolli quroldan otilgan. Oqibatda olti kishi halok bo‘lib, 43 kishi jabrlandi.