Perm davlat universitetiga uyushtirilgan hujum oqibatida jabrlanganlar soni 43 kishiga yetdi. Bu haqda Perm o‘lkasi sog‘liqni saqlash vaziri Anastasiya Krutenga asoslanib, Meduza xabar berdi.

Foto: “TASS”

Krutenning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchilarning 12 nafari uchta shahar kasalxonasida davolanmoqda. Ularning orasida hujumchi Timur Bekmansurovning o‘zi ham bor. “Jarohat olganlarning faqat bir nafari og‘ir ahvolda, bu otishma sodir etgan shaxs. Uning ahvoli og‘ir ”, — dedi sog‘liqni saqlash vazirligi. Kruten 21-sentabr kuni kechqurun hujumchining boldirining bir qismi kesib tashlanganini tasdiqladi. “Ahvoli beqaror va juda og‘ir”,- deya qo‘shimcha qildi rasmiy.

Avvalroq Shot Telegram kanaliga tayanib Meduza Bekmansurovning chap oyog‘i tizzasigacha kesib tashlangani haqida xabar bergandi.

Mash aniqlik kiritishicha, Bekmansurovning jarohatlaridan biri sonida joylashgani tufayli, uning oyog‘ini amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, u o‘pkasidan, jigaridan, ichagidan yaralangan, siydik yo‘liga zarar yetgan. “Izvestiya” manbasiga ko‘ra, tromblar hosil bo‘lgani tufayli oyoq kesib tashlangan.

18 yoshli Timur Bekmansurov 20-sentabr kuni ertalab Perm davlat milliy tadqiqot universitetida otishma sodir etgandi. Hodisada olti kishi halok bo‘lgan.

Bekmansurovning o‘zi ham qo‘lga olinish chog‘ida yaralangan. Voqea joyiga yetib kelgan YPX inspektori Konstantin Kalinin unga qurolni tashlashni buyurgan, ammo talaba o‘q uzgan, shundan keyin inspektor bunga javoban o‘t ochgan. Bekmansurovni qo‘lga olish bo‘yicha harakatlari uchun Kalinin davlat mukofotiga tavsiya etiladi.

Jarohati og‘ir yetti kishi Moskvaga davolanish uchun yuborilgan. Mahalliy 59.ru va ProPerm nashrlarining aniqlik kiritishicha, mintaqa Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlar qatorida nafaqat hujumchini, balki hodisada halok bo‘lgan olti kishini ham hisoblagan.

Bundan avval o‘lka Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tergov qo‘mitasi hodisa oqibatida 28 kishi jarohatlangani haqida xabar bergandi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashko 20-sentabr kuni  kasalxonada 20 kishi borligini, ulardan to'qqiz nafarining ahvoli og'ir deb baholanayotganini aytgan.