Namanganning Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi 25 yashar Javlonbek Abdullayev bolalik chog‘ida baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘idan ajralgan. Unga suyanch bo‘lgan ota-onasi ham erta olamdan o‘tgan. U bu sinov va musibatlarni yengib o‘tish uchun o‘zida kuch topa oldi va bugungi kunda Namanganning istiqbolli yosh yetakchilari safida. Bunga qanday erishganini uning o‘zidan bilib olamiz.

Javlonbek Abdullayev

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

“Javlon aniq o‘ldi” deyishgan

Hozirgi jiddiyligim va vazminligimga qarab ishonish qiyin, lekin juda sho‘x, yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan bola bo‘lganman. Boshimga tushgan ko‘rgilikka ham balki shu sababchi bo‘lgandir. Olti yoshimda uyimiz darvozasidan yugurib chiqib, “KamAZ” avtomobili ostiga kirib ketganman. Bunga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan va hamma “Javlon aniq o‘ldi” deyishgan. Haydovchi tormoz berishga ulgurgan, biroq kech bo‘lgandi: o‘ng oyog‘imning tizzadan pasti butkul uzilib ketgan. Ishonasizmi, shu uzilib tushgan oyog‘im qimirlayotganini ham ko‘rganman...

Foto: Javlonbek Abdullayev arxividan

Xudoyimga aytganim bor ekan, omon qoldim. Ikki marta operatsiyani boshimdan o‘tkazdim. Oldiniga oyog‘imning tizzadan pastini tikib qo‘yishdi, bu kor kelmagach, tizzadan yuqorisini ham kesib tashlashdi. Shifokorlar menga “O‘lmasvoy” deb nom qo‘yib olishgandi, chunki bahaybat yuk mashinasi ostidan yosh bola tugul, katta odam ham tirik chiqishi gumon edi.

Maktab davri boshlandi va tengqurlarim birin-ketin darslarga chiqib ketdi. Oldiniga uyda tahsil oldim. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Karima Ibragimova xonadonimizga kelib, erinmay saboq berdi, fanlarni o‘rgatdi. Ammo baribir uyda zerikar, o‘zimni yolg‘iz sezardim. Shuning uchun maktabga qatnashga ahd qildim va bu qarorimni ota-onam, ustozim qo‘llab-quvvatladi.

To‘g‘ri, maktabda oson bo‘lgani yo‘q: achinish hissi bilan qarashlar, bilib-bilmay aytib yuboriladigan turli gaplar, qo‘ltiqtayoqqa ko‘nikolmay yiqilishlar. Uyga yig‘lab kelgan kunlarim bo‘lgan. Shunda otam meni yupatib, “chempionlar g‘olib bo‘lmaguncha o‘yinni davom ettiradi, sen ulardan o‘rnak ol” deb tasalli berardi.

Javlonbek Abdullayev boshlang‘ich sinfdagi ustozi Karima Ibragimova bilan

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Maktabda 7-sinfgacha o‘qidim va keyin tahsilni tumandagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatida davom ettirdim. Ikki yil u yerda saboq olib, Namangan muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdim. Litsey meni shaxs sifatida ulg‘aytirdi, kelajagimni aniq belgilashga ko‘mak berdi. Bu yerni bitirib, o‘zim orzu qilgan oliy o‘quv yurti — O‘zbekiston milliy universitetiga hujjat topshirdim va iqtisodiyot yo‘nalishiga qabul qilindim. Otam Abduqayum Abdullayev 35 yil shu sohada ishlagan, u kishining izidan ketmoqchi edim.

Universitetda sport bilan jiddiy shug‘ullana boshladim, hatto suzish bo‘yicha mamlakat chempioni ham bo‘ldim. Hammasi yaxshi, ko‘ngildagidek ketayotgandi, biroq meni oldinda katta yo‘qotishlar kutib turgan ekan.

Javlonbekning erishgan yutuqlari jam bo‘lgan javon

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Yo‘qotishlar va judoliklar

Universitetning birinchi kursida o‘qib yurganimda otam og‘ir kasallikka chalindi. Ko‘nglimga o‘qish ham, sport ham sig‘may qoldi. Dadam bilan juda yaqin edik, u kishini o‘zimning ustozim va sirdoshim sifatida ko‘rardim. O‘qishni tashlab, uyga — Kosonsoyga qaytdim.

Dadamga bu yoqmadi, rosa koyidi. “O‘qishni tashlamasliging kerak, ilmning orqasidan hayotda o‘rningni topasan” deya o‘git berdi. “Xo‘p” dedim, lekin Toshkentga qaytib bormadim, otamga qaradim. Hozir shu qarorim to‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylayman, chunki u kishining yonida bo‘ldim, duolarini oldim. Dadam 2017-yili 60 yoshda vafot etdi.

Oyim otam o‘tganlaridan so‘ng u kishining nasihatlarini yodimga soldi, o‘qishni davom ettirishga undadi. 2017-yili Namangan davlat universitetiga kirdim. Yana iqtisodiyot yo‘nalishiga. Kontrakt asosida. O‘qishga mukkasidan ketdim, turli tadbirlarda faol qatnashdim, O‘sha paytlar yangi tashkil etilgan Yoshlar ittifoqining volontyorlaridan biriga aylandim.

Yaqinda otam olamdan o‘tgan emasmi, moddiy qiyinchiliklar qurshovida qolgandik. U paytlar nogironlarni qo‘llab-quvvatlash ham hozirgidek darajada emasdi. Ta’lim krediti oladigan bo‘ldik. Yelib-yugurdik, kerakli hujjatlarni to‘pladik. Kontrakt to‘lash uchun berilgan muhlatning oxirgi kuni bankka chaqirishdi. Oyim bilan bankda navbat kutib tursak, menga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. “Yoshlar ittifoqi shartnomangizni to‘lab berishga qaror qildi, pul universitet hisob raqamiga tushgan bo‘lsa kerak” deyishdi. Oyim ikkalamiz yig‘lab yubordik. Universitetga borsam chindan ham kerakli mablag‘ o‘tkazib berilgan ekan.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Bildirilgan ishonch menga qanot berdi: ketma-ket ikki yil NamDUda “Yil talabasi” bo‘ldim. Yana sport bilan shug‘ullana boshladim, faqat bu gal yengil atletika, aniqrog‘i, yadro uloqtirish bilan. Musobaqalarda ishtirok etdim, O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Agar turmush tashvishlari va o‘qish, jamoatchilik ishlari sabab sportni tashlab qo‘ymaganimda, balki Tokiodagi paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘larmidim...

2020-yili oyimni ham berib qo‘ydik. Bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan onam 54 yoshda kasallik tufayli bevaqt qazo qildi. Shu tariqa 24 yoshimda ham dadam, ham oyimdan ajralib qoldim.

Shukr, hozir oilada akam va ikki opam bor, bir-birimizni suyab kelyapmiz.

Javlonbek ikki opasi bilan birga

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Deputat janoblari

2019-yili o‘zim istiqomat qiladigan 22-Maxdumi A’zam saylov okrugidan xalq deputatlari Kosonsoy tuman kengashiga deputat etib saylandim. Kengashda jami 30 kishi, eng yoshi o‘zim.

Saylov okrugimda 8 mingdan ortiq aholi yashaydi. Hisoblab ko‘rsam, o‘tgan ikki yil davomida ulardan 500 ga yaqin murojaat kelib tushibdi. Ulardan 400 dan ortig‘i ijobiy yechim topdi.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Undan tashqari, Kosonsoydan saylangan Oliy Majlis deputati Anvar Temirovning yordamchisi bo‘lib ham ishlayman. Deputat va deputat yordamchisi sifatida xalqqa nafimiz tegishi uchun astoydil harakat qilyapmiz. Masalan, tumandagi G‘o‘zapoya masjidi ta’miri uchun 500 million so‘m ajratilishiga erishdik. Bu birinchi bosqichdagi mablag‘.

G‘o‘zapoya masjidi

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Masjid Farg‘ona vodiysidagi eng qadimiy me’moriy obidalardan hisoblanadi. Oxirgi paytlarda nurab, xarob holga kelib qolgan edi. Endi bu yerda ta’mirlash ishlari boshlanib, yon-atrofi ham obodonlashtirilmoqda.

Tumanda 130 o‘rinli yangi tug‘uruq kompleksi qurish hamda markaziy poliklinikani mukammal ta’mirlash masalasida takliflar berdik. Ular inobatga olinib, kelgusi yil davlat dasturiga kiritiladigan bo‘ldi.

“Kelajak liderlari” va nikoh to‘yi

2021-yil men uchun omadli keldi deb hisoblayman. Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan hududiy filiallar qoshida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilingandi. Tanlovga 500 ga yaqin hujjat kelib tushdi, saralash esa to‘rt bosqichda amalga oshirildi. Sinov natijalari 100 ballik mezonda baholanib, umumiy ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 50 nafar nomzod klub a’zoligiga qabul qilindi. Ular orasida bo‘lish menga ham nasib etdi.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Faol a’zolar Davlat boshqaruv akademiyasining “Kelajak liderlari” o‘quv kursiga yuborilishi, rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olinishi, davlat tadbirlarida ishtirok etishi, malaka oshirish uchun xorijga yuborilishi ko‘zda tutilgan. Jamoamizda ajoyib muhit yaratilgan, klub a’zolarining aksariyatini taniyman, tanimaganlarim bilan do‘stlashishga ham ulgurdim. Ular orasida bo‘lajak hokim va prokurorlar, tashkilot va kompaniyalar rahbarlari bo‘lsa ajab emas.

Yaqinda uylandim. Turmush o‘rtog‘im Nigorabonu Namangan yuridik kollejini tamomlagan, bo‘lajak huquqshunos. Kelajakdan umidimiz katta: baxtli oilalar safida bo‘lish, sog‘lom va solih farzandlarni dunyoga keltirishni dilga tugganmiz.

Foto: “Daryo” / Toirbek Komiljonov

Har bir insonning o‘ylagan rejalari, oldiga qo‘ygan maqsadlari bo‘ladi. O‘ziga shukur, imkoniyatim cheklangan bo‘lishiga qaramay, talaba bo‘ldim, hozir magistraturada o‘qiyapman, chempionlikka erishdim, deputat etib saylandim, o‘zim sevgan inson bilan turmush qurdim. Yuragimni faqat bir armon tirnaydi: shu baxtli kunlarimni ota-onam ko‘rishmadi, to‘yimda oq fotiha berib, duogo‘y bo‘lib turishmadi. Taskin beradigani shuki, ularning men bilan bog‘liq orzu-niyatlari asta-sekin amalga oshmoqda.

Muallif:Azizbek Abduvaliyev