Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Samanta Smit — “sovuq urush” davrida KPSS MK bosh kotibi Yuriy Andropov bilan xat yozishgani sabab butun dunyoga tanilgan qizaloq. Uning SSSRga tashrifi, “Artek” lageriga sayohati va fojiali o‘limi haqida “Daryo” hikoya qiladi.

Qrimdagi “Artek” lageriga tashrif buyurgan amerikalik o‘quvchi Samanta Smit

Qrimdagi “Artek” lageriga tashrif buyurgan amerikalik o‘quvchi Samanta Smit
Foto: “TASS”

1982-yilning noyabrida 10 yoshli Samanta Smit nima uchun AQSh va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar bu qadar keskinligiga oydinlik kiritish maqsadida Yuriy Andropovga maktub yo‘llagan. Andropovning javob xatidagi taklifga binoan Samanta 1983-yilning iyulida Moskva tashrif buyurgan. Unining Moskva, Leningrad va “Artek” pionerlar lageriga sayohatini jahon OAVlari yoritib borgan.

1985-yilning 25-avgustida otasi bilan “Laym ko‘chasi” serialining suratga olish jarayonidan qaytayotganida Samanta Smit aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan. Ushbu holat keng jamaotchilikda rezonansni yuzaga keltirgan va fitna nazariyasini “bolalatgan”, biroq rasmiy tergov halokat bo‘yicha ayb uchuvchida ekanini ko‘rsatgan.

Tarixiy voqea

Yuriy Andropov KPSS MK bosh kotibi lavozimida Leonid Brejnev o‘rnini egallagach, g‘arb matbuoti ushbu voqeani keng yoritishga kirishgan. Maqolalarning aksariyati yangi sovet rahbarini salbiy tomondan ko‘rsatgan, ular Andropovning tayinlanishini xalqaro munosabatlarda beqarorlik xavfini keltirib chiqaradi deb hisoblagan. Chunki Andropov 1956-yilgi voqealarda SSSRning Vengriyadagi elchisi bo‘lgan, 1967-yildan 1982-yilga qadar KGB raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Bu vaqt davomida u G‘arbda “Praga bahori”ni bostirgani bilan tanilgan.

1982-yilning 22-noyabrida Time jurnali o‘z muqovasiga Andropovning portretini chiqargan va unga bir necha maqolani bag‘ishlagan. Ularni onasi bilan o‘qigan Samanta Smit “Andropovdan shu qadar qo‘rqishsa, nima uchun unga xat yozib, u urush boshlash niyatidami yoki yo‘qligini so‘rab qo‘ya qolishmaydi?”, — deya savol bergan. Onasining “Nima uchun xatni o‘zing yoza qolmaysan?” degan javob Samantani maktub yo‘llashiga turtki bo‘lgan.

Time jurnalining 1982-yil 22-noyabrdagi soni

Time jurnalining 1982-yil 22-noyabrdagi soni
Foto: Time Magazine

Samanta Smit 1972-yilda Men shtatidagi Xoulton shahrida Artur va Jeyn Smitlar oilasida tug‘ilgan. 1980-yilda oila Manchester shahriga ko‘chib o‘tgan. Samantaning otasi Men shtati universitetida ingliz tili va adabiyotdan dars bergan, onasi esa ijtimoiy ishchi bo‘lgan.

Samanta oddiy qizaloq bo‘lgan: maktab jamoasida softbol o‘ynagan, hayvonlarni, chim ustidagi hokkey va fortepianoni yaxshi ko‘rgan, rolikli konkilarda uchgan, ko‘p kitob o‘qigan. 5 yoshida u qirolicha Yelizaveta II ga o‘zining birinchi maktubini yo‘llagan va javob olgan.

Samanta Smit 1982-yilning noyabrida Yuriy Andropovga o‘sha mashhur xatni yozgan.

Tinchlik xati

Hurmatli janob Andropov,

Mening ismim Samanta Smit. Men 10 yoshdaman. Sizni yangi lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Meni Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida yadroviy urush boshlanishi juda xavotirga soladi. Siz urush boshlashga ovoz berasizmi yoki yo‘q? Agarda urushga qarshi bo‘lsangiz, iltimos ayting-chi, urushning oldini olishga qanday yordam bermoqchisiz? Siz, albatta, savolimga javob berishga majbur emassiz, ammo men javob olishni istagan bo‘lardim. Nima uchun butun dunyoni yoki kamida bizning mamlakatni egallab olishni istayapsiz? Xudo dunyoni biz birgalikda yashashimiz va u haqida qayg‘urishimiz uchun yaratdi, uni egallash uchun emas. Iltimos, keling, u xohlagandek qilaylik va shunda hamma baxtli bo‘ladi.

Samanta Smit

Samanta maktubini imzolab, o‘z manzili va unga javob yuborishlarini so‘rab postskriptum qo‘ygan. Maktub SSSRga 1982-yilning noyabrida yuborilgan, 1983-yilning aprelida esa uning bir qismi “Pravda” gazetasida e’lon qilingan. Ta’kidlanishicha, ushbu maqolaning e’lon qilinish sanasi tasodifiy emas — 1983-yilning 23-mart kuni Ronald Reygan Strategik mudofaa tashabbusini e’lon qilgan. “Pravda”dagi maqolada Andropovga xat yozgan boshqa amerikaliklarning ham maktublaridan parchalar keltirilgan edi.

Foto: “RIA Novosti”

Samanta “Pravda”dagi maqoladan xursand bo‘lgan, ammo u vaqtda hali javob xatini olmagan edi. Shunda u SSSRning AQShdagi elchisiga xat yozib, yoshi 10 da bo‘lishiga qaramay, berayotgan savollari muhim ekanini ta’kidlagan va undan Andropov javob yozish yoki yozmasligini aniqlab berishni so‘ragan. 1983-yilning 26-aprelida u Andropovdan javob xatini olgan. Maktub rus tilida (inglizcha tarjimasi ham bo‘lgan) qoraytirilgan qog‘ozga ko‘k siyoh bilan yozilgan va ostiga 1983-yil 19-aprel sanasi tushirilgan edi.

Qadrli Samanta!

Shu kunlarda sening mamlakating va dunyoning boshqa davlatlaridagi ko‘plab insonlardan kelayotgan maktublar kabi sening ham xatingni oldim.

O‘ylaymanki — men maktubga asoslanib xulosa chiqaryapman — sen hamyurting Mark Tvenning mashhur kitobidagi Tom Soyerning qiz do‘sti Bekki kabi jasur va halolsan. Bu kitobni yurtimizda barcha yosh bolalar va qizlar juda yaxshi ko‘radi va biladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida yadroviy urush bo‘lmaydimi degan xavotirda ekaningni yozibsan. Va urush boshlanmasligi uchun nimadir qilyapmizmi deb so‘rabsan.

Sening savoling — tafakkur qiladigan inson bera olishi mumkin bo‘lgan eng muhim savol. Unga jiddiy va to‘g‘ri javob qaytaraman.

Ha, Samanta, biz Sovet Ittifoqida mamlakatlarimiz o‘rtasida, butun Yer yuzida urush bo‘lmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Har bir sovet kishisi shuni xohlaydi. Davlatimizning buyuk asoschisi Vladimir Lenin bizga shunday o‘rgatgan.

Sovet odamlari urush naqadar qo‘rqinchli va vayronkor ekanini yaxshi biladi. 42 yil oldin, butun dunyoni egallashga intilgan natsistlar Germaniyasi yurtimizga hujum uyushtirgan, minglab shahar va qishloqlarimning kulini ko‘kka sovurgan, millionlab sovet erkaklari, ayol va bolalarini o‘ldirgan.

G‘alabamiz bilan yakunlangan urushda biz Qo‘shma Shtatlar bilan ittifoqdosh edik, birgalikda qo‘lga olingan ko‘plab xalqlarni natsistlardan ozod etdik. Umid qilamanki, sen bundan maktabdagi tarix darslari orqali yaxshi xabardorsan. Va bugungi kunda biz Yer sharidagi barcha — xoh yaqin, xoh uzoq bo‘lsin u bilan tinch-totuv yashashni, savdo va hamkorlik qilishni xohlaymiz. Va, albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi buyuk mamlakat bilan ham.

Amerikada ham, bizda ham yadroviy qurol bor — bir onda millionlab insonlarni o‘ldirib yuborishi mumkin bo‘lgan qo‘rqinchli qurol. Ammo biz u qachonlardir ishlatilishini istamaymiz. Aynan shu sababli Sovet Ittifoqi butun dunyoga hech qachon yadroviy qurolni biror davlatga birinchi bo‘lib ishlatmasligini tantanali e’lon qildi. Umuman olganda biz uni kelajakda ishlab chiqarishni to‘xtatishni va Yerdagi barcha zaxiralarini yo‘q qilishga kirishishni taklif qilamiz.

Menimcha, bu — sening ikkinchi “Nima uchun butun dunyoni yoki kamida Qo‘shma Shtatlarni egallab olmoqchisiz?”, degan savolingga yetarlicha javob. Biz bunday narsani xohlamaymiz. Mamlakatimizda hech kim — na ishchi, na dehqon, yozuvchi yoki shifokor, katta yoki kichik, na bir hukumat a’zosi kichik yoki katta urushni xohlamaydi.

Biz tinchlik istaymiz — shug‘ullanadigan ishlarimiz bor: bug‘doy yetishtirish, qurish, ixtiro qilish, kitoblar yozish va kosmosga uchish. Biz o‘zimiz va sayyoraning barcha xalqlari uchun tinchlik xohlaymiz. O‘z farzandlarimiz va sen uchun ham Samanta.

Seni, agarda ota-onang ruxsat bersa biznikiga kelishga taklif etaman, yaxshisi — yozda. Mamlakatimiz bilan tanishasan, tengdoshlaring bilan ko‘rishasan, ko‘p xalqlar uchun mo‘ljallangan dengiz bo‘yidagi “Artek” oromgohida bo‘lasan. Va o‘zing Sovet Ittifoqida barcha — tinchlik va xalqlar do‘stligi tarafdori ekaniga ishonch hosil qilasan.

Tabriging uchun rahmat. Endi boshlanayotgan hayot yo‘lingda eng yaxshi tilaklarim hamroh bo‘lsin.

Yuriy Andropov

O‘z nomiga kelgan maktublar ichida qolgan Samanta Smit

O‘z nomiga kelgan maktublar ichida qolgan Samanta Smit
Foto: “TASS”

Javob xati yo‘llanishidan oldin Sovet Ittifoqidan Artur Smitga qo‘ng‘iroq qilishib, javobni matbuotda e’lon qilishga ruxsat so‘ralgan va bu amalga oshirilgan. Samantaning xati va Andropovning unga javobi jahon hamjamiyatining diqqat markazidan o‘rin olgan: bu vaqtda Samantaga yuzlab maktublar kela boshlagan. Qizaloqning SSSR bosh kotibi bilan yozishmalari ham Amerika, ham sovet televideniyesida aylantirilgan. Samantani teleko‘rsatuvlarda ishtirok etishga chaqirishgan, unga Fransiya, Angliya, Avstraliya, Bolgariya, Germaniya va Yaponiyadan muxbirlar qo‘ng‘iroq qilgan. Unga Men shtati Qonunchilik birlashmasi minnatdorchilik e’lon qilgan: Vakillar palatasi va Senat unga qo‘shma rezolyutsiyani bag‘ishlagan.

1983-yilning mayida Samanta va uning ota-onasi SSSRga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan, barcha xarajatlar Sovet Ittifoqi tomonidan qoplangan. Ularga Moskvada o‘zini qanday tutish kerakligi bo‘yicha Davlat departamenti vakili ma’lumot bergan, ammo Oq uy tashrifni ma’qullamagan ham, qoralamagan ham.

SSSRga tashrif

Samanta hamda uning ota-onasi 1983-yilning 7-iyulida SSSR tomon yo‘lga otlangan. Aeroportda ularni ikki nafar gid va ko‘plab jurnalistlar kutib olgan. Smitlar oilasi Sovet Ittifoqida bo‘lgan ikki haftalik tashrifi davomida Samanta Moskva, Leningrad va Qrimdagi “Artek” lagerida bo‘lgan. Samanta Moskvaga ikki marotaba — safarining boshi va oxirida tashrif buyurgan. Bu vaqt davomida Smitlar oilasi “Sovetskaya” mehmonxonasida yashagan, SSSR Oliy Kengashi yig‘ilishida qatnashgan, Lenin mavzoleyiga va u yashagan kvartiraga tashrif buyurgan. Samanta sovet odamlari uchun Vladimir Lenin amerikaliklar uchun xuddi Jorj Vashingtondekligi haqida gapirgan.

Moskvadagi “Sovetskaya” mehmonxonasiga tashrif buyurgan Samanta va uning ota-onasi

Moskvadagi “Sovetskaya” mehmonxonasiga tashrif buyurgan Samanta va uning ota-onasi
Foto: “TASS”

“Artek” rahbariyati Samantaning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rgan: oshxonani qurib bitirgan, eng yaxshi xonani uning ixtiyoriga topshirgan (ayrim manbalarga ko‘ra, oromgohni ikki oy davomida ta’mirlash uchun qariyb 17 million dollar sarflangan). Qiz orkestr, gul va “Doimo quyosh porlasin” qo‘shig‘i ostida kutib olingan. Unga qayerda yashashni tanlash imkoni berilgan: ota-onasi bilan mehmonxonada yoki boshqa qizlar bilan lagerda. Samanta “qizlar bilan!” deya javob qaytargan.

Pionerlar bo‘yinbog‘ini taqayotgan Samanta

Pionerlar bo‘yinbog‘ini taqayotgan Samanta
Foto: “TASS”

Samantaning SSSRga tashrifini tashkillashtirishga mas’ul bo‘lgan xodimlardan biri Natalya Javaronkinaning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda lagerga olib kelinadigan har bir bola yaxshilab tekshirilgan. Ularning bilim darajasi, oila sharoiti to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planib, eng saralar tanlab olingan.

“Artek” lagerida tengdoshlariga dastxat ulashayotgan Samanta

“Artek” lagerida tengdoshlariga dastxat ulashayotgan Samanta
Foto: “TASS”

Lagerda Samanta boshqa sovet bolalari kabi kundalik tartibga rioya qilgan: badantarbiya mashqlarini qilgan, plyajda aylangan, barcha bilan Alupkaga ekskursiyaga borgan. Samanta leningradlik Natasha Kashirina va boshqa bolalar bilan do‘stlashib qolgan. Uning otryadidagi qizlarning aksariyati ingliz tilida so‘zlasha olgan. Samantaning “Artek”ka tashrifi vaqtida lagerning 60 yilligi bo‘yicha hujjatli film suratga olinayotgan bo‘lgan. Unda Samanta “Doimo quyosh porlasin” qo‘shig‘ini ingliz tilida kuylayotgani tasvirlangan kadrlar hozirga qadar saqlanib qolgan. Ketar vaqti Samanta “boshqa mamlakatdan bo‘lgan do‘stlarimni sog‘inaman. Biz keyinchalik ham do‘st bo‘lib qolamiz. Do‘stlarimiz ham o‘zaro do‘stlashsin. Qachondir yana bu yerga qaytishga umid qilaman. Men seni yaxshi ko‘raman ‘Artek’, deya xayrlashgan.

“Artek” ittifoq pionerlar lageri, Qrim, 1983-yil

“Artek” ittifoq pionerlar lageri, Qrim, 1983-yil
Foto: Sputnik

“Artek”dan qaytgan Samanta Moskvada birinchi ayol kosmonavt Valentina Tereshkova bilan uchrashgan. Bundan tashqari, u AQShning SSSRdagi elchisi Artur Xartmannikida mehmon bo‘lgan, “Katta teatr”, Moskva sirki, o‘yinchoqlar muzeyiga tashrif buyurgan. Andropov esa bandligi sabab Samanta bilan uchrashishga vaqt topa olmagan, biroq unga tashrif qog‘ozini va esdalik uchun ko‘plab o‘yinchoqlarni berib yuborgan. Ayniqsa, Samantaga uning sayohatiga bag‘ishlangan fotoalbom yoqib tushgan. Bunga javoban u Andropovga Mark Tvenning nutqlari yozilgan kitobni sovg‘a qilgan.

Birinchi ayol kosmonavt Valentina Tereshkova va Smitlar oilasi

Birinchi ayol kosmonavt Valentina Tereshkova va Smitlar oilasi
Foto: “TASS”

AQShga qaytish

22-iyul kuni Samanta Manchesterga — uyiga qaytgan, uni limuzinda, atirgullar dastasi va qizil yo‘lakchada kutib olishgan. Javob tashrifi sifatida 1986-yilda sovet o‘quvchisi Katya Lichyova AQShga kelgan. Ammo u vaqtda Samanta yorug‘ olamda yo‘q edi.

SSSRdan qaytgach Samantani televideniyega, seriallarga tez-tez taklif qila boshlashgan. Bu vaqt oralig‘ida Samantaga Robert Bardo ismli yengiltabiat yigit qiziqish bildirgan. U qizga xat yozgan va aftidan javob olgan shekilli, uni qidirib yo‘lga tushgan. Politsiya uni Men shtatida payqab qolgan va qo‘lga olib, Arizonadagi uyiga qaytarib yuborgan. Bir necha yildan keyin aynan Bardo aktrisa Rebekka Shefferni ta’qib etib, uni o‘ldirgan.

Samanta o‘zining missiyasi — bolalar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni targ‘ib qilish deya hisoblagan, unga dunyoning turli nuqtalaridan, ayniqsa, Sovet Ittifoqidan bolalar maktub yo‘llab turgan.

Samantaning o‘limi

Samanta Smit 1985-yilning 25-avgustida aviahalokatga uchradi. O‘sha kuni Samanta otasi bilan Robert Vagnerning “Laym ko‘chasi” serialining suratga olish ishlaridan, Buyuk Britaniyadan qaytayotgan bo‘lgan. Jeyn Smit eri va qizini Ogasta shahri aeroportida kutayotgan edi. Biroq Samanta va uning otasi o‘tirgan samolyot Ogasta janubi-g‘arbidagi Obern-Lyuiston munitsipal aeroportiga yo‘l olgan. Aviakompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu aeroportda to‘xtab o‘tishni ikki yo‘lovchi so‘ragan. Parvoz noqulay ob-havo sharoitida amalga oshirilgan va ko‘rishning yomonligi sabab ikki motorli Beechcraft Model 99’ning uchuvchisi qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagida xatolikka yo‘l qo‘ygan.

Samolyot qulab tushgan — 6 nafar yo‘lovchi va ikki uchuvchidan hech kim omon qolmagan. Aviahalokat SSSRda Samantaning o‘limi tasodifan bo‘lmagani to‘g‘risida versiyalarni yuzaga keltirgan, biroq Transportda xavfsizlik bo‘yicha AQSh Milliy kengashining tergovida halokat uchuvchining aybi sabab yuzaga kelgani ko‘rsatilgan. U samolyotni qo‘nish glissadasidan pastroqqa tushirgan va ikkinchi aylanishga kirmagan. Shu bilan birga, vaziyatni yerdagi radar ishidagi uzilishlar chigallashtirib yuborgan.

Samanta Smit va uning otasini dafn marosimiga mingga yaqin odam, jumladan, Robert Vagner va sovet elchixonasi vakili Vladimir Kulagin kelib, Mixail Gorbachyovning ta’ziyanomasini o‘qib bergan.

Jamoatchilik tashkilotlari

1985-yilning oktabrida Jeyn Smit AQSh va SSSR o‘rtasida maktab o‘quvchilarini almashish va ushbu mamlakatlar orasida o‘zaro anglashuvning rivojlanishiga xizmat qilgan Samanta Smit fondiga asos solgan. 1986-yilning yozida Men shtatida bolalar uchun tinchlik lageri tashkillashtirilgan, 20 nafar sovet o‘quvchilari uch hafta davomida 150 nafar amerikalik tengdoshlari bilan vaqt o‘tkazishi mumkin bo‘lgan. Shuningdek, amerikalik o‘quvchilar SSSRdagi bolalar lagerlariga, xususan, “Artek”ka tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lgan. 1986-yilning yozida u yerga Samantaning 20 nafar sinfdoshi kelgan. 1995-yilda fond safarlarni tashkillashtirishni to‘xtatgan, 2014-yilda esa butunlay yopilgan.

Moskva daryosi bo‘ylab teploxodda sayr qilgan amerikalik o‘quvchi Samanta Smit, 1983-yil

Moskva daryosi bo‘ylab teploxodda sayr qilgan amerikalik o‘quvchi Samanta Smit, 1983-yil
Foto: “TASS”

1989-yili Moskvada Samanta Smit nomidagi Bolalar diplomatiyasi markaziga asos solingan. Sovet davrida markaz xalq diplomatiyasi bilan shug‘ullangan, SSSR tarqalgach esa bolalarning xorijda o‘qishini tashkillashtirish va ularni xorij bilim yurtlariga kirishiga tayyorlash bilan shug‘ullangan. 1991-yilning 19-avgustida markaz shafeligida 6—16 yoshli bolalar uchun “Samanta” maktabi ta’sis etilgan va o‘sha yilning 1-oktabridan o‘z eshiklarini ochgan. Maktabning missiyasi ta’lim va diplomatik xarakterga ega edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rim papasi Putin va Zelenskiyga murojaat yo‘lladi
Sport
APL. “Manchester Siti” 9 ta gol urilgan derbida “Manchester Yunayted”ni tor-mor etdi. Holand va Fodendan het-trik
Sport
Superliga. “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor”ni mag‘lub etib, yakka peshqadamga aylandi