Rossiyaning “Zarubejneft” davlat neftgaz kompaniyasi O‘zbekistondagi Jizzakh Petroleum kompaniyasining ulushini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi “Kommersant”. 2020-yildan buyon mamlakatdagi neft konlarining katta qismi ushbu kompaniyaga o‘tkazilgan edi. Ekspertlar O‘zbekistondagi neft zaxiralarini 600 million barrelga baholagan.
Nashrning uchta manbasi “Zarubejneft” O‘zbekistondagi Jizzakh Petroleum neft kompaniyasini sotib olishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan. Bitim shartlari hozircha kelishilmagan. Bu hozirda mamlakatdagi eng yirik neft kompaniyasi hisoblanadi — uning tarkibida 105 ta kon bo‘lib, qazib olinayotgan neftning 70 foizi (500 ming tonnaga yaqin) ular hisobiga to‘g‘ri keladi. Manbalarning birining so‘zlariga ko‘ra, Jizzakh Petroleum kompaniyasini Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga ham “ko‘rsatishgan”, biroq hamkorlik “o‘xshamagan”.
Kipr reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Jizzakh Petroleum Eriell neft servis kompaniyasining asosiy aksiyadori va boshqaruv raisi Baxtiyor Fozilovga tegishli Belvor Holding Limited tomonidan boshqariladi.
Ta’kidlanishicha, 2020-yil yakuni bo‘yicha Eriell’ning 25 foizi kompaniyaning yagona kreditori bo‘lgan “Gazprombank”ka tegishli bo‘lgan. “Zarubejneft” kompaniyasi bitim bo‘yicha izoh bermagan, biroq “kelgusida O‘zbekistonda rivojlanishga” qiziqish borligini ma’lum qilgan.
Jizzakh Petroleum haqida
Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017-yilning iyun oyida “O‘zbekneftgaz” va Gas Project Development Central Asia (Gazprom International sho‘ba korxonasi) tomonidan tashkil etilgan, deb yozadi “Gazeta.uz”. Loyihaga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasning ulushi 60 foizdan 30 foizgacha kamayib borishi va xorijiy ta’sischilarning ulushi esa 40 foizdan 70 foizgacha oshib borishi kerak edi.
2020-yil iyun oyiga ko‘ra ta’sischilar tarkibi quyidagicha ko‘rinish olgan edi: Kiprdagi Belvor Holding Limited (68 foiz), «O‘zbekneftgaz» (30 foiz) va Gas Project Development Central Asia (2 foiz). 2021-yil fevral oyi boshida “O‘zbekneftgaz” va Belvor Holding Limited 49 foizdan ulushga egalik qilar edi.
2021-yil may oyining oxirida “O‘zbekneftgaz” ta’sischilar tarkibidan chiqdi va endilikda Belvor Holding Limited 98 foiz ulushlarga egalik qiladi. Bundan tashqari, kompaniyaning yuridik nomi va maqomi o‘zgargan. Endilikda bu Sanoat Energetika guruhi xorijiy kompaniyasi.
OAVlar Belvor Holding Limited kompaniyasining Eriell Group neft servis kompaniyasi va Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik EPC-pudratchilaridan biri, aksiyadorlari orasida “Gazprombank” bor) boshqaruv raisi, tadbirkor Baxtiyor Fozilov bilan bog‘liqligi borligini aytishadi.
2020-yil iyunida Jizzakh Petroleum Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ishonchli boshqaruvga olgan edi.
Jizzakh Petroleum saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ulushiga O‘zbekistonda qazib olinadigan neftning 80 foiz va 105 ta konda aniqlangan neft zaxiralarining taxminan 22 foizi to‘g‘ri keladi. 2020 yilda 498,7 ming tonna neft va 497,4 million kubometr tabiiy gaz qazib olingan.
Ma’lumot uchun, 2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda “Lukoyl” kompaniyasi 413,1 milliard kub metr (22,1 foiz), Uz-Kor Gas Chemical 109,6 milliard kub metr (5,9 foiz), Surhan Gas Chemical 106,6 milliard kub metr (5,8 foiz), Jizzakh Petroleum 84,9 milliard kub metr (4,5 foiz) gaz zaxiralariga ega konlarda faoliyat yuritmoqda.