1799-yil 9–10 noyabr kunlari (inqilobiy kalendarga ko‘ra 18-bryumera) qon to‘kishlarsiz bo‘lib o‘tgan davlat to‘ntarishi natijasida Fransiyada hokimiyat besh kishilik Direktoriya qo‘lidan general Napoleon Bonapart boshliq yangi hukumatga o‘tadi. Bu voqea buyuk fransuz inqilobining rasman yakun topish sanasi ham hisoblanadi. Chunki endilikda Fransiyada hokimiyat yana yagona shaxs nazorati ostiga o‘tgandi. “Daryo” buyuk fransuz imperatorini oliy hokimiyatga olib kelgan ushbu to‘ntarish haqida so‘z yuritadi.

Vaziyat

XVIII asr oxirlarida Fransiyada 1792-yilda qabul qilingan inqilobiy ikkinchi Konstitutsiyasiga ko‘ra oliy hokimiyat organi — besh kishidan iborat Direktoriya hisoblanardi. Direktoriya respublikaning ijro hokimiyati bo‘lib, ikki palatali (Oqsoqollar va Beshyuzlar kengashi) parlament tomonidan qur’a tashlash yo‘li bilan saylangan. 1799-yilga kelib mamlakatda Direktoriya obro‘si tushib ketadi. Butun Fransiya bo‘ylab ishsizlik, ocharchilik va tartibsizliklar kuzatilayotgandi.

Mo‘tadil respublikachilarning eng ko‘zga ko‘ringan arbobi, Direktoriya a’zosi Emmanuel Syeyes uzoq vaqtdan beri 1792-yilgi Konstitutsiya qoidalari eskirganidan xavotirda edi. U ichki tartibni barqarorlashtiruvchi o‘zining davlat rejasini ishlab chiqadi. Syeyes yangi Konstitutsiya qabul qilish uchun atrofiga antidemokrat, ammo hokimiyatga qirol xonadonining qaytishini yoqlamaydigan mo‘tadil rahbarlarni birlashtira boshlaydi. Syeyesning maqsadi respublikada demokratik erkinliklarni nisbatan cheklash va qattiq nazorat o‘rnatish edi.

Sen-Kludagi parlament yig‘ilishi

Foto: WahooArt

Syeyesning rejalaridan xabar topgan Napoleon Bonapart u bilan ittifoq tuzadi. Ular birgalikda yangi Konstitutsiya qabul qilish uchun davlat to‘ntarishi o‘tkazishga qaror qiladi. Ko‘plab generallar to‘ntarishga aralashishni xohlamaydi, ammo askarlar inqilobiy respublika xaloskoriga aylangan Napoleon tarafda edi. Syeyes yangi Konstitutsiya muhokamasi bo‘lib o‘tuvchi Oqsoqollar kengashiga uning tarafdori bo‘lmagan deputatlar kelmasligi uchun fitna uyushtiradi va yakobinchilarning to‘ntarish tayyorlayotgani haqida yolg‘on mish-mish tarqatadi. Bundan maqsad parlamentning yalpi yig‘ilishini Parijdan tashqarida, Napoleon qo‘shinlari joylashgan yerga yaqin joyda o‘tkazish edi.

Parlament yig‘ilishi

Asosan Syeyes tarafdorlari kelgan Oqsoqollar kengashi yakobinchilar fitnasi xavfi ostida ikkala palata qo‘shma majlisini Parijdan tashqaridagi Sen-Kluda joylashgan eski qirol saroyida o‘tkazishga qaror qiladi. Parlament qo‘riqlash vazifasi Napoleon Bonapartga topshiriladi va poytaxtdagi barcha qurolli kuchlar unga bo‘ysundiriladi.

Napoleonning o‘zi ham anchadan beri hokimiyatni egallashni ko‘zlab yurardi, u bu yo‘lda Direktoriya yo‘q qilishni maqsad qiladi. Direktoriya a’zolariga Syeyesdan tashqari korrupsiya va qonunsizlik timsoliga aylangan Pol Barras, uning maslakdoshi Roje Dyuko, general Jan-Fransua Mulen va advokat Lui Goye kirgan. To‘ntarishdan biroz oldin Napoleonning katta akasi Lyusen Bonapart parlamentning Beshyuzlar kengashi palatasi prezidenti etib saylanadi.

Yalpi yig‘ilishdan bir kun oldin rejaga ko‘ra Direktoriya a’zolari Syeyes va Dyuko iste’foga chiqadi. Barras ham ularga ergashadi. Mulen va Lui Goye qamoqqa olinadi.

Direktoriya shu tariqa yo‘q qilinadi, ertasi kungi qo‘shma majlis esa yangi boshqaruvchilarni tayinlashi kerak edi. Albatta, asosiy nomzod, shubhasiz, Napoleon edi. Biroq deputatlar yangi direktorlar masalasida juda uzoq bahslashadi. Natijada sabri to‘lgan Napoleon Bonapart Oqsoqollar kengashiga kirib, o‘zining Sezar yoki Kromvel kabi harbiy diktator bo‘lmasligi haqida nutq so‘zlaydi.

Ko‘p o‘tmasdan u qurollangan to‘rt gvardiyachisi hamrohligida Beshyuzlar kengashi bo‘layotgan zal tomon yuradi. Xalq vakillari yig‘ilishiga qurollangan kishilarning kirishi deputatlarning qattiq g‘azabiga sabab bo‘ladi va ular Napoleondan chiqib ketishni talab qiladi. Generalga tashlangan deputatlar uni “qonundan tashqari” deya haqoratlab, kaltaklashadi. Bo‘lajak imperator akasi va soqchilari yordami bilan saroyni tark etishga muvaffaq bo‘ladi.

Beshyuzlar kengashi deputatlarining Napoleonga tashlanishi

Foto: Wikipedia

To‘ntarish

Napoleon chiqib ketganidan biroz o‘tib Sen-Kludagi eski qirol saroyiga qurollangan harbiylar kirib keladi. Deputatlar eshik va derazalardan pastga sakrab, qochib keta boshlaydi. Biroq ularning ko‘pchiligi saroy hududini qurshab olgan general Myurat askarlari qo‘liga tushadi. Qochayotgan Beshyuzlar kengashi vakillarini qo‘lga olishga boshchilik qilayotgan general Myurat “Bu tomoshabinlarning barini haydab yuboring” deya xitob qiladi. Butun tomosha besh daqiqa davom etadi.

Parlament a’zolarining hech qaysi o‘ldirilmaydi, qo‘lga olinganlari yana qaytarib saroyga olib kelinadi va yangi Konstitutsiya tuzishga rozilik berishga majbur qilinadi. Shuningdek, parlament yangi uch konsuldan iborat muvaqqat hukumatni ham tasdiqlaydi. Napoleon, Syeyes va Dukos navbatma-navbat hukumatga raislik qilishga kelishib oladi, lekin amalda butun hokimiyat Napoleonning qo‘lida o‘tadi. Ushbu to‘ntarish tarixda “18-bryumera” nomi bilan qoladi, chunki to‘ntarish inqilobiy respublika kalendarining shu kunida amalga oshirilgandi. To‘ntarish hech qanday qon to‘kish va qurbonlarsiz yakunlanadi. “18-bryumera” fransuz inqilobining rasmiy yakuni bo‘ladi.

Uch konsul

Foto: “Senat.fr”

13-dekabrda yangi Konstitutsiya qabul qilinadi, unga ko‘ra Napoleon Bonapart ijro hokimiyatini mutlaq nazorati ostiga oladi. Oradan besh yil o‘tib esa u butun hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga qaror qiladi va o‘zini Fransiya imperatori deb e’lon qiladi. Fransiyada birinchi respublika davri yakun topadi hamda Napoleon Bonapartning mutlaq monarxiyasi o‘rnatiladi.

Muallif:Muhammadqodir Sobirov