Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 3-noyabr kuni “Toshkent shahrida GAI, haydovchini yuziga hujjatlarni otib ketib qoldi” sarlavhali videolavha tarqaldi.  Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, tumanning Alisher Navoiy va Labzak ko‘chalari kesishgan chorrahada soat taxminan 19:50 atrofida xizmat olib borayotgan YPX xodimi B.Sadikov tomonidan Matiz avtomobili haydovchisi piyodalarga yo‘l bermagani bois to‘xtatilgan. O‘zaro muloqot vaqtida haydovchi e’tirozlari borligini aytgan. Videoda xodim hujjatlarni haydovchining qo‘liga bermay, salonga tashlab ketgani aks etgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida videoda aks etgan barcha holatlarga hamda YPX xodimining xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi.

Bundan tashqari, yuqoridagi vaziyat bo‘yicha haydovchining qoidabuzarligi isbotlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.