O‘zbekistonning shimoliy hududlariga 27-oktabr kuni Kavkaz hududlari ustida shakllangan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida quruq ob-havo saqlanib turadi, yuqori va quyi qavat bulutlari hosil bo‘ladi.

28-oktabrda yomg‘irli zona sharqqa siljiydi va respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlariga yaqinlashganda yog‘ingarchilik kuchayadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 29-oktabrda markaziy va sharqiy hududlarda, shuningdek, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

27—28-oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Hafta davomida harorat kechalari 4-9 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari esa harorat asta-sekin pasayadi va haftaning oxiriga kelib, kunduz kungi harorat 7-12 daraja iliqqacha pasayadi.