Yakunlanayotgan haftada Yevropaning top-5 chempionatlarida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar anonsi bilan tanishing.

APL. “Manchester Yunayted” — “Liverpul”: Krishtianu Ronaldu va Muhammad Saloh qarama-qarshiligi

Foto: Getty Images

“Manchester Yunayted” — “Liverpul”, 24-oktabr, 20:30

Mankunianlar mavsumni chempionlik ambitsiyasi bilan boshladi. Jamoa Krishtianu Ronalduni olib keldi. Portugaliyalik futbolchi bir nechta muhim o‘yinlarda kambekni amalga oshirib, kerakli ochkolarni olib berdi. Hozirda “Manchester Yunayted” APLning ortda qolgan 8 turidan so‘ng 14 ochko bilan 6-o‘rinni band etib turibdi. Bundan avvalgi turda “Manchester Yunayted” “Lester”ga qarshi bahs olib bordi va 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Sulsher qo‘l ostida jamoa barqaror o‘yin namoyish eta olmayapti.

O‘tgan mavsumdagi omadsizliklardan so‘ng “Liverpul” ushbu mavsumda ishonchliroq harakat qilyapti. Angliya Premyer Ligasida 18 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Yetakchidan atigi bir ochko kam jamg‘argan Klopp shogirdlari chempionlikni maqsad qilgan. Chempionlar Ligasida ham 3 ta o‘yinda maksimal ochkoni jamg‘ara oldi. Oxirgi o‘yinda jamoa Diyego Simeone ustozlik qilayotgan “Atletiko”ni taslim etdi. So‘nggi o‘yinlarda Muhammad Saloh, Sadio Mane va Roberto Firmino uchligi bir-birini tushunib harakat qilmoqda. Bu esa raqiblar uchun xavfli.

Qolgan uchrashuvlar:

22-oktabr, juma

“Arsenal” — “Aston Villa”, 00:00

23-oktabr, shanba

“Chelsi” — “Norvich”, 16:30

“Kristal Pelas” — “Nyukasl”, 19:00

“Everton” — “Uotford”, 19:00

“Lids” — “Vulverhempton”, 19:00

“Sauthempton” — “Byornli”, 19:00

“Brayton” — “Manchester Siti”, 21:30

24-oktabr, yakshanba

“Brentford” — “Lester”, 18:00

“Vest Hem” — “Tottenhem”, 18:00

La Liga. Butun dunyoni ikkiga bo‘lib yuboradigan to‘qnashuv — “El-Klasiko”, “Atletiko” musobaqa yetakchisiga qarshi

Kollaj: Marca

“Barselona” — “Real Madrid”, 24-oktabr, 19:15

“Barselona” inqirozni boshidan o‘tkazmoqda. Oxirgi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa ham Ronald Kuman tanqidlar nishoniga aylanib qoldi. “Barselona” ilk bor Messisiz “Real”ga qarshi o‘ynaydi. Jamoa prezidenti Xoan Laporta klasikoda g‘alaba qozonishiga ishonayotganini aytib o‘tdi. Ronald Kuman va uning shogirdlari ham ushbu gapga qo‘shilishi tayin. Kataloniyaliklar La Ligada 15 ochko bilan 7-o‘ringa joylashgan. Musobaqa yetakchisi esa 20 ochko bilan borayotgan “Real Sosyedad” hisoblanadi.

Chempionlar Ligasida “Shaxtyor” ustidan yirik hisobda (5:0) g‘alaba qozongan “Real” “Sherif”ga qarshi sensatsion mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotladi. La Ligadagi so‘nggi o‘yinda esa Karlo Anchelotti shogirdlari “Espanyol”ga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Bu madridliklarning Primera ushbu mavsumidagi ilk mag‘lubiyati edi. Don Karlo jamoasi yana Kataloniyaga tashrif buyurmoqda. Bu safar shaharning asosiy jamoasi — “Barselona” bilan hisob-kitob qiladi.

“Atletiko” — “Real Sosyedad”, 24-oktabr, 00:00

Diyego Simeone ustozlik qiladigan “Atletiko” 8 turdan so‘ng 17 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda. “Alaves”ga qarshi uchrashuvda musobaqadagi yagona mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Chempionlar Ligasida esa “Liverpul”ga qarshi o‘yinda imkoniyatni boy berdi. G‘azab o‘tidagi “Atletiko” endi musobaqa yetakchisi bilan bahs olib boradi.

“Real Sosyedad” La Liganing ilk turida “Barselona”ga 2:4 hisobida yutqazgandan so‘ng barcha musobaqalarda ketma-ket 11 o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. 9 o‘yinda 20 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempionati yetakchiligini qo‘lga oldi. “Atletiko”ga qarshi bahsda Nacho Monreal, Mikel Oyarsabal, Karlos Fernandes jarohat sabab jamoaga yordam bera olmaydi.

Qolgan uchrashuvlar:

22-oktabr, juma

“Osasuna” — “Granada”, 00:00

23-oktabr, shanba

“Valensiya” — “Malyorka”, 17:00

“Kadis” — “Alaves”, 19:15

“Elche” — “Espanyol”, 21:30

“Atletik” — “Vilyarreal”, 00:00

24-oktabr, yakshanba

“Sevilya” — “Levante”, 17:00

“Betis” — “Rayo Valyekano”, 21:30

25-oktabr, dushanba

“Xetafe” — “Selta”, 00:00

A Seriya. “Roma” “Napoli”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yishga urinadi, “Inter” “Yuventus”ni sinovdan o‘tkazadi

Foto: Getty Images

“Roma” — “Napoli”, 24-oktabr, 21:00

“Roma” 21-oktabr kuni Konferensiyalar Ligasida “Budyo Glimt”ga 1:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu Joze Mourinyo faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyat. Endi rimliklar oldida chempionatda umuman yutqazmay kelayotgan “Napoli”ni to‘xtatish vazifasi turibdi. “Bo‘rilar” buni uddalay oladimi? “Roma” Italiya chempionatida 15 ochko jamg‘arib, 4-o‘rindan joy olgan. O‘zaro uchrashuvlarning oxirgi uchtasida “Roma” mag‘lubiyatga uchragan.

“Napoli” top-5 chempionatida umuman ochko yo‘qotmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Luchano Spaletti shogirdlari Yevropa Ligasida esa bitta g‘alaba, bitta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etdi. Avvalgi turda “Napoli” “Torino”ni 1:0 hisobida taslim etgandi.

“Inter” — “Yuventus”, 24-oktabr, 23:45

Italiyaning amaldagi chempioni mavsum avvalida Antonio Konteni iste’foga chiqarib, uning o‘rniga Simone Inzagini olib keldi. Yangi murabbiy qo‘l ostida ham “Inter” ojizlanib qolmadi. Ortda qolgan 8 turning faqat ikkitasida: “Sampdoriya” va “Atalanta”ga qarshi o‘yinlarda durang natija qayd etdi. Undan tashqari “Latsio”ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Qolgan barcha uchrashuvlarda “nerazzurilar” g‘alaba qozonib kelmoqda. Jamoa hozirda 3-o‘rinda. 17 ochko jamg‘argan holda musobaqa yetakchisi “Napoli”dan 7 ochko ortda qolmoqda. Hozirgacha “Inter” 23 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Bu chempionatdagi eng yaxshi natija hisoblanadi.

“Keksa sinyora” esa mavsumni omadsiz boshladi. Dastlabki turlarda “Yuventus” musobaqa jadvalining so‘nggi o‘rinlarida borayotgan edi. So‘nggi turlarda turinliklar holatni biroz yumshatishga muvaffaq bo‘ldi. A Seriyaning 8-turidan so‘ng turinliklar musobaqa jadvalining 7-o‘rnini band etib turibdi. Allegri shogirdlari 14 ochko jamg‘ardi va 1-o‘rindagi jamoadan 10 ochko ortda qolmoqda.

Qolgan uchrashuvlar:

22-oktabr, juma

“Torino” — “Jenoa”, 21:30

“Sampdoriya” — “Spetsia”, 23:45

23-oktabr, shanba

“Salernitana” — “Empoli”, 18:00

“Sassuolo” — “Venetsiya”, 21:00

“Bolonya” — “Milan”, 23:45

24-oktabr, yakshanba

“Atalanta” — “Udineze”, 15:30

“Fiorentina” — “Kalyari”, 18:00

“Verona” — “Latsio”, 18:00

Bundesliga. “Bavariya” “Hoffenhaym”ni mehmon qiladi, “Borussiya D” esa chempionat autsayderiga qarshi

Foto: Getty Images

“Bavariya” — “Hoffenhaym”, 23-oktabr, 18:30

“Bavariya” ushbu mavsumda ham har doimgidek eng yuqori o‘rin uchun harakat qiladi. Myunxenliklar ikkinchi bo‘lishni yomon ko‘radi. Yulian Nagelsmann shogirdlari 19 ochko bilan Bundesliga yetakchisi hisoblanadi. “Bavariya” 8 turda 29 ta gol urdi. Jamoa to‘purari Robert Levandovski hisobida 9 ta gol mavjud.

“Hoffenhaym” myunxenliklar uchun noqulay raqib. O‘zaro oxirgi 5 o‘yinning 3 tasida “Bavariya” g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Hoffenhaym” esa 2 tasida zafar quchgan. “Hoffenhaym”ning asosiy maqsadi Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashish. Hozircha jamoaning imkoniyatlari yomon emas. 11 ochko bilan 9-o‘rinda borayotgan jamoa yuqoriroq o‘rin egallashiga ishonish mumkin. O‘tgan turda jamoa “Kyoln”ni 5:0 hisobida taslim etdi. “Bavariya”ga qarshi o‘yin oldidan himoyachi Pavel Kaderabek va yosh hujumchi Marko Yon safga qaytishi kutilmoqda. Ular bilan “Hoffenhaym” yanada kuchliroq ko‘rinish oladi.

Qolgan uchrashuvlar:

22-oktabr, juma

“Mayns” — “Augsburg”, 23:30

23-oktabr, shanba

“Arminiya” — “Borussiya D”, 18:30

“Volfsburg” — “Frayburg”, 18:30

“Leypsig” — “Groyter”, 18:30

“Herta” — “Borussiya M”, 21:30

24-oktabr, yakshanba

“Kyoln” — “Bayer”, 18:30

“Shtutgart” — “Union”, 20:30

“Boxum” — “Ayntraxt”, 22:30

Liga 1. Golga tashna Messi “Marsel” darvozasini ishg‘ol qilishga urinadi, “Nitssa” va “Lion” o‘zaro hisob-kitob qiladi

Foto: Getty Images

“Marsel” — “PSJ”, 24-oktabr, 23:45

“Marsel” ushbu mavsumni kuchli uchlikda yakunlashni maqsad qilgan. Hozircha Xorxe Sampaoli jamoasi 17 ochko bilan 3-o‘rinda turibdi. “PSJ”dan 10 ochko, ikkinchi o‘rindagi “Lans”dan esa 1 ochko ortda qolmoqda. Jamoa 18 ta gol urib, 11 ta gol o‘tkazib yuborgan. Uchrashuvda parijliklar favorit hisoblansa-da, “Marsel” ularga yetarlicha qiyinchilik tug‘dira oladi.

Parij jamoasi o‘tgan mavsumda chempionlikni qo‘ldan chiqardi. Hozircha Pochettino shogirdlari chempionatda faqatgina “Renn”ga qarshi o‘yinda (0:2) mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramasdan, 27 ochko bilan ta’qibchilaridan o‘zib ketgan holda, birinchi o‘ringa mustahkam joylashib olgan. “PSJ” chempionatda 24 ta gol urgan. Bu Liga 1 dagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Argentinalik hujumchi Lionel Messi hozircha Fransiya chempionatida gol urgani yo‘q. “Marsel”ga qarshi o‘yinda Leo ushbu muvaffaqiyatsiz seriyasiga chek qo‘yish istagida.

Qolgan uchrashuvlar:

22-oktabr, juma

“Sent-Etyen” — “Anjer”, 00:00

23-oktabr, shanba

“Nant” — “Klermon”, 20:00

“Lill” — “Brest”, 00:00

24-oktabr, yakshanba

“Nitssa” — “Lion”, 16:00

“Lans” — “Mets”, 18:00

“Loryan” — “Bordo”, 18:00

“Reyms” — “Trua”, 18:00

“Renn” — “Strasbur”, 18:00

“Monako” — “Monpelye”, 20:00

Ma’rufjon Ochilov tayyorladi