O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda koronavirus pandemiyasi masalasiga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev butun dunyoni zabt etgan pandemiya sharoitida vaziyatni yaxshilash uchun 80 trillion so‘m mablag‘ ketgani haqida gapirgan.

“Tasavvur qilinglar, agar bu balo bo‘lmaganda bu pullarga qancha maktab, qancha kasalxona qancha yo‘l va hokazolar qilishimiz mumkin edi. Lekin 80 trilliondan ko‘ra, menga birgina insonning hayoti, sog‘lig‘i afzal!”, — deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev koronavirusning boshqa shtammlari kelib chiqayotganini bildirar ekan, o‘z navbatida qish mavsumida Toshkentda gripp kasalligi kuchayib borayotganini qayd etgan. “Hozir gripp kuchaygan, ayniqsa, Toshkentda gripp ko‘paydi. Dushanba kuni grippga ham qarshi vaksinalar olib kelyapmiz. Ammo ‘koronavirus gripp ekan’, degan gaplar yolg‘on”, — deydi Mirziyoyev.

U aholi vaksinalanishi kerakligi, natijada kasallik oson o‘tib, asoratlari kamroq bo‘lishini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun 2021-yil davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilgan edi. Ayni paytda ushbu mablag‘ to‘liq o‘zlashtirilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashish va vaksinalar sotib olish uchun qo‘shimcha 1,3 trillion so‘m ajratilgani ma’lum qilindi.