Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda muxolifatga yo‘l yopiqligi, unday kuchlarga nisbatan tazyiqlar bo‘layotganligi haqida fikrlar namoyon bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, ekspert sifatida shu masalani tahlil qilsak.

Oybek Sirojov.

Foto: Facebook

Avvalo, muxolifat bo‘lish uchun “biz muxolifatmiz” deyishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun siyosiy partiya parlament saylovlarida ishtirok etishi va Qonunchilik palatasida o‘z fraksiyasiga ega bo‘lishi lozim (ma’lumot uchun: fraksiya siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan deputatlar birlashmasi hisoblanadi). Shu bilan birga, ular o‘z saylovchilariga hamda amaldagi hukumat bilan raqobat qilishga loyiq salohiyatga, o‘zining aniq dasturiga ega bo‘lgan rasmiy siyosiy subyekt (siyosiy partiya yoki ularning fraksiyalari) hisoblanadi. Shunday muxolifat rasmiy muxolifat hisoblanadi. Bugungi kunda siyosiy muxolifatning shakllanishi uchun O‘zbekistonda hech qanday to‘siq mavjud emas.

Birinchidan, rasmiy muxolifatni shakllantirishning huquqiy asoslari yaratilgan. Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun 251-moddasi oltinchi qismiga ko‘ra, yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraksiyalar o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, har qanday siyosiy partiya o‘zini muxolifat partiyasi sifatida namoyon qilishi mumkin. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q.

Ikkinchidan, muxolifat shu jamiyatning ichidan chiqishi muhim. Shundagina ular shu yurtning muammosini o‘zlarida his qilib, uning yechimi bilan bog‘liq muqobil takliflarni taqdim qila oladi. Aks holda qaysidir kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan siyosiy vosita sifatida yurtimizning tinchligiga xavf soladi.

Uchinchidan, muxolifatning shakllanishi uchun avvalo sharoit mavjud bo‘lishi muhim. Ya’ni, jamiyatda ochiqlik va plyuralizm rivojlanishi bilan muqobil yondashuvlar, muxolifat ham shakllanadi. Bugun O‘zbekiston jamiyati siyosiy hayotida ochiqlik va erkinlik shakllanmoqda. Buning uchun hokimiyat shart-sharoitni yaratdi. Galdagi vazifa jamiyatdagi muqobil fikrlovchilar tomonidan shunday muxolifatni shakllantirish hisoblanadi.

Buning uchun bugungi saylov jarayonlariga o‘xshash, jamiyatning siyosiy madaniyatini oshiradigan voqeliklarni bosib o‘tish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, eng muhimi — muxolifat buzuvchi tizim emas, tuzuvchi, muqobil bo‘lishi kerak. Uning g‘oyalari mavjud tizimni, tartibotlarni butunlay buzib tashlashga emas, uni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kerak.

Mavjudlarini buzib, yangisini barpo etish — siyosatshunoslar tili bilan aytganda — inqilob hisoblanadi. Uning eng katta kamchiligi — hammasidan voz kechib, hammasini yana boshdan, yangitdan boshlashni talab etadi. Buning og‘irligi avvalo oddiy xalqning yelkasiga tushadi. Masalan, mustaqillikning dastlabki yillarda shakllangan “Erk” partiyasining aksilkonstitutsiyaviy faoliyati va uning faoliyati sud qarori bilan cheklanganligini qayd etish mumkin.

Xullas, bugun O‘zbekistonga rasmiy va mamlakat taraqqiyoti uchun konstruktiv muxolifat zarur. Bugungi saylovlardagi nomzodlar o‘rtasidagi dadil chiqishlar, tanqidlar, eng muhimi, dasturlardagi muhim konsepsiyalar O‘zbekistonda ham rasmiy muxolifatni shakllanib borayotganligidan dalolat beradi.

Oybek Sirojov, Toshkent Kimyo texnologiyalari instituti kafedra mudiri