So‘zimning avvalida bir orzuimni tilga olaman: Orzuim shuki, qachondir Afg‘onistonda haqiqiy demokratik respublika shakllanadi; millati va dinidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar barchaning huquqi birdek ta’minlanadi; ayolga mulk sifatida emas – jamiyatning ongli va haqli bir vakili sifatida qarala boshlaydi; bolalar qo‘rqmasdan ko‘chada o‘ynay oladi; ota-onalar farzandlaridan xavotir olmaydi; qizlarning o‘qishiga to‘siqlar bo‘lmaydi; eng asosiysi, afg‘on o‘zbeklari o‘z millatidan qo‘rqmasdan faxrlanadi!
Millat va illat
Hech bir banda Yaratgan oldida bequsur bo‘lmaganidek, qusursiz millat ham yo‘q. Qusursiz millat bo‘lishga intilish kerak, albatta, ammo eng avvalo buning uchun millat bo‘la olish zarur.
Ikki yuz yildan so‘ng milliy davlatchiligimiz tarixiga baho berilganida, shubhasiz, mustaqillikdan keyingi 30 yilning 25 yili milliy davlatchilikni qayta tiklashga urinish va so‘nggi 5 yili Davlat va Millat sifatida shakllanish davrining boshi sifatida baho berilsa kerak. Quvonarlisi, bugun jamiyatda milliy yakdillik ruhi va davlatchilik miqyosida mushohada yurita olish ko‘nikmalari paydo bo‘lmoqda. Millat qorin g‘amidan ortiq qadr g‘ami ham borligini his qilyapti. Qadri uchun kurashishga o‘rganyapti. Voz kecholmaydigan illatlaridan voz kechmasa bo‘lmasligini anglashga harakat qilmoqda.
Insonni hayvondan farqlaydigan eng buyuk omillardan biri – bu uning axloqi. Axloq millat bo‘la olish jarayonida ham eng muhim omillardan biri bo‘lib qolaveradi. Bugun millat sifatida eng katta illatlarimizdan biri yagona va qat’iy milliy irodaning to‘liq shakllanmaganligidir. Immanuel Kant bejiz axloq irodani bevosita belgilab beruvchi omildir deya ta’kidlamagan. Bizning jamiyatimizdagina emas, barcha jamiyatlar uchun millatning illatlaridan qutulishi uchun yagona chora axloq hisoblanadi.
Taassufki, dunyoviy va milliy sabablarga ko‘ra barcha jamiyatlarda axloqiy tamoyillar, umummilliy qadriyatlar tanazzulga yuz tutmoqda. Va bu jarayon butun dunyo bo‘ylab ro‘y bermoqda. Jumladan, bizda ham. Bugun milliy yakdillik, milliy iroda o‘rnini bo‘linish, nafrat, toqatsizlik, radikal qarashlar, qat’iyatsizlik, ishonchsizlik egallamoqda. Balki Elias Kanetti tasvirlagan “yovuz omma” holiga tushib qolmayapmizmikin, degan xavotir ham uyg‘onadi menda.
Ammo bizdagi vaziyat boshqa davlatlardagiga nisbatan ancha yaxshiga o‘xshaydi. Faqat ozgina o‘ylab gapirishu, hissiyotga berilmay mushohada qilish, dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchamaslik, bir yoqadan bosh chiqarishga o‘rganish yetmayotgandek. Har qanday insonni ham shaxs, ham individ sifatida falokatga yetaklaydigan eng buyuk yovuzlik bu nafrat ekanligi – ko‘p marta isbotini topgan haqiqatlardan biri.
Nadomatki, deyarli yuz yil davomida bolshevik kommunistlar tomonidan bu millat ongi va shuuriga singdirilgan nafrat, jumladan boylarga nafrat, boy bo‘lishga nafrat hamda buning natijasida kelib chiqadigan “olomon psixologiyasi” turfa ko‘rinishlari bilan hanuz bizni to‘la tark etgani yo‘q. Kommunizmning yovuzligi milliy davlatchiligimiz, o‘zligimizning kushandasi bo‘lganligini aniq bilgani, tan olgani holda ich-ichidan o‘sha davrni individ o‘laroq sog‘inib yashayotganlar oramizda son mingta. Nega deb so‘rasang, qornimiz to‘q edi deydi. Qorinning dardi bilan yashash esa jamiyat va millat tugul shaxsni ham hayvonsifat qulga aylantiradi.
So‘nggi 5 yil – o‘ta tahlikali davr yoki tug‘ilmagan nevaralarimizgacha qarzga botdikmi? Tolibonlar bilan nega muzokara olib borildi?
2016-yil dunyoda global siyosiy va iqtisodiy xaosning boshlanish davri o‘laroq tarixga muhrlanganini xalqaro ekspertlar bir ovozdan ta’kidlaydi. 2016-yildan buyon xalqaro siyosiy maydondagi yirik geosiyosiy kuchlarning manfaatlar to‘qnashuvi, geostrategik ziddiyatlar arifmetik emas, geometrik progressiyada kuchayayotganiga butun insoniyat guvoh bo‘lib turibdi.
Bu ziddiyat bundan so‘ng kuchayishda davom etishi ham tabiiy. Zero, pandemiya davrida shundoq ham ayanchli ahvolda bo‘lgan global iqtisodni battar ayanchli ahvolga solmoqda. Bu ofat davridan dunyodagi hech bir mamlakat foyda bilan chiqmayapti. Dunyo global iqtisodiyoti har oy o‘rtacha 400 milliard dollar yo‘qotmoqda. Bu holatda foyda bilan chiqayotganlar esa Google, Amazon kabi bir necha xususiy korporatsiyalar xolos.
Tarixga nazar solsak, 1694-yilda qirol Vilgelm qo‘llovi bilan bankirlar tomonidan tashkil etilgan “Angliya banki” – tarixda dunyodagi birinchi emissiya markazi sifatida vujudga kelib, oltin o‘rniga qog‘ozni qiymatli pul sifatida muomalaga kiritgan edi. 1913-yilda prezident Vudro Vilson qaroriga ko‘ra esa, “Federal rezerv tizimi” vujudga keltirildi. AQSH Angliyadan mustaqil bo‘lganidan so‘ng bu mamlakat iqtisodiyoti ustidan nazoratini yo‘qotib qo‘yganlar shu shaklda uni qayta qo‘lga kiritishdi. Bu ikki muassasa egalari deyarli ayni kishilar, ayni kuchlardir.
Bugungi global iqtisodiyot yiliga 87 trillion dollar foyda ko‘rgani holda, 260 trillion dollardan ziyod qarzga botib kelmoqda. Paradoks, ammo haqiqat bu. Bugun dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarining tashqi qarzlari YAIMning necha foizini tashkil etishiga nazar solsak: Gretsiya 179 foiz, Italiya 132 foiz, Portugaliya 130 foiz, Belgiya 107 foiz, Ispaniya 99 foiz, Fransiya 96 foiz, Yevropa Ittifoqi (umumiy) 89,2 foiz, Buyuk Britaniya (Angliya) 85,4 foiz, Irlandiya 75,5 foiz, Vengriya 74 foiz, Germaniya 68 foiz, Finlandiya 63 foiz, Gollandiya 62 foiz, Turkiya 58 foiz. AQSH dollari davri o‘tganligi, bundan keyin dollar global valyuta sifatida qadrsiz bo‘la boshlashini Xitoy yuani va Rossiya rubli xalqaro to‘lov valyutasi sifatida sekin bo‘lsa-da, barqaror muomalaga kirib borayotgani ham ko‘rsatib turibdi. Global iqtisodiyot dollarga qaramlikdan qutulishga intilmoqda. Chunki, yuqorida ta’kidlaganimizdek, global iqtisodiyot zarari bugun foydadan 3 barobar ko‘p.
Tabiiyki, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, shu paytgacha dunyo global iqtisodiyotini o‘z nazoratida ushlab turgan kuchlar bunga yo‘l qo‘ymaslikka, to‘g‘rirog‘i o‘z qudratini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan imkoniyatlarni safarbar qiladi. Ular haqida so‘z yuritganimizda, bu kuchlar birinchi va ikkinchi jahon urushlarini vujudga keltirishga, Angliya va Germaniya, Germaniya va Sovet ittifoqini to‘qnashtira olish qudratiga ega bo‘lgan qudrat sohiblari ekanliklarini doimo yodda saqlashimiz kerak. Ko‘rinib turgani – dunyo iqtisodiyoti kelajagini modellashtirayotgan kuchlar “kriptavalyutani” dunyo valyutasiga aylantirish tadorigini ko‘rishmoqda. Bu maqsadga erishishda tabiiyki, eng samarali yo‘l: ya’ni davlatlar o‘rtasidagi global urushlarni vujudga keltirish kutiladi. Yangi dunyoviy tartibni loyihalashtirayotganlar buni inkor etmayaptilar ham.
O‘tgan XX asr shaklan har xil bo‘lgani bilan mohiyatan kapitalizmning kommunizmga qarshi kurashi asri bo‘ldi. Yigirma birinchi asr mohiyatan yangi dunyoviy tartibni, yangi kuch markazi va tizimlarini vujudga keltirib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish asri bo‘ladi. Ammo asrimiz boshidan bugungi kunga qadar jarayonlar tahlil qilinsa, XXI asr xalqaro miqyosda shaklan “islom terrorizmi”ga qarshi kurash bo‘lishini ko‘rish mumkin.
Ta’kidlab o‘tish joizki, aslida islomning terror bilan hech bir aloqasi yo‘q. Lekin yangi dunyoviy tartibni vujudga keltirish uchun aynan “islom terrorizmi” va unga qarshi kurash “qurol” sifatida qo‘llaniladi. Yangi dunyoviy tartibni vujudga keltirayotganlar bu bilan ikki maqsadga erishishni ko‘zda tutadilar: birinchisi, nazoratlari ostida yaratilgan, yaratiladigan radikal ekstremistik kuchlar (ISHID, Al Qoida, Varzoniylar, O‘IH va hokazo) vositasida kerakli geostrategik kuchlar ittifoqlarini o‘z nazoratlari ostida shakllantirish, hamda ikkinchisi Islomga din o‘laroq qarshi kurashish (bundan boshqa din vakillari quvonishlari o‘rinsiz, chunki agarda Islom din o‘laroq kuchsizlantirilishiga bu asrda erishilsa, keyingi yuz yillikda navbat qolgan dinlarga keladi).
Bularning barchasiga batafsilroq to‘xtalib, tilga olinishining sababi – dunyodagi mavjud vaziyatning teranroq his qilinishini istalganidandir. Insoniyat bugun ana shunday sivilizatsiyalar tarixida kamdan kam holatda vujudga kelgan ”o‘ta murakkab va tahlikali global o‘zgarishlar davri”da yashayapti.
Bugungi O‘zbekistondagi ichki holatga nazar tashlansa, aksariyat aholi qatlamiga jamiyatdagi avvaldan mavjud bo‘lgan muammoli holatlar go‘yoki faqat so‘nggi 5 yilda paydo bo‘lgandek tuyulayapti. Ochiq aytish kerakki, jamiyatda bugun yangi islohotlar muvaffaqiyatsiz, samarasiz degan tushuncha, hissiyot mavjud. Go‘yoki, “yangi siyosiy hokimiyat yangi siyosiy irodasi bilan o‘z vazifasini uddalay olmayapti”, degan fikr vujudga kelayapti. Kechagina erkinlikni, so‘z erkinligini, diniy erkinliklarni tushida orzu qiladigan jamiyat bugunga kelib bu erkinliklarga ega bo‘la boshlaganiga qaramasdan, avvalgidan ko‘ra ko‘proq “erkinlik yo‘q” deya da’vo qilmoqda. O‘z holatidan avvalgidanda ko‘proq nolimoqda.
Xo‘sh bunga sabab nima? Xalq noshukurlik qilmoqdami? Yoki chindan ham legitim siyosiy hokimiyat o‘z vazifasini uddalay olmayaptimi? Har ikki holatda ham javobimiz: Aslo yo‘q!
Bunday holatning vujudga kelishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda nazdimda. Eng asosiy omillardan biri bunday fikr, hissiyot va kayfiyat jamiyatga chetdan turib (ba’zi hollarda mamlakat ichidagi imkoniyatlardan foydalanilgan holda) yuqori sifatli informatsion psixologik targ‘ibot natijasida vujudga keltirilmoqda.
Bunda aybni faqatgina “dushman tarafiga” ag‘darish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki holatning vujudga kelishida Davlat tuzilmalarining ham bevosita aybi bor. Ya’niki, dushman hamisha, har davrda bo‘lgani kabi qarshi tarafning eng nozik tarafiga, ojiz nuqtalariga zarba berishga, xatolaridan unumli foydalanishga harakat qilishi tabiiy. Demakki, agar davlatga qarshi kuchlar muvaffaqiyatli tarzda zarba berayotgan ekan, demakki, zarba olayotgan nuqtalardagi ojizliklarni tan olib, ularni bartaraf etish lozim. Tashqi informatsion psixologik xurujlarning muvaffaqiyatiga sabab bo‘layotgan quyidagi kamchiliklar kuzatilmoqda:
– jamiyat a’zolarida milliy psixologik informatsion immunitetning pastligi;
– Davlatning yagona informatsion siyosat vektorining aniq belgilanmaganligi;
– Davlat informatsion psixologik siyosati (ideologiya)ni hayotga tadbiq etishda yagona koordinatsion mexanizmning mavjud emasligi;
– Davlat rahbarining siyosat vektoriga zid ishlarning o‘rta va quyi ijro hokimiyati tomonidan amalga oshirilishi, tuman va viloyatlarda Prezident qarorlarining ijrosida ochiqcha “sokin sabotaj” qilinish holatlarining uchrayotganligi;
– Davlatning yagona diniy siyosat konsepsiyasi ishlab chiqilmaganligi;
– ishonch bildirilgan sud va ijro hokimiyati vakillarining tafakkur tarzi Prezidentning yangi siyosiy irodasini hazm etolmayotgani;
– mahalliy hokimiyat organlarining korrupsiyadan holi bo‘lolmayotganligi;
– jamiyat a’zolarining huquqiy savodxonligi barobarida, tafakkurida o‘sishning pastligi va informatsion tahlil ko‘nikmalarining deyarli yo‘qligi;
– tashqaridan uyushtirilayotgan informatsion psixologik xurujlarga qarshi sifatli informatsion kontrxurujlarning uyushtirilmayotganligi (misol uchun, davlatning tashqi qarzlarining ortishi yangi O‘zbekistonning global iqtisodiy xo‘jaligining bir bo‘lagi sifatida normal holat ekanligini, informatsion xurujlar ijrochilari o‘tirgan g‘arb davlatlarining tashqi qarzi YaIMga nisbatan risk chizig‘idan bir necha barobar ko‘pligi, ularning miqdori haqida yuqorida keltirilgan real misollar bilan ochiqlanib, jamiyat a’zolariga tushuntirilmayapti. “O‘zbekiston qarzga botib ketdi, tug‘ilmagan nevaralarimizgacha qarzga botdi, yangi siyosiy hokimiyat uddalolmay qarz olishga majbur bo‘lmoqda, ertaga bu qarz xalqning har bir vakili bo‘ynida, to‘lash imkonsiz” kabi salbiy psixologik informatsiya tarqatayotgan “Ozodlik”, “Eltuz” kabi bir qancha propaganda mashinalari aslida chet el maxsus xizmatlari, ularning nazorati ostidagi fondlar grantiga ishlashi, bu fondlar rangli revolyutsiyalarning homiylari va transmilliy korporatsiyalar manfaatlarigagina xizmat qilishi, aslida yuqoridagi propaganda mashinalari hech qanday OAV emas, tashqi kuchlarning propagandasi uchun xizmatkor ekanligi kabi faktlarga asoslangan javob xurujlari hanuz nega yo‘qligi muallif uchun ham tushunarsiz. Vaholanki davlatda mavjud bir nechta iqtisodiy institutlar, tahliliy markazlar uchun har bir salbiy axborotga qarshi qiyosiy tahlil metodi bilan sifatli informatsion kontrxurujlar tayyorlash imkoniyati mavjud. Ammo, negadir qilinmayapti).
Achchiq bo‘lsada bir haqiqatni tan olish zarur: Agar dunyo siyosiy iqtisodiy maydonida 2016-yilda boshlangan xaos davriga eski qolip siyosat, eskicha davlat boshqaruvi tafakkuri bilan kirganimizda - biz 2021-yilgacha 5 yil davomida kamida ikkita chegaradosh davlat bilan doimiy qonli ziddiyat, doimiy ichki nizolar va urushlar ichra yashayotgan bo‘lardik. Agar Prezident Mirziyoyev 2016-yilda misli ko‘rilmagan va aksariyat tomonidan amalga oshishiga ishonilmagan, hatto tasavvur qila olinmagan siyosiy irodasi, yangicha Davlatchilik dunyoqarashi bilan 25 yil davomida yig‘ilgan muammolarga to‘g‘ri yechim topmaganida - bugungi tinch va farovon hayot biz uchun tushlarimizdagi orzu bo‘lardi.
Agar Prezident Mirziyoyev barchadan oldin tolibonlar bilan muzokara va kelishuvga kelmaganida Vatan askarlarining qoni bugun Amudaryoni qirmizi rangga bo‘yagan bo‘lardi. Afg‘onistondagi millionlab o‘zbeklar esa Vatansiz qolardi. Qo‘shni mamlakatlardagi millatdoshlarimiz ta’qibga va xorlikka mahkum etilardi.
Asosiy savol
Kelamiz ushbu yozilganning sarlavhasidagi eng asosiy savolga: xo‘sh, Prezident Mirziyoyev fenomenmi?
Shaxsiy qanoatim:
– 25 yil davomida yashab kelgan kommunistik tafakkur tarzi ustidan 5 yilda liberal demokratik tafakkur g‘olib kelgani;
– shaxsiga va oilasiga nisbatan butun boshli gegemon davlatlar maxsus xizmatlari buyurtmasiga ko‘ra propaganda olib boruvchi yirik mashinalarning bo‘htonu-tuhmatlariga, uydirmalariga (jumladan, Davlat tashkiloti qurgan, Davlat tashkiloti nomida bo‘lgan, Davlat tashkiloti foydalanayotgan Shovvozsoy rezidensiyasini ko‘r-ko‘rona uning shaxsiy mulki deya qip-qizil yolg‘onni to‘tiqushday takrorlanayotganiga, noxolis ayblovlar to‘qib chiqarilayotganiga va hokazolarga) sabr bilan munosabatda bo‘lib, buyuk siyosatchilarga xos toqatlilik namoyish etayotgani;
– Millatga qoringina emas, qadr uchun ham kurashishga va o‘z qadrini anglashga imkoniyat yaratgani;
– birgina Davlati emas, butun insoniyat uchun global siyosiy tahdidlarning oldini olishda qo‘shgan hissasi;
– inson qadri masalasini Davlat siyosatining kun tartibidagi birinchi masalaga olib chiqa olgani;
– global siyosiy-iqtisodiy xaos boshlanganiga qaramay, oqil geostrateg sifatida Markaziy Osiyo Davlatlarini birlashtirib, yagona Markaziy Osiyo siyosiy ruhini shakllantira olgani va eng asosiysi oddiy aspirantligi davridagi samimiy odamgarchiligi, xalqparvarligi, insonsevarligi, oqibatliligini va oddiyligini Prezident bo‘lganida ham o‘zgarmas holda saqlab qolgani sabablaridan kelib chiqib, shubhasiz, Prezident Mirziyoyev fenomen*, O‘zbek Davlatchiligida va dunyo siyosatida fenominal siyosat egasi deya tan olinishini ta’kidlayman.
Achchiq so‘ngso‘z
Davlatparvarlarning hamisha niyati bir: davlatni, millatni, vatanni muhofaza qilish. Niyat yaxshi, istak yaxshi. Ammo, mavjud bo‘lingan holatda muammolar chiqayotgan ekan, demakki, bu – ming niyat yaxshi bo‘lmasin, qilinayotgan ish, metodlar, masalaga yondashuv noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi. Davlatning armiyasi kuchli bo‘lishi mumkin.
Chegaralar qattiq qo‘riqlanishi mumkin.
Eng zamonaviy o‘qotar qurollaru, uchuvchisiz samolyotlar ham bo‘lishi mumkin.
Ammo xavfsizlikni ta’minlash uchun, umummilliy taraqqiyotga erishish uchun bugun bular yetarsizdir!
Chunki, bugungi kun urushi – sovuq qurol bilan sarhadlarga kirib kelish, tank va samolyot bilan kelib tuproqlarni egallash, askarlarning qonini to‘kish vositasida amalga oshirilmayapti!
Bu o‘tgan asr!
Bu – tarix, kechagi kun!
Vaqt bor ekan, bugun uyg‘onish, ko‘zni ochish lozim!
Shuni anglash kerak: bugun dushman askarning jonini olishni emas – askarning, uning ayolining, bolasining shuurini zabt etishni, tuproqlarni fath etishni emas, vatandoshlarning, millatning ongi va qalbini fath etishni ko‘zlagan!
Dushman bugun yoshlarni bo‘yniga temir kishan solib qul qilmayapti, ularning ruhiyatiga kishan solmoqda!
Eng muhimi yoshlarning pok orzulari, umidlari, fikrlari bulg‘antirilib, qalblarida endigina chechak otayotgan vatanparvarlik, millatparvarlik, halollik, hayo-ibo, uyat, mas’uliyat kabi tuyg‘ulari, tushunchalari zaharlanmoqda!
“Mas’uliyatsizlik – shaxsiy erkinlik”, “qadriyatlarni mensimaslik – hurfikrlilik”, “qonunlarga amal qilmaslik – demokratiya” deya o‘rgatilmoqda!
Biz esa dushman otayotgan ana shu informatsion o‘qlarni gohida quvonch bilan, ko‘kragimizni ochib kutib olayapmiz. Anglamayapmizki, bu o‘qlar millat o‘laroq “vujud”imizga kelib tekkach ko‘ksimizni parchalab tashlaydi.
Bugungi og‘ir vaziyat – har birimizdan bo‘linish emas birlashish, tarqoqlik emas yakdillik, o‘zaro ochiq fikr ayta olish, eshita olish va fikriy birdamlikka erishish, shaxsiy ambitsiya va egolar emas, milliy manfaatlar, umummilliy xavfsizlik va yuksalish maqsadida qo‘lni qo‘lga berish vaqti ekanligini anglashimizni, his qilishimizni talab etmoqda!
Alloh bizning va Prezidentimizning yordamchisi bo‘lsin!
Sayyid-Abdulaziz Yusupov
P.S. Maqolaning eng boshida orzum haqida yozgandim. Ziyrak o‘quvchi mavzuga nima dahli borakan deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Ishonavering dahli bor...“Fenomen” so‘zi yunonchadan “ko‘rsatmoq”, “sodir bo‘lmoq” ma’nolarini anglatadi. Buni olimlar falsafiy tushunchaga aylantirib olishgan, masalan Aristotel “ko‘rinuvchi” , “olindan his qiluvchi” ma’nosida qo‘llagan. Endi bu so‘zga yanayam falsafiy jihatdan yondashilib, ushbu atama g‘ayriodatiy, kamdan-kam uchraydigan hodisa, fakt yoki shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.
Izoh (0)