Afg‘onistonni tark etgan AQSh hozircha Suriya va Iroqdan o‘z armiyasini olib chiqmoqchi emas. Bu haqda AQShning ismi sir qolishini istagan amaldori Al-Arabiya telekanaliga ma’lum qildi.

Foto: Reuters

“Hozircha biz hech qayerga ketmoqchi emasmiz. Afg‘oniston — bu alohida masala, uning Suriya va Iroqdagi qo‘shinlarimizga daxli yo‘q”, — dedi diplomatik manba telekanalga.

Uning ta’kidlashicha, Amerika ma’muriyati Yaqin Sharqning birorta nuqtasida o‘z harbiy ishtirokini kamaytirmoqchi emas.

Manbadan Suriyadagi vaziyat haqida so‘ralganda, u Vashington o‘z e’tiborini AQSh va uning ittifoqchilariga hujum qilish imkoniyati va istagi bor terrorchi guruhlarga, ya’ni IShID va “Al-Qoida”ga qarshi kurashga qaratmoqda, deb javob berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, terrorchilar o‘z niyatlarini hozirda Suriya shimoli-sharqidagi turli muvaqqat qamoqxonalarda saqlanayotgan 10 ming IShID jangarilari hisobidan, shuningdek, haddan ziyod gavjum qochqinlar lagerlaridagi o‘n minglab ichki ko‘chirilganlar hisobidan amalga oshirishi mumkin.

Bu orada Pentagon matbuot kotibi Jessika Maknaltining ma’lum qilishicha, Vashington “Iroq hukumatining taklifiga binoan mamlakatdagi AQSh harbiy kuchlarining Iroq xavfsizlik kuchlarini hamda IShIDga qarshi kurashda yetakchilik qilayotgan kurd posbonlarini qo‘llab-quvvatlashiga sodiq qoladi”.

Iyul oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy bilan uchrashuvda Iroq hududidagi Amerika harbiy missiyasi 2021-yilning oxirigacha tugashini e’lon qilgandi; shu bilan birga, AQSh harbiylari Iroq xavfsizlik kuchlarini o‘qitish, maslahat berish va razvedka orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

O‘z navbatida, AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Joel Reybernning aytishicha, “Suriya va Iroqdan uncha ko‘p bo‘lmagan AQSh qo‘shinlarini olib chiqish” haqidagi har qanday munozara jiddiy xato va mas’uliyatsizlik bo‘ladi.

“Agar Qo‘shma Shtatlar ketishi kerak bo‘lsa, ularning o‘rnini terrorchilar, Eron, Asad (Suriya prezidenti Asad Bashar kuchlari) va Rossiya to‘ldiradi — bu bizning mintaqadagi eng muhim manfaatlarimiz uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi”, — deya Al-Arabiya Reybernning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Hozirgi kunda Iroq hududida 3,5 mingga yaqin xorijiy harbiy xizmatchi bor, ulardan 2,5 mingtasi AQSh harbiylari. Ular Iroqda 2014-yildan beri bo‘lib turibdi. Harbiylar Iroqqa jangarilarga qarshi kurashda yordam bermoqda.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.