Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yuychenning fikricha, Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasida tuzilgan AUKUS alyansi — mudofaa bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik sovuq urushni qo‘zg‘atishga qaratilgan. Bu haqda vazirlik veb-saytida e’lon qilingan.

Foto: Reuters

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hamkorlik yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini buzadi va Tinch okeani mintaqasida yadroviy halokat xavfini tug‘diradi. Uning ta’kidlashicha, bu Janubi-sharqiy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani yaratish borasidagi yutuqlarga putur yetkazadi.

“Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, bu yadroviy halokatga olib kelishi mumkin. AQSh va Buyuk Britaniya bir tomondan boshqa davlatlarni uranni boyitish texnologiyasini ishlab chiqishdan qaytarish uchun o‘z sanksiyalarini qo‘llamoqda. Ammo boshqa tomondan, ular ochiqdan ochiq Avstraliyani yadroviy suvosti kemalari bilan jihozlamoqda. Ular mintaqada qurollanish poygasini o‘t oldirmoqda, harbiy xavfni oshirib, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka putur yetkazmoqda. Xitoy AUKUS’ga keskin qarshi”, — deyiladi xabarda.

Yuychen bir necha kun oldin Janubiy Xitoy dengizida sodir bo‘lgan voqeani esladi. U yerda Amerikaning atom suvosti kemasi noma’lum obyekt bilan to‘qnashib ketgandi. Siyosatchining fikricha, bu hodisa o‘ziga xos ogohlantiruvchi signal. Amerika suvosti kemalari ko‘pincha Janubiy Xitoy dengiziga kiradi, bu esa kelajakda radioaktiv moddalar oqishiga olib kelishi mumkin.