Shimoliy Koreya maxsus kuchlari Pxenyandagi harbiy ko‘rgazmada mushti bilan g‘isht sindirish va temir panjaralarni bukish mahoratini namoyish etdi. Tegishli video mamlakat markaziy televideniyesi tomonidan namoyish etilib, internetga ham joylashtirilgan. 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda KXDR yetakchisi Kim Chen In ishtirok etgan.

Jangchilar taekvondo usulida musht bilan beton plitkalarni parchalab tashlash, qanday qilib mixlar ustiga chalqancha yotish va qorin ustida beton bloklarini katta bolg‘a bilan maydalash mumkinligini ko‘rsatdi.

Dastur harbiylarning chiqishlari bilan davom etdi. Kim Chen In namoyishlarni mamnunlik va tabassum bilan tomosha qilgan.

Shundan so‘ng televideniye mamlakat rahbarining hamrohlari bilan birgalikda ko‘rgazmani, jumladan, tanklar va raketa otish moslamalarini ko‘rib chiqish jarayonini efirga uzatdi.

Iyul oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In dushman kuchlarini “tajovuzkorlik maqsadida shiddatli va qat’iy harbiy mashqlar” olib borayotganlikda ayblab, o‘z armiyasini jangovar samaradorlikni oshirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga chaqirgandi.

Avgust boshida esa Shimoliy Koreyada oziq-ovqat tanqisligi tufayli aholiga armiya zaxiralaridan guruch tarqatilayotgani haqida xabar berildi. Janubiy Koreya razvedkasi KXDRdagi oziq-ovqat inqirozi haqida xabar topdi. Mamlakatda tartibsizliklar sodir etilmagan, ammo issiqlik va qurg‘oqchilik chorva mollarini, shuningdek, sholi va makkajo‘xori hosilini nobud qilgan.