AQSh Afg‘onistonga koronavirusga qarshi vaksina yetkazib berishga tayyorligini bildirgan, bu haqda “Tolibon” hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Amirxon Muttaqiy Dohada Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
Muttaqiyning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on delegatsiyasi muzokaralar chog‘ida gumanitar masalalarga hamda “Tolibon” va AQSh o‘rtasidagi shartnoma nizomlarining amalga oshirilishiga e’tibor qaratgan, ushbu bitimga muvofiq AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib ketish majburiyatini olgandi. Bundan tashqari, “Tolibon” vakillari amerikalik diplomatlardan Afg‘oniston Markaziy banki zaxiralaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘ragan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 8-oktabrdan oldingi bir kecha-kunduzda 47 kishi koronavirusga chalingan, bir kishi vafot etgan. Butun pandemiya davrida kasallanganlar soni 155,42 mingdan oshgan. Bu vaqt ichida mamlakatda 7221 ta o‘lim qayd etilgan. 1,5 milliondan ziyod odam to‘liq emlangan.
Avvalroq “Tolibon” va AQSh o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi haqida Associated Press ikkala tomon mansabdorlariga tayanib xabar bergan edi. Bu Afg‘onistonda avgust o‘rtalarida hokimiyat tepasiga toliblar kelganidan buyon ikki delegatsiyaning birinchi uchrashuvidir. “Tolibon” vakili Suhayl Shohin tomonlar o‘tgan yili imzolangan tinchlik bitimini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Gap o‘tgan yili fevralda tuzilgan kelishuv haqida bormoqda. Unga ko‘ra, amerikaliklar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan edi, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan Afg‘oniston rasmiy hukumati esa BMT Xavfsizlik kengashi bilan toliblarni sanksiya ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borishi kerak edi. Vashington ham toliblarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga va’da bergandi. AQSh, shuningdek, Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmaslikni zimmasiga olgandi.
“Tolibon” o‘z navbatida Afg‘oniston hududidan hujumlar uchun foydalanmasligi kerak edi.