XVIII asrda tashkil topgan Afg‘oniston davlati o‘z tarixing juda kam davrida tinch o‘lka bo‘lgan. Minglab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan, yana yuz minglab insonni qochoqqa aylantirgan AQShning Afg‘oniston urushi bu yili o‘z nihoyasiga yetdi. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov “tuganmas afg‘on urushi”ning so‘nggi yigirma yili haqida hikoya qiladi.

“Tolibon” va “Al-Qoida”

1999-yil 15-oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi 1267-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, “Al-Qoida” va “Tolibon” guruhlarini terrorchilik tashkiloti deb e’lon qiladi va ularga qarshi sanksiyalar kiritadi. BMT qarori Afg‘oniston va Peshovar(Pokiston)da joylashgan “Al-Qoida” harakatining ancha faollashgan davriga to‘g‘ri keladi. 1990-yillarda Sudandan Afg‘onistonga qaytgan “Al-Qoida” terroristik guruhiga “Tolibon” operatsiyalar uchun xavfsiz joy beradi.

2001-yil 9-sentabr kuni Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi asosiy kuch hisoblanuvchi Shimoliy Alyans yetakchisi Ahmad Shoh Mas’ud “Al-Qoida” tomonidan suiqasd orqali o‘ldiriladi. “Panjsher sheri”ning o‘ldirilishi “Tolibon”ga qarshi kuchlarga qattiq zarba bo‘ladi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, aynan Shoh Mas’udning o‘ldirilishidagi “xizmati” “Tolibon”ning 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin ham Usoma bin Lodinni himoya qilishiga sabab bo‘lgan.

Ahmad Shoh Mas'udning Kobuldagi ta’ziya marosimi

Foto: AP Photo

2001-yil 11-sentabr

Ahmad Shoh Mas’ud o‘ldirilganidan ikki kun o‘tib dunyoni larzaga keltirgan va terrorizmning dahshatini ko‘rsatgan terakt yuz beradi. 11-sentabr kuni to‘rtta tijorat samolyotini o‘g‘irlagan “Al-Qoida” jangarilari AQShdagi Jahon savdo markazi va Pentagon binolariga hujum qiladi. Hujumlar natijasida uch mingga yaqin inson halok bo‘ladi. AQSh prezidenti Jorj Bush o‘z xalqiga “terrorizm ustidan g‘alaba qozonishga” va’da beradi. Bush “Tolibon”dan “Al-Qoida”ning barcha rahbarlarini AQShga topshirishni talab qiladi, yo‘qsa ularning taqdiriga sherik bo‘lishi haqida ogohlantiradi.

Yigirma yillik urushning boshlanishi. 2001-yil

“Abadiy ozodlik”

2001-yilning 7-oktabr kuni AQSh qo‘shinlari Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Afg‘onistonda rasman “Abadiy ozodlik” operatsiyasini boshladi. Bu operatsiya Afg‘onistondagi “Tolibon” tuzumi va “Al-Qoida” guruhiga qarshi qaratilgan bo‘lib, Amerika kuchlari o‘n ikki kun davomida ularning bazalariga faqat havodan zarba beradi. Yerdagi janglarning aksariyati “Tolibon” hamda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Shimoliy Alyans va boshqa muxolifat kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

“Tolibon” qo‘shinlari 2001-yil 9-noyabrda Mozori Sharifda etnik o‘zbeklar yetakchisi Abdulrashid Do‘stum kuchlari tomonidan mag‘lub etilgach, o‘z pozitsiyalarini birin-ketin yo‘qota boshlaydi. 11-noyabr kuni Talukon va Bomiyon, bir kun o‘tib esa Hirot ittifoqchilar qo‘liga o‘tadi. 13-noyabr kuni “Tolibon”ning Kobuldagi rejimi qulaydi. Mamlakatda o‘tish davri hukumati tuzila boshlanadi. 9-dekabr kuni “Tolibon” nazorati ostidagi so‘nggi shahar — Qandahordan ham quvib chiqariladi va harakat yetakchisi Mulla Umar shahardan qochib ketadi.

AQSh harbiy havo kuchlarining bombardimonchi samolyoti urushning dastlabki bosqichida havo hujumini amalga oshirmoqda

Foto: USAF

“Birinchi raqamli terrorchi” — Usoma bin Lodinni Kobul janubi-sharqidagi Tora-Bora g‘orlarigacha taqib qilgan afg‘on hukumati qo‘shinlari “Al-Qoida” jangarilari bilan 3—17-dekabr kunlari shiddatli jang olib boradi. Taxminlarga ko‘ra, Usoma bin Lodin uning so‘nggi kuchlari qo‘lga olinishidan bir kun oldin Pokistonga qochib o‘tadi. Garchi razvedka ma’lumotlari Usomaning Tora-Boradaligini tasdiqlasa-da, Amerika kuchlari Tora-Borani qamal qilgan afg‘on qo‘shinlariga qo‘shilmaydi. Ko‘pchilik AQSh hukumatining bunday qat’iyatsiz harakat qilganini bir necha bor tanqid qiladi.

Muvaqqat hukumat

“Tolibon” qulatilgach, BMT Afg‘onistonning yirik guruhlari, jumladan, Shimoliy Alyans va sobiq qirol (1973-yil qulatilgan) avlodi vakillarini Germaniyaning Bonn shahrida o‘tkaziladigan konferensiyaga taklif qiladi. 2001-yil 5-dekabrda BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan Bonn bitimi tuziladi. Eronning Shimoliy Alyansni qo‘llab-quvvatlagani sabab Eronning muhim diplomatik yordami bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, Hamid Karzay hukumat boshlig‘i lavozimini egallaydi (asosan, o‘zbek va tojiklardan iborat Shimoliy Alyans pushtun Hamid Karzayning hokimiyatga kelishini xohlamasdi, ularni anchadan buyon ta’minlab turgan ittifoqchisi Eron Alyansni shartnomaga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ladi), hamda Kobulga xavfsizlikni saqlash uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlar yuboriladi.

2002-yil

Loya Jirg‘a tanlovi va qayta qurish

Tog‘ va g‘orlarda yashiringan “Tolibon” hamda “Al-Qoida” kuchlari qayta qurollanib, xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi partizanlik hujumlarini uyushtiradi. Bunga javoban Kanada, Amerika va ularning afg‘on ittifoqchilari qo‘shinlari mart oyida “Anakonda” operatsiyasini boshlaydi. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanadi, ammo urush harakatlari kengaymaydi. Chunki Pentagon amaldorlari bu paytda Afg‘onistondagi harbiy va razvedka resurslarini Saddam Husayn rahbarligidagi Iroqqa tomon yo‘naltira boshlayotgandi.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan Loya Jirg‘a(butun afg‘on guruh va qabilalarining oqsoqollar kengashi)ning favqulodda chaqirig‘ida Hamid Karzay o‘tish davri hukumatining prezidenti lavozimiga tasdiqlanadi. 11-sentabr voqealaridan so‘ng Pokistondan Afg‘onistonga qaytgan pushtunlarning populzay qabilasi vakili Hamid Karzay ko‘pincha o‘z qabilasi va hukumati a’zolarining korrupsiya bilan shug‘ullanishiga qarshi kurashmaganlikda ayblanadi. O‘tish davri hukumatining kuchi faqatgina Kobul bilan chegaralanib, uni BMT Xavfsizlik Kengashi huzurida tuzilgan xalqaro harbiy kontingent — Xalqaro xavfsizlikka yordam kuchlari (ISAF) qo‘llab-quvvatlab turadi.

Loya Jirg‘ada qatnashayotgan Qandahor delegatlari

Foto: AP Photo

Virjiniyadagi harbiy institutda qilgan nutqida Jorj Bush Afg‘onistonga qayta qurish va tiklanish uchun moliyaviy yordam berilishini va bu orqali Jorj Marshal odatlari(Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQShning G‘arbiy Yevropa davlatlariga moliyaviy yordam dasturi “Marshal rejasi” deb nomlangan edi) davom ettirilishini aytadi. Biroq AQShning Afg‘onistonga moliyaviy yordami Marshal yordamidan ancha kam edi. 2001-yildan 2009-yilga qadar AQSh hukumati Afg‘onistonga 38 milliard dollardan ortiqroq gumanitar yordam ko‘rsatadi (Marshal rejasiga esa bugungi hisobda 114 milliard dollar ajratilgandi). AQSh va BMT yordamidagi qayta qurish Afg‘onistonda deyarli samarasiz tugaydi, bunga yagona rejalashtirish va muvofiqlashtirish markazining yo‘qligi, chalkash byurokratiya, shuningdek, mahalliy madaniyatni tushunmaslik sabab bo‘ladi.

2003-yil

“Katta urush tugadi”

May oyida Afg‘onistonga kelgan AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Afg‘onistondagi keng ko‘lamli harbiy harakatlar to‘xtatilganini bildirib, “katta urush tugagani”ni e’lon qiladi. Xuddi shu paytda prezident Bush ham AQShning Iroqdagi missiyasi yakunlanganini e’lon qildi. Afg‘onistonda bu davrda atigi sakkiz mingga yaqin Amerika askari bo‘lib, ularning soni ittifoqchilar bilan hisoblaganda o‘n uch mingga yaqinlashar edi. Shu yili NATO ISAF’ning xalqaro kuchlarini boshqarishni o‘z zimmasiga oladi, bu NATOning Yevropadan tashqaridagi birinchi harbiy harakatiga aylanadi. Dastlab Kobul va uning atrofi xavfsizligini ta’minlagan NATO kuchlari ko‘lami 2005—2006-yillarda ancha kengayadi. Qo‘shinlar soni ham bunga mutanosib ravishda 5 mingdan 65 mingga qadar ko‘payadi.

AQSh Mudofaa vaziri Ramsfeld Amerika harbiy bazasida askarlarga gapirmoqda

Foto: AP Photo

2004-yil

Yangi Konstitutsiya va prezident

2003-yil Loya Jirg‘a tomonidan ma’qullangan Konstitutsiya loyihasi oradan bir yil o‘tib, 2004-yil yanvarida qabul qilinadi. Konstitutsiya mamlakatning turli etnik guruhlarini birlashtirishga mo‘ljallangan kuchli prezidentlik tizimini yaratdi. Konstitutsiyaning qabul qilinishi demokratiya sari ijobiy qadam sifatida baholanadi.

9-oktabr kuni Afg‘onistonda 1969-yilgi parlament saylovidan so‘ng ilk bor saylovlar bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatning bo‘lajak prezidenti aniqlanib, 55,4 % ovoz to‘plagan Hamid Karzay Afg‘onistonning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi rahbariga aylanadi.

Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay sobiq qirol Zohir Shohga yangi konstitutsiyani ko‘rsatmoqda

Foto: AP Photo

Al-Jazeera telekanalidagi chiqish

Afg‘onistondagi prezident saylovlaridan uch hafta o‘tib, AQShdagi prezidentlik saylovlariga esa bir necha kun qolganda arablarning Al-Jazeera telekanalida Afg‘onistondan qochib ketgan “Al-Qoida” harakati yetakchisi Usoma bin Lodin chiqish qiladi. Afg‘onistondagi AQSh va koalitsiya kuchlari bilan afg‘on mujohidlari SSSRga qarshi oxirigacha kurashgani kabi kurashishini aytgan bin Lodin 2001-yil 11-sentabrdagi teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Shu yili Afg‘onistondagi Amerika harbiylari soni 20 ming kishiga yetkaziladi. AQSh va koalitsiya kuchlari vaqti-vaqti bilan “Tolibon” va “Al-Qoida” guruhlariga qarshi muvaffaqiyatli operatsiyalar o‘tkazib turadi. Prezident Bushning roziligi bilan AQSh uchuvchisiz samolyotlari Pokistondagi terrorchilar bazalariga zarba beradi.

Usoma bin Lodin 2004-yil.

Foto: AP Photo

2005-yil

Strategik sherikchilik va parlament saylovi

23-may kuni Hamid Karzayning AQShga tashrifi doirasida AQSh va Afg‘oniston prezidentlari o‘z mamlakatlari o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya qabul qilib, davlatlarini strategik sherik deb e’lon qilishadi va bu AQSh qo‘shinlariga Afg‘oniston harbiy infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatini beradi. Buning evaziga AQSh Afg‘oniston armiyasini qo‘llab-quvvatlash, qurollantirish va o‘qitishga va’da beradi.

Sentabr oyida “Tolibon”ning jarayonni buzishga urinishlariga qaramay, mamlakatda parlament saylovlari o‘tkaziladi. Afg‘oniston tarixidagi eng demokratik hisoblanuvchi saylovda 6 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etadi. Saylovda qatnashganlarning deyarli yarmi ayollar bo‘lib, bu xalqaro kuzatuvchilar tomonidan demokratik taraqqiyotning belgisi sifatida ko‘riladi.

Mustaqil nomzod Sharifa Najibning saylov plakatlari

Foto: AP Photo

2006-yil

Koalitsiyadagi kelishmovchiliklar va qonli kurashlarning qayta boshlanishi 

Yoz oylarida “Tolibon” faollashib, mamlakat bo‘ylab zo‘ravonliklar ko‘payadi. Iyul oyida janubda kuchli janglar boshlanadi. Xudkushlar hujumlari soni 2005-yilda yigirma yettitadan, 2006-yilda bir yuz o‘ttiz to‘qqiztaga ko‘payadi, portlashlar soni esa ikki baravarga ortib, bir ming olti yuz yetmish yettitaga yetadi.

Noyabr oyida Estoniya poytaxti Riga shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida Afg‘onistonga qo‘shin yuborish majburiyatlari borasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Yigirma olti davlat rahbarlari kuchni qanday, qachon va qayerda qo‘llash haqidagi ba’zi milliy cheklovlarni olib tashlashga rozi bo‘ladi. Ammo janjal davom etadi. AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts Afg‘onistondagi nodavlat tashkilotlar xodimlariga nisbatan zo‘ravonliklar ko‘payishi fonida, 2007-yil oxirida NATO mamlakatlarini ko‘proq askar yubormagani uchun tanqid qiladi.

Tez orada Afg‘oniston janubidagi amerikalik askarlar o‘rnini Britaniya, Kanada, Avstraliya, Gollandiya, Daniya va Estoniya kuchlaridan iborat NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shini egallaydi.

2007-yil

“Tolibon” harbiy qo‘mondonining yo‘q qilinishi

Afg‘oniston janubidagi Hilmand viloyatida may oyida o‘tkazilgan qo‘shma operatsiya natijasida “Tolibon” harbiy qo‘mondoni Mulla Dadulla o‘ldiriladi. Taxminlarga ko‘ra, Dadulla Hilmand viloyatidagi partizan qo‘shinlarining yetakchisi bo‘lgan, bundan tashqari, u xudkushlar yo‘nalishlarini belgilash va g‘arbliklarni o‘g‘irlash ishlariga rahbarlik qilgan. Shuningdek ,u Bomiyon viloyatidagi qadimiy Budda haykalini yo‘q qilishda asosiy tashkilotchi hisoblangan.

2008-yil

Muvaffaqiyatsizlik

Avgust oyida “Tolibon” yetakchisini yo‘q qilish uchun Hirot shahriga uyushtirilgan raketa hujumi natijasida yuzga yaqin tinch aholi halok bo‘ladi. Buning ustiga nishon hech qanday zarar ko‘rmaydi va Amerika harbiylari muvaffaqiyatsiz operatsiya hamda qurbon bo‘lgan insonlar sonini yashirishga harakat qiladi. Bu holat prezident Hamid Karzayning tanqidiga ham sabab bo‘ladi. Koalitsiya hujumlari sabab Farah viloyatida ham tinch aholi vakillari jabrlanadi.

Afg‘onistonlik ayol 2008-yil avgust oyida Hirot viloyatida havo hujumlari natijasida o‘ldirilgan oila a’zolarini uchun motam tutmoqda

Foto: AP Photo

Bu voqealar natijasida afg‘onlar orasida toliblarni qo‘llab-quvvatlash kuchaya boshlab, toliblar bir qancha g‘alabalarni qo‘lga kiritadi. Xususan, ular Qandahordagi qamoqxonani muvaffaqiyatli bosib oladi va 1200 mahbusni ozod qiladi, ulardan 400 nafari harakat a’zolari edi. Amerika qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni general Stenli Mak-Kristal havo hujumlari taktikasini qayta ko‘rib chiqishni, vayronagarchiliklar va aholi o‘limiga olib kelmaydigan strategiya ishlab chiqishni buyuradi.

2009-yil

Yangi qo‘mondon, yangi strategiya va eski janglar

AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Barak Obama Afg‘oniston urushi haqida gapirib, mamlakatga yana 17 ming Amerika askari yuborilishi haqida e’lon qiladi. Obama Afg‘oniston AQShning terrorchi kuchlarga qarshi kurashida eng muhim fronti ekanligini bayonotlarida yana bir bor tasdiqlaydi. 2009-yil yanvar holatiga ko‘ra Pentagon Afg‘onistonda 37 ming askarga ega bo‘lib, ular AQSh va NATO qo‘mondonligi o‘rtasida taqsimlangandi.

Tez orada Barak Obama Afg‘onistondagi urush harakatlarining yangi strategiyasini e’lon qiladi. Strategiyaning asosiy maqsadi, oq qog‘ozda ko‘rsatilganidek “Al-Qoida va uning Pokistondagi harbiy nuqtalarini buzish, yo‘q qilish va mag‘lub etish hamda ularning Pokiston yoki Afg‘onistonga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik” edi. Rejada shuningdek, Afg‘oniston armiyasi va politsiya kuchlarini o‘qitishga yordam berish uchun qo‘shimcha to‘rt ming askar yuborilishi ko‘zda tutilgandi.

AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari oliy qo‘mondoni general David Mak-Kernanni vazifasidan ozod qiladi hamda uning o‘rniga general Mak-Kristalni tayinlaydi. Geytsning fikricha, Pentagon Afg‘on urushida “yangicha fikrlash” va “yangi ko‘zlar”ga muhtoj edi, shuningdek bu tayinlov Afg‘onistondagi urush harakatlariga ko‘proq “agressiv va innovatsion” yondashuvni yaratishga qaratilgandi.

“Tolibon” kuchlari tomonidan pozitsiyalari o‘qqa tutilgach “trevoga” berilgan AQSh qurolli kuchlarining 1-batalyoni askarlari

Foto: AP Photo

Iyul oyida AQSh dengiz piyodalari Afg‘oniston janubida keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaydi. To‘rt ming askar ishtirok etgan bu operatsiya Hilmand viloyatida toliblar harakatining kuchayishiga javoban o‘tkaziladi. Sentabr oyida Qunduz viloyatida AQShning F-15E samolyoti toliblar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan ikkita yonilg‘i mashinasini yo‘q qiladi. Biroq raketa zarbasi natijasida yuzlab mahalliy aholi vakillari ham qurbon bo‘ladi. Shuningdek, AQSh uchuvchisiz samolyotlari Pokistondagi jangarilar bazalariga ham zarbalar beradi. Rasmiy ravishda ittifoqchi bo‘lishiga qaramay, amerikalik harbiylar Pokiston maxsus xizmatini “Tolibon”ni yashirincha qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi.

Bahsli saylovlar va Obamaning yangi qarori

20-avgustda bo‘lib o‘tgan munozarali prezidentlik saylovlari ikki oy davomida turli bahslarga sabab bo‘ladi. Hamid Karzayning ikkinchi muddatga g‘alaba qozongani e’lon qilinganiga javoban noroziliklar boshlanadi, uni firibgarlikda ayblashadi. Xalqaro bosim ostida Karzay 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovning ikkinchi bosqichiga rozilik beradi, biroq kutilmaganda Karzayning raqibi Abdulla Abdulla saylovdan chiqib ketadi va Karzay g‘olib deb tan olinadi. Karzayning hokimiyati qonuniyligidan xavotir kuchayadi, AQSh va boshqa xalqaro hamkorlar boshqaruvni takomillashtirishni talab qila boshlaydi.

Dekabr oyidagi nutqida prezident Barak Obama birinchi bor AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi haqida gapiradi. 2011-yil iyulda olib chiqish boshlanishini e’lon qilgan prezident bu jarayonning qancha davom etishiga aniqlik kiritmaydi. Yil oxiriga kelib Afg‘onistondagi Amerika askarlari soni 60 mingga yetadi.

2010-yil

Tanqid

Iyun oyida nashrdan chiqqan Rolling Stone jurnalida Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari qo‘mondoni Stenli Mak-Kristal fuqarolik amaldorlarini, shu jumladan, vitse-prezident Jo Baydenni qattiq tanqid qilgan maqola chop etiladi. Mak-Kristal ularning harbiy ishlarda tajribasizligi va, ayniqsa, Oq uyning Afg‘onistonga qo‘shimcha askar yuborish masalasidagi ikkilanishini qattiq tanqid ostiga oladi (natijada bir necha oylik bahslardan so‘ng Barak Obama baribir qo‘shimcha 30 ming askar yuborishga rozi bo‘ladi). Obama uni zudlik bilan Vashingtonga chaqirtiradi va iste’foga chiqaradi. Iroq urushi qahramoni bo‘lgan Devid Petreus yangi qo‘mondon etib tayinlanadi.

AQSh prezidenti Barak Obama general Devid Petreusni general Stenli Mak-Kristalning o‘rniga Afg‘onistondagi bosh qo‘mondoni etib tayinlanishini e’lon qilmoqda

Foto: Reuters

Xavfsizlikni o‘zgartirish rejasi

NATOning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Lissabondagi konferensiyasida 2014-yil oxirigacha mamlakat xavfsizligi uchun barcha mas’uliyatni Afg‘oniston milliy armiyasiga topshirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanadi va unga binoan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari 2011-yildan boshlab mamlakatdan bosqichma-bosqich olib chiqilishi boshlanishi kerak edi. Biroq G‘arbda ham, Afg‘onistonning o‘zida ham ko‘pchilik bu rejaning amalga oshishiga shubha qiladi.

Bir vaqtning o‘zida afg‘on askarlari o‘zlarining g‘arblik ittifoqchilariga hujum qilishni boshlaydi, bu “ko‘k-yashil to‘qnashuvi” deya nomlanadi(ularning harbiy kiyimlari rangi sabab). Masalan, noyabr oyida afg‘on chegarachisi Nangarhor viloyatida ISAF’ning olti nafar zobitini otib tashlaydi va o‘zi ham otishmada halok bo‘ladi. Agar 2009-yilgacha bunday holat bir marta yuz bergan bo‘lsa, 2011-yildan boshlab o‘nlab bunday holatlar qayd etila boshlanadi.

Afg‘onistondagi Amerika kontingenti soni yuz mingga yetadi.

2011-yil

Bin Lodinning o‘ldirilishi

2011-yil 1-may kuni 11-sentabr teraktlari uchun javobgar bo‘lgan “Al-Qoida” guruhi rahbari Usoma bin Lodin AQSh harbiy-dengiz kuchlarining “Neptun nayzasi” operatsiyasi davomida Pokistonning Abbottobod shahrida o‘ldiriladi. Uning chegara narigi tarafida bo‘lishining o‘zi AQSh—Pokiston munosabatlarini keskinlashtiradi. Afg‘onistonda Pokistonga qarshi kayfiyat kuchayib boradi, rasmiylar ko‘p yillardan beri Afg‘onistonda olib borilgan qo‘poruvchiliklarda Pokistonda joylashgan terrorchilarning hissasi kattaligini ta’kidlaydi.

O‘n yil oldin boshlangan urushda Amerikaning asosiy maqsadi amalga oshgach, Afg‘onistondagi urushni davom ettirish haqidagi munozaralar kuchayadi. Iyul oyida prezident Obama qo‘shinlarining faqat 30 mingini olib chiqishini e’lon qilmoqchi bo‘lganida, Kongress undan ko‘proq askarlarni ortga qaytarishni talab qiladi. Shuningdek, Obama AQSh “Tolibon” rahbariyati bilan dastlabki tinchlik muzokaralarini olib borayotganini tasdiqlaydi.

O‘n yillik urush

Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilganiga o‘n yil to‘lgani munosabati bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada ko‘plab amerikaliklar bu urushni to‘xtatishni xohlaydi. 2001—2011-yillar oralig‘ida AQSh va NATO qo‘shinlari asosan janubiy va sharqiy hududlarda(Pokiston bilan chegara yerlar) jangarilarga qarshi operatsiyalar o‘tkazadi. Biroq Pokistonda joylashgan terrorchi guruhlar AQSh harbiy muvaffaqiyatlariga putur yetkazishni davom etadi.

O‘n yil mobaynida ikki mingga yaqin Amerika askarlari halok bo‘ladi, 444 milliard dollar urush va qayta qurish ishlariga sarflanadi, AQShning budjet taqchilligi 1,3 trillion dollarga yetadi.

AQSh armiyasi askarlarini olib ketayotgan vertolyotlar Qandahor shimolidagi Terra Nova jangovar postidan uchmoqda

Foto: Reuters

Bundan tashqari “Tolibon” bilan muzokaralar ham boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Sentabrda o‘zini “Tolibon” tinchlik delegatsiyasi a’zolari deb tanishtirgan ikki xudkush tomonidan hukumatning muzokaralardagi rahbari, sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o‘ldiriladi. Shundan so‘ng prezident Hamid Karzay “Tolibon” bilan muzokaralarni bekor qiladi. Afg‘oniston rasmiylari bu teraktda Pokistonda joylashgan Haqqoniy tarmog‘ini ayblaydi, ammo guruh bu ayblovni rad qiladi.

Bonn konferensiyasi

Afg‘oniston siyosiy kelajagini muhokama qilgan birinchi xalqaro konferensiyadan o‘n yil o‘tgach, o‘nlab davlat va tashkilotlar 2014-yilda mamlakatdan xalqaro kuchlar olib chiqilgandan so‘ng olib boriladigan harakatlar yo‘l xaritasini ishlab chiqish uchun Germaniyaning Bonn shahriga yig‘iladi. Konferensiyada ma’ruza qilgan Hamid Karzay kelgusi o‘n yil mobaynida mamlakatda xavfsizlik va rekonstruksiya ishlarini kuchaytirish uchun har yili 10 milliard dollar talab qilishini va xalqaro yordamni davom ettirish evaziga korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurash olib borish mumkinligini aytadi.

Konferensiya Pokiston tomonidan boykot qilinganligi sababli amalda to‘xtatiladi. Pokiston delegatsiyasi konferensiya boshlanishidan sal oldinroq Afg‘oniston chegarasida NATO va Pokiston qo‘shinlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvga norozilik belgisi sifatida konferensiyada qatnashishdan bosh tortadi. Konferensiyadan ko‘zlangan maqsadga erisha olinmaydi va uchrashuvlar deyarli samarasiz tugaydi.

2012-yil

AQSh—Afg‘oniston munosabatlarining taranglashuvi

Yanvar oyida “Tolibon” tinchlik muzokaralarida aniq qadamlar tashlanishi uchun Qatarda o‘z vakolatxonasini ochishga rozi bo‘ladi, AQSh rahbariyati buni siyosiy kelishuvga erishish yo‘lidagi muhim jarayon deya e’tirof etadi. Biroq oradan ikki oy o‘tgach, “Tolibon” Vashingtonni mahbuslarni almashtirish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlashdan bosh tortganlikda ayblaydi va muzokaralarni to‘xtatadi.

Afg‘onlar AQShning Kobuldagi Bagram aviabazasida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda

Foto: AP Photo

Bu voqealar bilan bir vaqtda Afg‘onistonda xalqaro koalitsiya kuchlari bilan bog‘liq bir nechta ko‘ngilsiz holatlar ro‘y beradi. Xususan, fevral oyida AQShning Kobuldagi Bagram aviabazasida asir olingan “Tolibon” jangchilari bir-biri bilan xabar almashish uchun ishlatgan Qur’onning bir nechta nusxalari tasodifan yoqib yuboriladi.

Bu butun Afg‘onistonda AQShga qarshi noroziliklarga sabab bo‘ladi. Namoyishlarda nafaqat pushtunlar (toliblar, asosan, pushtunlar milliy harakati), balki Afg‘onistonning boshqa xalqlari, shu jumladan, G‘arb kuchlariga ittifoqchi bo‘lganlar ham qatnashadi.

Shuningdek, amerikalik askar o‘n oltiga yaqin afg‘on qishloq aholisini o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaladi. Prezident Hamid Karzay koalitsiya kuchlarini qishloqlardan olib chiqib, harbiy bazalarga joylashtirishni talab qiladi.

2013-yil

Xavfsizlikning Afg‘oniston milliy kuchlariga topshirilishi

Iyunda NATO Afg‘onistondagi harbiy missiyasi tugaganini rasman e’lon qiladi va xavfsizlik majburiyatlarini milliy armiya va politsiyaga topshiradi. Koalitsiya qo‘shinlari, jumladan, Amerika askarlari mamlakatda faqat maslahatchi vazifasida hamda terrorizmga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qoladi. Qo‘shinlarni bosqichma-bosqich olib chiqish rejasiga muvofiq xalqaro kontingent soni kamaya boshlaydi.

AQShning Tolibon tomonidan Qatarda vakolatxonasi ochilishidagi tashabbusi Hamid Karzay noroziligiga olib keladi hamda 2014-yil dekabr oyida uning vakolat muddati tugagach, Qo‘shma Shtatlar harbiy ishtirokini saqlab qolish uchun ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasi tuzishni to‘xtatadi. Karzayning fikricha bu idora isyonchi guruhga qonuniylik beradi va uning tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

2014-yil

Obamaning tashrifi va Milliy kelishuv hukumati

May oyida Kobuldagi Bagram aviabazasiga kutilmagan tashrif bilan kelgan Obama Afg‘onistondan 2016-yil oxirigacha AQSh qo‘shinlarini olib chiqish taqvimini e’lon qiladi. Rejaning birinchi bosqichi 2014-yil oxirida jangovar missiya tugaganidan keyin 9800 AQSh askarining qolishini nazarda tutadi va bu kontingent “Al-Qoida” qoldiqlariga qarshi operatsiyalarni davom ettiradi. Obama bu qisqartirish boshqa joylarda ham terrorizmga qarshi kurashishga resurs yaratishini bildiradi.

Bagram aviabazasidagi nutqdan so‘ng askarlar bilan qo‘l berib ko‘rishayotgan Obama

Foto: Reuters

Sentabrda o‘tkazilgan saylovlarda prezidentlikka ikki nomzod: sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani Ahmadzay va tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla oxirgi bosqichgacha yetib kelishadi. Saylovda Ashraf G‘anining kichik farq bilan g‘alaba qozongani e’lon qilingach, Afg‘oniston ko‘chalari saylov natijasidan norozi minglab insonlarga to‘lib ketadi. Oxir-oqibat AQShning vositachiligi orqali nomzodlar o‘rtasida Milliy kelishuv hukumati tuziladi va unga rais etib Abdulla Abdulla tayinlanadi. Bu kelishuv namoyishlarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, keyingi davr mobaynida ikki siyosiy avtoritetning o‘zaro raqobati markaziy hukumatning zaiflashuviga hamda davlatning chok-chokidan so‘kilishiga olib keldi.

2015-yil

Inqiroz

“Tolibon” Kobuldagi markaziy hukumatning zaiflashuvi va G‘arb kuchlarining olib chiqilishidan foydalanib, hujumga o‘tadi hamda hatto Qunduz shahri va viloyatini bosib oladi. Qunduz shahri uchun janglar ketayotgan bir paytda AQSh harbiy havo kuchlari xato tufayli “Chegara bilmas shifokorlar” shifoxonasini bombardimon qiladi. O‘nlab insonlar halok bo‘ladi, yana o‘nlab odam yaralanadi.

Rossiya 2009-yil NATO qo‘shinlari uchun ochgan o‘z hududi orqali o‘tuvchi havo transporti koridorini yopadi. Afg‘onistonda migratsiya inqirozi kuchayadi, migratsiya inqirozining cho‘qqisida Yevropaga kelgan qochoqlarning 20% ga yaqinini afg‘onlar tashkil qiladi.

2016-yil

Xurujlar

“Tolibon” Hilmand viloyatida katta hujum uyushtirib, bir qancha yirik shahar va aholi punktlarini bosib oladi. Bundan tashqari Afg‘onistonda yangi o‘yinchi —IShIDning “Tolibonga” qarshi mahalliy bo‘linmasi bo‘lmish “Viloyati Xuroson” kuchaya boshlaydi. Guruh 2016-yil iyul oyida Kobulda sodir bo‘lgan dahshatli terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Teraktda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan yuk mashinasi etnik hamda diniy ozchilikni tashkil qiluvchi hazoralar namoyishi oldiga olib kelinadi va portlatib yuboriladi. Saksondan ortiq inson halok bo‘ladi, yuzlab odamlar yaralanadi. Bularning barchasi mamlakatdan G‘arb qo‘shinlarining olib chiqilishini sekinlashtiradi.

2017-yil

Urush uzayishi haqidagi signal

13-aprel AQSh harbiy havo kuchlari Nangarhor viloyatida joylashgan “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi yadroviy bo‘lmagan eng kuchli bombardimonni o‘tkazadi. “Barcha bombalarning onasi” deya aytilgan qurol yangi prezident Donald Trampning harbiy qarorlarni qabul qilishni qo‘mondonlarga topshirganidan so‘ng harakatga keltiriladi.

“Barcha bombalar onasi” Afg‘oniston sharqidagi “Islomiy davlat” bazalari joylashgan tog‘larga tashlanmoqda

Foto: Reuters

“Islomiy davlat” bilan birga “Tolibon” ham ancha faollashib, mamlakatning uchdan birini nazorat qila boshlaydi. AQSh dengiz piyodalari yana Hilmand viloyatiga jo‘natiladi.

Inauguratsiyasidan so‘ng Donald Tramp Afg‘onistondan qo‘shinlarni shoshilinch ravishda olib chiqib ketish to‘g‘ri qaror emasligini, chunki bu “terrorchilar to‘ldiradigan bo‘shliqni” yaratishi mumkinligini aytadi. Amerika qo‘shinlari soni yana ko‘paya boshlaydi.

2018-yil

“Tolibon”ning yirik teraktlari

Yanvarda “Tolibon” Kobulda 115 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bir qator teraktlar uyushtiradi. Natijada Tramp ma’muriyati yangi reja ishlab chiqadi: harbiylar qishloqlarga qaytariladi hamda “Tolibon”ning moliyaviy ta’minotiga zarar yetkazish uchun afyun dalalariga havo hujumlari tashkil qilinadi. Bundan tashqari Tramp “hiyla va yolg‘on” ishlatib “Tolibon” jangarilariga boshpana bergani uchun Pokistonga beriluvchi milliard dollarlik xavfsizlik yordamini to‘xtatadi.

Milliy birlik hukumati tanqidchilarining aytishicha, ichki siyosat, xususan, viloyat gubernatorlari bilan kelishmovchiliklar prezident G‘anining xavfsizlikni qo‘ldan chiqarishiga olib keladi.

2019-yil

Oxiriga yetmagan muzokaralar

Terrorchilar bilan kelishuvlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi avvalgi barcha bayonotlariga qaramay, AQSh hukumati Qatarda “Tolibon” vakillari bilan muzokara stoliga o‘tiradi. “Tolibon” Afg‘oniston hududida xalqaro terrorchilik guruhlari harakatiga to‘sqinlik qilishi evaziga AQShdan qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqishni so‘raydi. Shuningdek, “Tolibon” Afg‘onistonda ichki muzokaralar olib borishga ham rozi bo‘ladi.

Tolibonning Dohadagi delegatsiyasi tinchlik muzokaralarining oxirgi raundidan keyin Moskvada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qatnashmoqda

Foto: Anadolu Agency

Biroq bir necha hafta o‘tgach, Tramp muzokaralarni to‘xtatadi. AQSh prezidenti amerikalik askar “Tolibon” hujumida halok bo‘lganidan keyin Kemp-Devidda “Tolibon” vakili va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan o‘tkaziladigan maxfiy uchrashuvni bekor qilganini aytadi. “Tolibon” o‘zining muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini aytib, Trampning bu qarori o‘lim sonining ko‘payishiga olib kelishi haqida ogohlantiradi.

2020-yil

Bitim

Fevral oyida AQSh va “Tolibon”ning Dohadagi vakillari kelishuvga erishadi hamda tinchlik shartnomasi imzolanadi. Unga ko‘ra, amerikaliklar o‘z qo‘shinlarini 14 oy ichida mamlakatdan olib chiqishga va’da beradi. “Tolibon” esa mamlakatda terrorchilik harakatlariga joy berilmasligi haqida kafolat beradi. Muzokaralarda ishtirok etmagani sabab rasmiy Kobul hukumati ushbu shartnomaga o‘z noroziligini bildiradi.

Bu kelishuvlarga qaramay, “Tolibon” jangarilari yana hujum uyushtirib, Kobul va Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida qator teraktlar sodir etadi. AQSh kuchlari bunga janubdagi Hilmand viloyatida “Tolibon”ga qarshi havo hujumi bilan javob qaytaradi.

Yil oxiriga kelib, Afg‘oniston hukumati nihoyat, toliblar bilan muzokara shartlarini kelishib oladi va deyarli 20 yil ichida birinchi marta ular bilan Dohada rasmiy uchrashuv o‘tkazadi. AQSh—“Tolibon” kelishuvida ilgari surilgan, ammo bir necha oyga kechiktirilgan asirlarni almashtirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar Afg‘oniston hukumati besh ming “Tolibon” asirini ozod qilgandan so‘ng boshlanadi. Ochilish marosimida ikkala tomon ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga va AQSh qo‘shinlari chiqib ketgandan keyin afg‘on jamiyati uchun asos yaratishga tayyor ekanligini bildirishadi. Rasmiy Kobul o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiladi, “Tolibon” esa mamlakatni islomiy tizim orqali boshqarishga chaqiradi.

AQSh vakili Zalmay Halilzod va “Tolibon”ning Dohadagi vakolatxonasi rahbari Mulla Abdul G‘ani Birodar Qatar poytaxti Dohada tinchlik shartnomasini imzolash marosimida

Foto: EPA

Xalqaro kuchlar olib chiqilishining boshlanishi

17-noyabr kuni AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi polkovnik Kristofer Miller Afg‘onistondagi qo‘shinlar soni 2021-yil yanvar oyi o‘rtalariga qadar ikki baravarga kamaytirilishi haqida e’lon qiladi. Bu qaror Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolgan, harakat qo‘poruvchilik hujumlarni davom ettirayotgan bir paytda e’lon qilinadi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg qo‘shinlarning juda erta olib chiqilishi natijasida Afg‘oniston terrorchilar makoniga aylanishi hamda “Islomiy davlat” xalifaligi tiklanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

2021-yil

Qulash

AQSh prezidenti Jo Bayden ketma-ket to‘rtinchi bo‘lib “Tuganmas urush”ni meros qilib oladi. NATO nihoyat, afg‘on muammolariga harbiy yo‘l bilan yechim topilmasligini tan oladi va 1-maydan boshlab qo‘shinlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida e’lon qiladi.

Donald Trampning “Tolibon” bilan kelishuviga ko‘ra, Amerika qo‘shinlarini olib chiqish 2021-yil 1-mayga qadar yakunlanishi kerak edi, lekin Bayden bu muddatni Nyu-Yorkdagi teraktning yigirma yilligi — 11-sentabrga qoldiradi.

“Tolibon” jangarilari Afg‘oniston prezident saroyida suratga tushmoqda

Foto: AP

2020 yil o‘rtalariga kelib, AQSh harbiy yordamisiz qolgan Afg‘oniston hukumati qancha vaqt yashashi haqidagi prognozlar doimo yomon tomonga o‘zgarib turadi. AQSh va NATO qo‘shinlari olib ketilishi fonida “Tolibon” hujumlari kuchayadi va biroz qarshilikdan so‘ng butun mamlakat (Panjsherdan tashqari), jumladan, Kobul ham 15-avgust kuni harakat qo‘liga o‘tadi. Yillar davomida xalqaro jamiyatdan moliyaviy va harbiy yordam olgan Afg‘oniston hukumati o‘zaro birlikning yo‘qligi sabab ikki oy ichida qulaydi. Prezident Ashraf G‘ani Birlashgan Arab Amirliklariga qochib ketadi.

Evakuatsiya

Afg‘oniston hukumati kutilganidan ancha tez — avgust oyidayoq qulagach, AQShning evakuatsiya rejalari o‘zgarib ketadi. Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilarini xavfsiz evakuatsiya qilish va Kobul aeroportini himoya qilish uchun olti ming askar yuboradi. Minglab afg‘onlar qochishga urinish natijasida aeroport hududida tartibsizlik avj oladi. 26-avgust kuni Kobul aeroporti yonida 13 nafar Amerika askari hamda bir yuz o‘ttizga yaqin tinch aholi vakili halok bo‘lgan terakt sodir bo‘ladi. Xurujga javobgarlikni “Viloyati Xuroson” o‘z zimmasiga oladi. Pentagonning javob zarbasi xato bilan tugaydi. Prezident Baydenning o‘zi ham evakuatsiya “tartibsiz” bo‘lganini tan oladi.

Afg‘oniston urushidan uyiga qaytib, oilasini quchoqlayotgan AQSh askari

Foto: Getty Images

2021-yilning 30-avgust kuni so‘nggi AQSh harbiysi Afg‘onistonni tark etdi. Yigirma yillik urush AQShning chekinishi bilan tugadi. Yillar davomida Afg‘onistonda G‘arb koalitsiyasining 3,5 ming, afg‘on armiyasining esa 65 mingdan ortiq askari halok bo‘ldi. Tinch aholi qurbonlari sonini aniq hisoblash mumkin emasdi, balki o‘n minglab oddiy insonlar, bolalar yoxud ayollar “tuganmas urush” tufayli hayot bilan vidolashgandi. Hozirgi kunda ikki milliondan ortiq afg‘on boshqa mamlakatlarda qochqinga aylangan.