Ispaniyaning “Sevilya” klubi “Roma” va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Fichajes nashriga tayanib, “Championat” xabar bermoqda.

Foto: “Roma”

Qayd etilishicha, “Sevilya” sport direktori Ramon Monchi Shomurodovni keyingi transfer oynasida jamoani kuchaytirish uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Biroq Shomurodov yaqinda “Roma”ga o‘tgani va rimliklar bosh murabbiyi Joze Mourinyo hujumchini qo‘yib yuborishni istamasligi hisobga olinib, transferning amalga oshish ehtimoli yuqori emasligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov avgust oyida “Roma” bilan 5 yillik shartnoma imzolagandi. U “bo‘rilar” tarkibida barcha musobaqalarda 10 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol va ta 4 golli uzatmaga mualliflik qildi.

26 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi 2020-yilda “Rostov”dan “Jenoa”ga o‘tgandi. U genuyaliklar safida 2020/21-yilgi mavsumda A Seriyada 31 ta o‘yinda 8 ta gol urgan va 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

“Sevilya” La Liganing 2021/22-yilgi mavsumida 6 ta o‘yin o‘tkazgan holda 14 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.