Qashqadaryo viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘qituvchi ota o‘z farzandiga shikast yetkazgani aytilgan videodagi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Kadr: YouTube

NasafNews nashrining YouTube’dagi kanalida e’lon qilingan videoda ayol 2 yoshli farzandiga turmush o‘rtog‘i tomonidan jarohat yetkazilgani aytilgan.

“Ikki nafar farzandim bor: biri 2 yosh, ikkinchisi 1 yoshda. Turmush o‘rtog‘im o‘qituvchi. Soat 17:00 larda ishdan keldi. Bolalarimning kichkinasi beshikda, ikkinchisi yerda yotgandi, ikkisining ham qo‘lida pechenye bor edi. Dadasi qarab turar, deb kattasini ko‘rpachaga qo‘ydim. Shu payt mol kelgan ekan, uni qo‘raga qamash uchun 20 daqiqaga tashqariga chiqdim. Bu vaqt ichida dadasi 2 yoshli bolamni urib, ko‘ziga noto‘g‘ri maz surtib, ko‘rmaydigan darajaga olib kelgan. Bolani bo‘g‘gan, kalla qismiga rosa urgan. Kelsam, bolamni hushidan ketkazib, ko‘rpachaga to‘g‘ri qilib yotqizib qo‘yibdi. Bolam ko‘karib, muzlab qolgan ekan”, — deydi ona.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertasi kuni turmush o‘rtog‘i ishga ketgach, qaynopasining telefonidan o‘z ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, olib ketishini so‘ragan.

Ayolning ta’kidlashicha, er birinchi turmushidan bo‘lgan o‘g‘lining ham barmoqlarini kuydirib tashlagan. Ikkinchi xotinidan bo‘lgan farzandiga esa pichoq tiragan. Shuningdek, erkak sodir bo‘lgan voqealar haqida IIB xodimlariga aytadigan bo‘lsa, uni ham, bolalarini ham o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, 25-sentabr kuni viloyat IIB 102 operatoriga Dehqonobod tumani “Terakli” MFYda yashovchi uy bekasi J.S. qo‘ng‘iroq qilib, voyaga yetmagan o‘g‘li E. X.ni bolaning otasi D.Sh. urib tan jarohati yetkazgani va o‘g‘li Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialining jonlantirish bo‘limida davolanayotganini ma’lum qilgan.

Mazkur xabar Dehqonobod tuman IIBda 25-sentabr kuni qayd qilingan.

RSHTYoIM Qashqadaryo filialining ma’lumotnomasida voyaga yetmagan E.X.ning tanasida qo‘shma shikastlanish, bosh miya lat yeyishi, yuz sohasining o‘ng tomoni shilinmasi, bo‘yinda usti po‘stloqlashgan teri jarohati, shu sohalarda yumshoq to‘qimaning lat yeyishi ko‘rinishidagi jarohatlar borligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.