Murabbiylik shunday ishki, unda hech qaysi mutaxassis o‘zining ma’lum bir klubda qancha vaqt ushlanib turishini oldindan taxmin ham qila olmaydi. Jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan va ijobiy natijalarga erishayotgan vaqtda muxlislar ham, rahbariyat ham jamoani qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq jamoa ketma-ket ikki yoki uch o‘yinda “qoqilishi” bilan, murabbiyning “kursisi qimirlay” boshlaydi va uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan u yoki bu nomzodlar ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqaladi. Va kamdan kam holatlarda ishdan ketayotgan murabbiyning oldingi xizmatlari yodga olinadi.

Mavsumlar oralig‘ida Massimiliano Allegri va Joze Mourinyo kabi mutaxassislar, futbol termini bilan aytganda, zaxira o‘rindig‘idan o‘yinga qaytgan bo‘lsa, 74 yoshli Gus Xiddink hamda 73 yoshli Roy Hojson faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Antonio Konte, Zinedin Zidan, Andrea Pirlo, Andrey Shevchenko, Sem Ellardays va boshqa mutaxassislar esa zaxiraga olindi. Hozirda ular yangi chaqiriqlarga tayyor  turibdi. “FootballHD” ayni damda ishsiz yurgan taniqli murabbiylar haqida material tayyorladi. “Daryo” quyida ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.

Jennaro Gattuzo (43 yosh, Italiya)

2021-yilning iyunidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Napoli”

Foto: Getty Images

O‘tgan mavsum natijalariga ko‘ra, Gattuzo “Napoli”ni Chempionlar Ligasiga olib chiqa olmadi. Jamoa A Seriyada beshinchi o‘rin bilan cheklandi. Neapolliklar bu uchun Gattuzoni kechirmadi va u jamoadan ketishga majbur bo‘ldi. Biroq Gattuzoning tanaffusi uzoqqa cho‘zilmadi, may oyining oxiriga kelib, u “Fiorentina” boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi, ammo oradan bir oy o‘tgach, jamoa bilan birorta ham mashg‘ulot o‘tkazmasdan klubni tark etdi. Italiya matbuoti bunga rahbariyat va Jennaroning transfer siyosati haqidagi qarashlari turlicha bo‘lganligini ko‘rsatdi.

Sem Ellardays (66 yosh, Angliya)

2021-yilning may oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Vest Bromvich”

Foto: Getty Images

Ellardays “Bromvich”ni o‘tgan mavsumda Angliya Premyer Ligada olib qola olmadi. Vazifa bajarilmagach, tomonlar hamkorlikni to‘xtatdi. Hozirda Ellardays yangi chaqiriqlarni kutmoqda. Taxminlariga ko‘ra Semni yaqin orada qaysidir jamoa taklif qiladi va uning oldiga jamoani muvaffaqiyatsizlikdan qutqarib qolish vazifasi qo‘yiladi. Boisi u buni qanday qilishni biladi va bungacha bir necha bor isbotlagan ham.

Kike Setyen (62 yosh, Ispaniya)

2020-yilning avgustidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Barselona”

Foto: Twitter

Ispaniyalik mutaxassis 2019/2020-yilgi mavsumda Kataloniya klubi uchun qutqaruvchiga aylana olmadi, aksincha Chempionlar Ligasi chorak finalida “Bavariya”dan 2:8 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, o‘zi haqida faqat yomon xotiralarni qoldirdi. Setyen o‘z o‘rnini Ronald Kumanga bo‘shatib berganidan beri hali hech kim uni potensial ish qidiruvchi sifatida eslagani yo‘q. Ammo hayotda har narsa bo‘lishi mumkin, shunday ekan, Setyen ham tez orada biror jamoada ish boshlab qolsa ajab emas.

Ernesto Valverde (57 yosh, Ispaniya)

2020-yilning yanvaridan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Barselona”

Foto: Twitter

Valverde ham Setyen singari hozirda “Barselona”dagi xotiralari bilan yashamoqda va hamon ta’tilda. 2020-yilda uning o‘rnini aynan Kike Setyen egallagandi. Aytish mumkinki, Valverde hozirda aynan ishlaydigan va katta natijalarga erishadigan yoshda (murabbiylar uchun). Bundan tashqari, u hali murabbiy sifatida o‘z so‘zini ham aytganicha yo‘q.

Lyusyen Favr (63 yosh, Shveysariya)

2020-yilning dekabr oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Borussiya Dortmund”

Foto: Twitter

Shveysariyalik mutaxassis o‘tgan qishda “arilar” bilan Chempionlar Ligasi pley-offiga chiqqan bo‘lsa-da,  Bundesligada muvaffaqiyatsizlikka uchradi — 3-o‘rin. Shu tariqa uning “Signal Iduna Park”dagi missiyasi yakunlandi. Insayd ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda bir qator klublar u bilan muzokaralar olib bormoqda. “Podadan oldin chang chiqarilmaydi”, deganlaridek ushbu holatda kutish eng yaxshi yo‘l bo‘ladi.

Andre Villash-Boash (43 yosh, Portugaliya)

2021-yilning may oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Marsel”

Foto: Getty Images

Villash-Boash o‘tgan mavsumni “Marsel” bilan bazo‘r yakunladi. Jamoa Liga 1 da yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmadi va atigi 5-o‘rin bilan cheklandi. Bu esa na muxlislarga, na klub rahbariyatiga yoqdi. Aslida “Marsel” portugaliyalik mutaxassis bilan ertaroq xayrlashishga ham tayyor edi, biroq shartnomani bekor qilganlik uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori bunga yo‘l qo‘ymadi. Andre darhol yangi ish topolganicha yo‘q. Va balki Fransiyada boshidan kechirganlaridan keyin bunga shoshilmayotgandir ham.

Andrey Shevchenko (44 yosh, Ukraina)

2021-yilning iyul oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — Ukraina terma jamoasi

Foto: Getty Images

2004-yilgi “Oltin to‘p” sohibining Ukraina terma jamoasidagi ishi u uchun birinchi va hozircha yagona murabbiylik tajribasi bo‘lib turibdi. Hech kimga sir emaski, Shevchenkoning “ko‘k-sariq”lar bilan amalga oshirgan ishining katta qismi uning shtabi hissasiga ham to‘g‘ri keladi, u yerda hamfikrlarning haqiqiy jamoasi yig‘ilgan. Aynan shu narsa Ukrainani Yevro—2020 ning sakkizligiga olib kirdi. Bunday yutuqlar bilan ta’tilda uzoq qolinmasligi aniq.

Paulu Fonseka (48 yosh, Portugaliya)

2021-yilning may oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Roma”

Foto: Twitter

Fonseka o‘tgan mavsumda “bo‘rilar” bilan shartnomasini yakunlab, erkin agentga aylandi va hozirgacha yangi joyda ish boshlaganicha yo‘q. Fonsekaning o‘zi ishlashga va g‘alabalarga tashna ekanligini yashirib o‘tirmaydi. Shu bois u uzoq vaqt maydon tashqarisida qolib ketmasa kerak. Buni yozda ko‘plab klublar o‘z safiga Pauluni jalb qilmoqchi bo‘lgani haqidagi mish-mishlar ham tasdiqlashi mumkin.

Frenk Lempard (43 yosh, Angliya)

2021-yilning yanvaridan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Chelsi”

Foto: Getty Images

Lempard “aristokratlar” boshqaruvida o‘zini to‘liq namoyon eta olmagan bo‘lsa-da, bir yarim yil ichida o‘z falsafasi va uslubiga ega murabbiy sifatida taassurot qoldirdi. Bu darajadagi mutaxassislar  Angliyada qadrlanishi bor gap. Lekin bu turdagi murabbiylarning asosiy muammosi shundaki, ular top-darajada bo‘lmagan klublar bilan ishlashga tayyor emas. Bunday klublar esa futbol vatanida (garchi dunyoning eng kuchli ligasi bo‘lsa-da) har qadamda ham topilavermaydi.

Antonio Konte (52 yosh, Italiya)

2021-yilning may oyidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Inter”

Foto: Twitter

Antonio Konte “Yuventus”ning Italiya A Seriyasidagi uzoq muddatli gegemonligini tugatishga muvaffaq bo‘lgan holda “neradzurri” lagerini chempion maqomida tark etdi. Ammo xarakteri va prinsiplari tufayli u “Inter”da uzoq vaqt qola olmadi. Va hozirda Antonio Konteni yangi chaqiriqni kutayotgan murabbiylar orasida yetakchilardan biri bo‘lib turganini taxmin qilish ortiqcha mulohaza talab etmaydi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra u Londonning “Arsenal” jamoasida ishlari yurishmayotgan Mikel Artetaning o‘rnini egallashi mumkin.

Zinedin Zidan (49 yosh, Fransiya)

2021-yilning mayidan beri ishsiz

Oxirgi ish joyi — “Real Madrid”

Foto: Twitter

Fransiyalik futbol dahosi “galaktikos” bilan Yevropa va jahonda bir klub erishishi mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan. U “Santyago Bernabeu”dan boshini baland ko‘targan holda chiqib ketdi. Zamonaviy futbol olamining istalgan eng kuchli vakillari Zidan toifasidagi mutaxassisni o‘z jamoasida ko‘rishni xohlaydi. Ammo Zidanning holatida savol sal boshqacharoq bo‘ladi — buni Zidanning o‘zi xohlaydimi?