Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 5 gektar yerni 150 ming AQSh dollariga olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi, deya xabar qilmoqda IIV axborot xizmati.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida yashovchi B. va Sh. ismli shaxslar D.A. ismli fuqaroga Bo‘stonliq tumani hokimining 2019-yil 23-fevraldagi 1055-sonli qaroriga asosan Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Amir Temur massivida joylashgan “Sulton Ahmad Omad” fermer xo‘jaligiga 49 yilga ijaraga berilgan 14,3 gektar yer maydonidan 5 gektarini Bo‘stonliq tumani hokimiyatida ishlovchi T. ismli shaxs orqali 150 000 AQSh dollari evaziga doimiy egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib berishga va’da qilgan.
D.A.ning yuqoridagi holat keltirilgan arizasiga asosan, 2021-yil 13-sentabr kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, DXX hamda IJQK Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, Navoiy ko‘chasi, 39-uyda joylashgan “Milliy taomlar” nomli osh markazida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida B.S., Sh.X. va R.N. ariza muallifidan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan, 2021-yil 13-sentabr kuni B.S, Sh.X. va R.N.ga nisbatan IJQK Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)