Meizu kompaniyasi Xitoydagi taqdimoti davomida uchta yangi modelini taqdim etdi: ikkitasi yangilangan flagman — Meizu 18S va 18S Pro, shuningdek, asosiy e’tibor dizayniga qaratilgan Meizu 18X smartfoni, deb xabar beradi “Afisha.uz”.

Foto: “Afisha.uz”

Meizu 18S va 18S Pro

S qo‘shimchasiga ega bo‘lgan Meizu’ning yangilangan flagmanlarida oldingi versiyaga nisbatan ikkita jihat o‘zgargan. Birinchisi — Snapdragon 888 o‘rniga 18S va 18S Pro’ga Snapdragon 888+ protsessori o‘rnatilgan. Ikkinchisi — apparatlarning akkumulyator sig‘imi 5000 mA/soatga qadar oshirilgan.

Foto: “Afisha.uz”

Meizu 18S va 18S Pro sentabr oxiriga qadar Xitoy hududida sotuvga chiqadi. Rasmiy narxlar:

  • Meizu 18S 8/12 Gb — 572 dollar;
  • Meizu 18S 8/256 Gb — 618 dollar;
  • Meizu 18S 12/256 Gb — 665 dollar;
  • Meizu 18S Pro 8/128 Gb — 711 dollar;
  • Meizu 18S Pro 8/256 Gb — 773 dollar;
  • Meizu 18S Pro 12/256 Gb — 835 dollar.

Meizu 18X

Meizu 18X — flagmanning asosiy e’tibor dizayniga qaratilgan versiyasi. Smartfon displeyi chetida xuddi iPhone 13 uslubidagi kabi ingichka hoshiyaga va qora, oq yoki ko‘k rangli shisha korpusga ega bo‘ladi.

Foto: “Afisha.uz”

Yangi model Full HD+ sifatini qo‘llab-quvvatlaydigan va 120 gertsli yangilanish chastotasiga ega 6,67 dyuymli displeyga ega bo‘lgan. Barmoq izi skaneri ekran ostiga joylashtirilgan. Apparat Snapdragon 870 protsessori, 8/12 gigabayt tezkor va 128/256 gigabayt ichki xotira yordamida ishlaydi. Sig‘imi 4300 mA/soatli akkumulyator 30 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega.

Meizu 18X’ning to‘rtta kamerasi bor: 64 megapikselli asosiy, 8 megapikselli keng burchakli, 2 megapikselli makro-modul va 13 megapikselli frontal. Asosiy modul 8K formatdagi (kadrlari chastotasi e’lon qilinmagan), shuningdek, soniyasiga 30 ta kadrda 4K sifatli, soniyasiga 60 yoki 30 ta kadrda Full HD sifatli videolarni tasvirga olishga qodir.

Foto: “Afisha.uz”

Meizu 18X’ning Xitoydagi rasmiy narxlari:

  • 8/128 Gb — 402 dollar;
  • 8/256 Gb — 433 dollar;
  • 12/256 Gb — 464 dollar.

Avvalroq Meizu o‘zining yangi modelini iPhone smartfonlariga ustiga qo‘shimcha pul to‘lab, almashtirish aksiyasini yo‘lga qo‘ygandi. Ishlab chiqaruvchi yangi Meizu 18 va Meizu 18 Pro xaridorlari o‘z iPhone’larini topshirsa, ularga juda jozibador chegirmalarni taklif etmoqda.