O‘zbekiston terma jamoasining 5-sentabr kuni Shvetsiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ng qanot himoyachisi Farrux Ikromov jarohat olgandi. Tekshiruvlar natijasida ushbu jarohat jiddiy ekani va jarrohlik amaliyoti talab etilishi ma’lum bo‘ldi.

Foto: O‘FA

19-sentabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Farrux Ikromovning xonadonida bo‘lib, futbolchining salomatligi va ahvolidan xabar oldi.

O‘FA tomonidan futbolchining tezroq sog‘ayib, safga qo‘shilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi ma’lum qilindi. O‘FA Ikromovni davolashga Italiyaning mashhur jarrohlaridan biri Paolo Marianini jalb etgan.

23-sentabr kuni futbolchi Italiya poytaxti Rimga, “Villa Stuart” klinikasiga yo‘l oladi va u yerda professor Mariani tomonidan operatsiya qilinadi, deya ma’lum qilmoqda O‘FA matbuot xizmati.

Foto: UFA

Qayd etish kerak, futbolchi FIFA kunlari vaqtida terma jamoa safida jarohat olsa va uzoq muddatga safdan chiqsa, FIFA uning klubiga kompensatsiya to‘lab berishi belgilangan. “Daryo” muxbiri Farrux Ikromovning jarohati bilan bog‘liq vaziyatni aniqlashtirish uchun “Bunyodkor” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev bilan bog‘landi.

“Bunyodkor” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev

Foto: “Bunyodkor”

Farrux Ikromovning operatsiyasiga 20 ming yevro ketadi. Operatsiya, borish-kelish, reabilitatsiya xarajatlarini O‘FA to‘lab beradi. FIFA Club Protection Programme (CPP) dasturiga ko‘ra, FIFA kunlarida jarohatlangan futbolchi 28 kundan ortiq muddatga safdan chiqsa, FIFA uning maoshini to‘lab berishi kerak. Farrux Ikromov 4—5 oy maydonga tusha olmaydi. Biz hozirda mana shu vaziyat borasida hujjat yig‘yapmiz. Hujjatlarni FIFAga topshirsak, Ikromovning maoshi kompensatsiya qilib beriladi.

Ulug‘bek Mirzayev, “Bunyodkor” klubi bosh direktori

FIFA Club Protection Programme — FIFA kunlarida terma jamoa ixtiyorida bo‘lgan futbolchi jarohatlansa, klublarga yordam berish maqsadida futbolchining maoshini to‘lab beradigan sug‘urta dasturi. Ushbu dastur 2012-yilning may oyida Budapeshtda bo‘lib o‘tgan FIFA Kongressida tasdiqlangan. Futbolchi 28 kundan 365 kungacha bo‘lgan muddatga safdan chiqsa, klub unga to‘lashi kerak bo‘lgan maoshini (ko‘pi bilan 7,5 million yevrogacha) FIFA kompensatsiya sifatida to‘lab beradi.