O‘zbekistonda 1hls.uz mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Xabar yuzasidan Turizm va sport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati to‘xtalganiga oid xabarlar asossiz.
Turizm va sport vazirligining sport yo‘nalishidagi saytida 1hls.uz mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul to‘lash vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berildi, biroq axborot xizmati xodimi maqolada asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bergani bois aholi orasida bu borada tushunmovchilik paydo bo‘lgan.
“‘Sog‘lom turmush tarzi’ platformasi 1hls.uz veb-sahifasi davlat rahbarining ‘Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi 6099-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining ‘Sog‘lom turmush tarzi’ platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi 253-sonli qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur platforma bo‘yicha 2021-yil 10-iyundan 13-sentabrga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Shu bilan birga, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga — 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga – 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 million so‘m mablag‘ foydalanuvchilarning elektron hamyoniga o‘tkazib berildi. 2021-yilning iyun–avgust oylari davomida esa jami 206,7 million so‘m mablag‘ foydalanuvchilar elektron hamyoniga o‘tkazib berildi.
Hozirgi pandemiya davrida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda unga rioya qilish juda muhim. Platformaga oid xabarning OAV va aholi orasida bu qadar keng tarqalishi unga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanini va platforma yaratish qarori qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shunday ekan, Turizm va sport vazirligi axborot xizmati mazkur xabarni yetkazishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun uzr so‘ragan holda, ‘Sog‘lom turmush tarzi’ platformasi ishlashda davom etishini ma’lum qiladi. OAV vakillari va aholini chalg‘ituvchi xabar bergan xodimga esa tegishli ogohlantirish berilganini ma’lum qiladi.
Shu o‘rinda, OAV vakillaridan har qanday xabarni yetkazishda, unga sarlavha qo‘yishda to‘g‘ri yondashishni, aholini noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan chalg‘itmaslikni so‘raymiz”, – deyiladi vazirlik munosabatida.
Izoh (0)