Namangan shahridagi Namangan davlat universitetining talabalar turar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, 9-sentabr kuni soat 08:48 da Namangan shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 101 qisqa raqamiga Namangan shahar “Boburshox” mahalla fuqarolar yig‘ini, Boburshox ko‘chasi, 1-uyda joylashgan Namangan davlat universiteti 2-talabalar turar joyi binosida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Voqea joyiga Namangan shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yetib bordi.

Yong‘in natijasida talabalar turar joyi 2-qavatidagi oshxonasi ichidagi 1 dona muzlatgich yonib zararlangan. Tezkor harakat natijasida Namangan shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan yong‘in bartaraf etildi.

Sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida talabalarni kuyish tan jarohati olish hamda halok bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yilmagan.

Hozirda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan tergovga qadar surushtiruv ishlari olib borilmoqda.