Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi sobiq mehribonlik uyi rahbari Abdusalom Haqnazarov olti nafar yetim bolani asrab olib, viloyatda birinchilardan bo‘lib oilaviy bolalar uyini tashkil qildi. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan Kitob tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Qahramon Oqilov Haqnazarovlar oilasi uch nafar o‘g‘il va uch nafar qiz bolani o‘z tarbiyasiga olganini bildirdi.

Foto: Qahramon Oqilov

Qayd etilishicha, Haqnazarovlar tashabbusi bilan faoliyatini boshlagan oilaviy bolalar uyi ochilishida Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Azimov, Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov boshchiligidagi sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

Foto: Qahramon Oqilov

“Daryo”ning Andijon viloyatidagi muxbiri Umidjon Mamarasulovning xabar berishicha, viloyatda mahalla raisi yetti nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olgan.

Foto: Elyor Mamajonov

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatining Andijon shahri “Qalandarxona” mahallasida yashovchi Dildoraxon va Farhod Umarovlar “Bolalar shaharchasi”da tarbiyalanayotgan yetti nafar yetim bolani tarbiyasiga olib, o‘z xonadonida oilaviy bolalar uyini tashkil etgan.

Mahalla raisi Farhod Umarov turmush o‘rtog‘i Dildoraxon bilan kelishib, “Bolalar shaharchasi”dan tegishli tartibda dastlab ikki nafar, so‘ngra yana besh nafar bolani tarbiyaga olish bo‘yicha murojaat qilgan. Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi mazkur masalani o‘rganib, oila sharoiti bilan tanishgach, barcha talablarga javob berishi ma’lum bo‘lgach, oilaviy bolalar uyini ochishga rozilik berilgan.

Ta’kidlanishicha, 16-sentabr kuni mazkur oilaviy bolalar uyi ochilish marosimi o‘tkazilgan. Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, shahar hokimligi va boshqa mas’ul boshqarma hamda tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, Umarovlar oilasi boshlagan ushbu olijanob ishga muvaffaqiyat tilagan holda doimo ko‘makdosh bo‘lishlariga ishonch bildirilgan.

Foto: Elyor Mamajonov

“O‘zimizning uch nafar farzandimiz bor edi. Bu bolalar bilan o‘ntaga yetdi. Shundan sakkiztasi qiz, ikki nafari o‘g‘il. Bizga berilgan ishonchni oqlab, bularning barchasini ilmli, kasb-hunarli qilib tarbiyalashga va’da beramiz hamda qo‘limizdan kelgancha bularni baxtli yashashlari uchun sharoit yaratishga harakat qilamiz”, — deydi Farhod Umarov.

“Daryo”ning Buxoro viloyatidagi muxbiriga ko‘ra, viloyatda uch nafar farzandi bor xonadon egalari Buxoro shahridagi 32-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan olti nafar bolani asrab olgan.

Foto: Milliy gvardiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi

“Uch nafar farzandim qatorida farzandim bo‘lishsin, deya ukam Vahobjon olti nafar bolani asrab olishga imkoni yetishini bildirdi. To‘g‘risi, ukamning shu so‘zidan xursandchilikdan yig‘lab yubordim. Buxoro shahridagi 32-mehribonlik uyidan olti nafar bolani asrab oldi. Ukamning savobli ishini Allohning o‘zi qo‘llasin”, — deydi yetim bolalarni asrab olgan tadbirkorning Milliy gvardiya tizimida ishlovchi kichik serjant Marziya Behbutova.

Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi mas’uli Murod Rahmatullayevning aytishicha, Behbudovlar xonadoni asrab olgan bolalar 7-16 yoshda. Ulardan Aziza va Izmira Jo‘raqulovalarning onasi ruhiy kasallikka chalingan va bolalar parvarishiga layoqatsiz darajaga yetgani bois onalik huquqidan mahrum qilingan. Otasi esa ulardan norasidaligidayoq voz kechgan va ish bahonasida uzoq o‘lkalarga ketib qolgan. Durdona Amonova, Kumush Yodgorova hamda Gulnavoz Boltayevalarning ota-onalari tarbiyalashga noloyiq, deb topilib, sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Kenja farzand Alibek Shomuhammedov esa chin yetim.

Foto: Milliy gvardiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yilning 28-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va ma’naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada yangi tizim joriy qilinishi va bunga Milliy gvardiya mas’ul etib belgilanishi ta’kidlangan edi.