Davlat test markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yilida 948 ming 211 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Belgilangan kvota bo‘yicha esa ularning faqat 157 ming 755 nafarigina o‘qishga qabul qilingan. 790 mingdan ortiq yoshlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ularning orasida ilk marotaba topshirganlardan tortib, ko‘p yillardan beri talabalik orzusiga yetisha olmayotganlar ham bor.

“Daryo” o‘qishdan yiqilgan bir qator abituriyentlar bilan suhbatlashdi. Ular OTMga topshirish sabablari, muvaffaqiyatsizlikdan keyingi rejalari va kelajaklarini qanday tasavvur qilishlarini haqida so‘zlab berdi. 

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Sanjarbek Bozorov, 24 yoshda. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidan. OTM imtihonlaridan uch marta o‘tolmagan.

Endi Rossiyaga ishlashga ketmoqchiman

Bolaligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilaman. Kollejda o‘qib yurgan paytlarimdan boshlab biologiya, kimyo fanlaridan tayyorgarlik ko‘raman.

Har yili uch oy Qozog‘istonda ishlab kelib, keyin repetitorga borardim. Afsuski, ikki yil Toshkent davlat tibbiyot institutiga topshirib kirolmadim. Tibbiyot sohasiga kirish qiyin deb o‘ylab, bu yil Termiz davlat universitetiga topshirgandim, yana omadim kelmadi.

Yaqinlarim, ota-onamning umidini ro‘yobga chiqarolmadim. Endi uydagilarim Rossiyaga ket, deyapti. O‘zim ham o‘qishga topshirishdan bezor bo‘ldim. To‘g‘ri, super-kontrakt qilib o‘qishim mumkin, lekin bunga sharoitimiz yo‘q. Chunki singlimni uzatdik, akamni uylantirdik.

Qolaversa, o‘zim ham IELTS’dan tayyorlangandim. Hozirda IELTS’ni o‘rgatish bo‘yicha Telegram kanal ochganman. Savob uchun odamlarga dars beryapman.

Endigi rejam yangi yildan qo‘shnilarim bilan Rossiyaga ishlashga ketmoqchiman. Eshitishimcha, u yerda o‘qishga kirish oson ekan. Rossiyaga borib ham ishlab, ham o‘qishni reja qilyapman.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Oynisa Jo‘rayeva, 34 yoshda. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan. OTM imtihonlaridan o‘n marta o‘tolmagan.

Oliy ma’lumotli bo‘lmasangiz, sizga hech qayerda ish yo‘q

2005-yil maktabni a’lo baholarga tugatganimdan so‘ng, o‘sha yili Buxoro davlat universitetining milliy istiqlol g‘oyasi va huquq yo‘nalishiga topshirganman. Imtihonda 108 ball to‘plaganman. Kontraktga kirishimga 0,3 ball yetmagan. Opam esa hech qanday tayyorgarlik ko‘rmasdan shu universitetning maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga topshirib, 72 ball olib kontraktga kirgan.

Oilaviy sharoitimiz yaxshi bo‘lmagani uchun uydagilarim opamni o‘qitmay, mening o‘qishimni “dopkontrakt” (qo‘shimcha qabul) qilmoqchi bo‘lgan. Ammo o‘sha yili qo‘shimcha o‘rin ochilmagan.

Shundan keyin repetitorga qatnab, yana tayyorgarlik ko‘rdim. Kelasi yili falsafa yo‘nalishiga topshirib, 119 ball to‘pladim, ammo kirolmadim. 2010-yili hamma telefon, “X variant” olib kiryapti deb, men ham shpargalka topib, olib kirdim, lekin imtihondan chetlatildim. Shunday qilib, olti yil o‘qishga hujjat topshirdim.

“Endi kira olmaysan, oliy ma’lumotli bo‘la olmading, hech bo‘lmasa, kollejda o‘qi”, deb ota-onam kollejga tikuvchilik yo‘nalishiga o‘qishga kirgizishgan.

2011-yil turmushga chiqdim. Erim harbiy edi. Ishi tufayli bir muddat Jizzaxda yashadik. O‘sha yerda kutubxona yo‘nalishida bir yillik o‘quv kursini tamomladim. Farzandli bo‘ldim, ammo oliy ma’lumotli bo‘lish fikri xayolimdan ketmadi.

2018-yil Qarshidagi 24-maktabga kutubxonachi bo‘lib ishga joylashdim. 2018-, 2019- va 2020-yillarda yana o‘qishga topshirdim, lekin talabalik baxti nasib qilmadi. Erim pensiyaga chiqqanidan so‘ng, Buxoroga qaytdik. Bu yil Buxoro davlat universitetining maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga topshirdim va yana muvaffaqiyatsizlikka uchradim. Ba’zida shunchalik omadsizmanmi, deb o‘ylab qolaman.

Mening ham o‘qigim, oliy ma’lumotli bo‘lgim keladi. Har kuni ish izlayman, ammo ma’lumotim o‘rtaligini eshitib hech kim ishga olmaydi. Oliy ma’lumotli bo‘lmasangiz, sizga hech qayerda ish yo‘q.

10 yildan beri ijarada yashaymiz. Turmush o‘rtog‘imga yordam bersam, birga ishlab uy olsak, deyman. Oliy ta’lim bizdaylarga yordam bersa qaniydi!

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Fathullo Abduzoirov, 18 yoshda. Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidan. OTM imtihonlaridan ikki bor o‘tolmagan

Dunyoning eng nufuzli universitetlariga kirish ham bu darajada qiyin emas

Bu yil ikkinchi marotaba Sharqshunoslik institutining turizm fakultetiga topshirib, imtihondan yiqildim. Testdan ko‘nglim 100 foiz to‘lib, xursand chiqqan edim. Ammo baxtga qarshi bu yil ham o‘tgan safargidek telefonimga “Talabalikka tavsiya etilmadi” degan yoqimsiz xabar keldi. Ochig‘ini aytsam, bu “xushxabar” meni xafa qilgani yo‘q. Ammo ota-onam, aka-opalarim oldida uyaldim. Chunki ular menga juda ishongan edi.

Dunyoning eng nufuzli institut va universitetlariga ham o‘qishga kirish bu darajada qiyin emas, chunki ular o‘z yoshlarini yetuk inson bo‘lishini istaydi. Albatta, O‘zbekistonda ham “xohlashadi”, chunki bizda super kontrakt bor-ku!

Endi nima qilishimga kelsak, nima bo‘lgan taqdirda ham hech qachon O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirib, kelajagimni yo‘qotmayman. Qolaversa, o‘qishni bitirganingizdan keyin ham yaxshi oylikli ish topish muammo.

Bizning universitetlarni bitirib, buyuk inson bo‘lish juda ham qiyin deb o‘ylayman. Oddiy imtihonning o‘zidan o‘tolmayapmiz-ku, buyuk inson bo‘lish qayerda?

Biroq men o‘z maqsadlarimdan qaytmayman. Ingliz tilini bilaman, endi chet elga topshirib, tajriba orttirmoqchiman. Juda mansabdor shaxs bo‘lolmasam ham O‘zbekistonda ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar qilaman. Bunga kuchim ham, ko‘zim ham yetadi.

Dilobar Bahromova, 25 yoshda. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridan. OTM imtihonlaridan ikki marta o‘tolmagan

Super-kontraktga o‘qiy desam, qimmat

2015-yil Shahrisabz shahar Oziq va maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini bitirganman. O‘sha paytlari o‘qish istagim juda kuchli edi. Ammo kollejni tamomlaganimdan so‘ng ota-onam universitetga topshirishimga qarshilik qilishgan.

2018-yili turmushga chiqqanman. Erim qurilishda ishlar edi. O‘zim o‘qitaman, derdi. Ammo turmush o‘rtog‘im Jonibek Ravshanov 2019-yil 18-dekabr kuni Yunusobod metrosi qurilishidagi baxtsiz voqea tufayli vafot etdi.

Marhumlarning oila a’zolariga kompensatsiya to‘lash haqida xabar chiqqanidan uch kun o‘tib, qaynonam meni uydan haydab yubordi. Shundan beri ota uyimdaman. Hozir qizimning tarbiyasi bilan bandman.

Oliy ta’lim muassasasida o‘qish istagim hali ham kuchli. 2020-yil O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjatlarimni topshirdim, ammo kirolmadim. 2021-yil kam ta’minlanganlar, boquvchisini yo‘qotganlar uchun beriladigan to‘rt foizlik imtiyoz oldim. Bali pastroq bo‘ladi deb o‘ylab, Milliy universitetning milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari fakultetiga o‘qishga topshirdim — 67,2 ball to‘plab kirolmadim.

Aslida berilgan imtiyozga ko‘ra bizga ball qo‘shib berilishi kerak edi. Lekin nafaqat menga, balki boshqa imtiyoz olgan tanishlarimga ham hech qanday ball qo‘shilmadi. Kimga murojaat qilishni bilmay qolaverdim.

Ochig‘ini aytishim kerak, farzandim va oilaviy sharoitdan kelib chiqib yaxshi tayyorgarlik ko‘rolmagandim. Oxirgi oyda tarix kitoblarini o‘qidim, ammo boshimdan o‘tkazgan stresslar tufayli o‘qiganlarim esimda qolishi qiyin bo‘ldi. O‘qigan savollarim tushmadi, testlarni yechishga qiynaldim.

Super-kontraktga o‘qiy desam, qimmat. To‘g‘ri, davlat tomonidan erimning vafoti uchun berilgan 90 million kompensatsiya puli bor. Uni super-kontraktga to‘lab o‘qiydigan bo‘lsam, keyin uy-joyni nima qilaman? Hozir ota hovlimda ikki kelinoyim bilan birga yashaymiz. Tezroq uy-joy qilmasam bo‘lmaydi. O‘qimay desam, talabalarni ko‘rib, juda havasim kelyapti.

Otabek Sunnatov, 19 yoshda. Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridan. OTM imtihonlaridan ikki marta o‘tolmagan.

Davlat bizning orzularimiz ushalishini kafolatlamagan

2020-yil Samarqand davlat tibbiyot institutiga, bu yil esa Qarshi muhandislik institutiga hujjatlarimni topshirgandim. Ammo barcha urinishlarim muvaffaqiyatsiz kechdi.

O‘zimda ham ayb katta. Agar yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rganimda, balki o‘qishga kirarmidim, lekin bu afsuslanishim hozir nimani o‘zgartira olardi?

Oliygohda o‘qish bizning hayotimizda muhim rol o‘ynab qolgan, go‘yo diplomingiz bo‘lmasa, ishsiz qolib ketadigandek. Boshqa tarafdan olib qaraganda, davlat tashkiloti yoki unga qarashli korxonalarda ishlaydigan kishilarning 90 foizi hayotidan rozi emas. Ulardan ishi haqida so‘rasangiz oylikning pastligi, sharoit yo‘qligi va yana bir qator muammolar haqida gapiradi.

O‘zbekistonda biz orzu qilgan hayot hali kelmasa kerak, deb o‘ylayman. Albatta, davlat bizning orzularimiz ushalishini kafolatlamagan. Ammo davlat beradigan 1-2 million so‘m oyligi bilan umrimni o‘tkazish niyatim yo‘q. Balki, shuning uchun menda o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish ishtiyoqi pastdir.

Tushundimki, bu hayotda o‘zing uchun o‘zing harakat qilmasang, sen uchun hech kim harakat qilmas ekan. Endilikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatim bor. Bu men uchun eng yaxshi ish va xobbi desa ham bo‘ladi. Hozir savdo-sotiq sohasida bir muddat ishlab, biznesim uchun boshlang‘ich sarmoya to‘plamoqchiman.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Ismini oshkor etishni istamagan abituriyent ayol. 44 yoshda. Xorazm viloyatidan.

Bechora “o‘rta maxsuslar” noilojlikdan ish joylarini saqlab qolish uchun chet el universitetlariga topshiryapti

Viloyatimizdagi maktabda texnologiya fanidan dars beraman. Bu yil biz kabi o‘rta ma’lumotli o‘qituvchilarga haftasiga ikki soatdan dars qo‘yildi. Qolgan darslarimiz esa oliy ma’lumotli o‘qituvchilarga qo‘shib berildi. Biz shuncha yillik stajimiz bilan qolib ketaverdik. Yana kamiga rozilik xatini ham yozasan, deyishyapti.

Men o‘z hayotimni aytib nolimoqchi emasman. Chunki o‘zim ham vaqtida oliy ma’lumotli bo‘la olmadim. 1998-yil Xiva pedagogika bilim yurti (texnikum)ni bitirganimdan keyin oliygohga kirish uchun harakat qilmadim. Sababi oilaviy sharoitim shuni taqozo qilardi.

O‘g‘limda osteoporoz kasalligi bor. Davolatish uchun 13 yil Toshkentga qatnadim, topganimiz shunga ketdi. Farzandim o‘ziga kela boshlaganidan keyin OTMga topshirish uchun tayyorgarlik ko‘rdim. Ammo shuncha yilgi siqilishlar inson xotirasiga ta’sir qilarkan, qancha o‘qisam ham baribir miyam yosh abituriyentlarnikiday qabul qilmas ekan.

Bu yil Urganch davlat universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga topshirgandim. Imtihonga kirganimda ham xonada eng yoshi kattasi o‘zim edim. Nazoratchilar ichkariga kiritayotib, meni ko‘rib, “ota-onalar tashqarida kutadi”, dedi. Ularning gaplarini hazilga yo‘yib, “men 44 yoshli abituriyentman” dedim. Imtihondan 74,5 bal to‘pladim. O‘qishga kirishimga 10,5 ball yetmay qoldi.

Men hozir ishlashga majburman. Chunki oila boshlig‘imiz jismoniy mehnatga yaramaydi. O‘g‘lim 22 ga kirdi. Uni o‘qitish uchun repetitorga berishim kerak. Hozir ozgina pul ham menga juda kerak.

Bechora “o‘rta maxsuslar” noilojlikdan ish joylarini saqlab qolish uchun chet el universitetlariga topshiryapti. Shuncha pul davlatimiz hisobiga qolsa, yaxshi emasmi?

Hozir yoshlar uchun texnikumlar ochilyapti. Uni namunali bitirgan talabalarni suhbat asosida ikkinchi bosqichdan o‘qishga qabul qilinarkan. Shunday imkoniyatlar biz kabi staji bor “o‘rta maxsuslar”ga ham yaratilsa, juda yaxshi bo‘lardi.

Quvondiq Almatov, 22 yoshda. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan. OTM imtihonlaridan to‘rt marta o‘tolmagan

Nahotki insonning orzulariga yetishishi shunchalar qiyin bo‘lsa?

To‘rt yildan buyon oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiraman. Ikki yil Qarshi davlat universitetiga, 2020-yil Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga, 2021-yil O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot kommunikatsiyalari universitetiga hujjat topshirganman. Biroq yetarli ballni to‘play olmayotganim uchun talabalik baxtiga erisholmayapman. Orzularim filolog, jurnalist, bloger bo‘lish.

O‘tgan yili o‘qishdan yiqilganimdan so‘ng qattiq tushkunlikka tushib qoldim. O‘quv markazida o‘qimaganimda ham mayli derdim, ammo tayyorgarlik ko‘rib turib o‘qishdan yiqilish odamga qattiq alam qilarkan. Shundan so‘ng yana tayyorgarlik ko‘rish fikridan qaytib, texnikumga hujjat topshirishga qaror qildim. Uydagilarimning “O‘zing qiziqmagan sohada qanday o‘qiysan?” deyishiga qaramasdan men o‘z qarorimni o‘zgartirmadim. Samarqand transport va muhandislik kommunikatsiyalari texnikumi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot kommunikatsiyalari universitetiga qarashli bo‘lgani uchun men shu texnikumning telekommunakatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga hujjat topshirdim va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim.

Men o‘z qiziqishlarimni so‘ndirmaslik uchun tahsil olayotgan texnikumimning rasmiy Telegram kanalini yaratib, ushbu kanalni yuritib kelmoqdaman. Biroq o‘zimda baribir texnikumda o‘tilayotgan fanlarga nisbatan qiziqish uyg‘otolmadim.

Shuning uchun bu yil O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot kommunikatsiyalari universitetining bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi fakultetining kechki ta’limiga hujjat topshirdim. Ming afsuski, yana ozgina ball yetmay qoldi. Nahotki insonning orzulariga yetishishi shunchalar qiyin bo‘lsa? Hayotga bir marta kelib shunda ham o‘zim yaxshi ko‘rgan kasbga yetmasligimni o‘ylasam, ich-ichimdan o‘ksinib ketaman.

Shu darajada bosma ommaviy axborot jurnalistikasiga qiziqamanki, biror OAVda oddiy qorovul bo‘lib ishlashga ham rozi edim. Na iloj, taqdirga yozilganidan qochib qutulib bo‘lmas ekan.

“Daryo” internet-nashrida o‘qishdan yiqilishni fojia emas, deb biladigan muvaffaqiyatli insonlarning suhbatini o‘qib, o‘zimda kuch topa oldim. Haqiqatan ham mening xayolimda o‘qishga kirolmaslik, diplomsiz qolish fojiadek ko‘rinib qolayotgan edi.

Hozir texnikumning 2-bosqichida o‘qiyapman. Bu yil texnikumni bitirib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga topshiraman. Imtihonimiz suhbat asosida o‘tkaziladi. Xudo xohlasa, a’lo darajada o‘tsak, o‘qishni universitetning 2-kursidan davom ettirarkanmiz.

Ko‘pchilik texnikum o‘quvchilarining maqsadi ham shu universitetga kirish. Alloh nasib qilgan bo‘lsa, o‘zim qiziqqan sohamga ham erisharman.

Suhbatdosh: Xonzodabegim A’zamova 

Muharrir: Dilshod Sharipov