Andijon tumanida yashovchi fuqaro kelishmovchilik sabab o‘gay ukalarini chopib tashladi. Ulardan biri ko‘p jarohat olishi oqibatida vafot etgan, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Aniqlanishicha, 2021-yilning 7-sentabr kuni soat 17:00 da Andijon tumanining “Jahonobod” mahallasida yashovchi fuqaro M.S. o‘gay ukalari — voyaga yetmagan R.S. va I.S.lar bilan o‘zaro janjallashib qolib, ularga chopqi bilan zarar yetkazgan.

O‘gay aka janjal davomida daraxt shoxlarini chopish uchun mo‘ljallangan chopqi bilan R.S.ning bosh, bo‘yin, yelka, qo‘l, oyoq va son qismlariga urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohatlari yetkazgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, aka yana bir ukasi I.S.ning ham bosh, bo‘yin, yelka, qo‘l qismlariga urib, og‘ir turdagi ko‘plab tan jarohatlari yetkazgan.

Ayni kunda holat yuzasidan M.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. M.S.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.