Samarqand viloyati Payariq tumanida xorij fuqarolar do‘kondan pullarni o‘g‘irlab ketdi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Foto: Samarqand IIB

Qayd etilishicha, Payariq tumanida 2021-yil 12-sentabr kuni soat 17:00 larda savdo do‘koniga tashqi ko‘rinishidan chet davlat fuqarosiga o‘xshaydigan bir erkak va ayol kishi kelib, turk tilida gapirib, 100 AQSh dollari pullarini ikkita 50 AQSh dollari kupyuralariga almashtirib berishini so‘ragan.

Sotuvchi do‘konidagi seyfidan kupyuralarni ularga olib berayotgan vaqtida, o‘sha erkak kishi seyfidagi 5100 AQSh dollarini o‘g‘irlab olib, yonidagi ayol bilan birga chiqib ketgan.

Xavfsiz turizmni ta’minlash xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyatni Eron fuqarolari 1958-yilda tug‘ilgan R.A. hamda uning turmush o‘rtog‘i 1980-yilda tug‘ilgan S.D. sodir etilgani aniqlanib, Toshkent shahri hududida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda holat yuzasidan Samarqand viloyati Payariq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.