Rossiya va AQSh rahbarlari Vladimir Putin va Jo Baydenning Jenevadagi uchrashuvi jahon geosiyosatida katta ijobiy o‘zgarish yasadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT)ning Dushanbeda o‘tkazilgan Kollektiv xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, To‘qayev jahon geosiyosatidagi ijobiy siljishlarni qayd etgan. “Asosiysi — Rossiya va AQSh prezidentlarining Jenevadagi uchrashuvi bo‘ldi, uning natijasida ikki yirik yadroviy davlat o‘rtasida strategik muvozanatni saqlash to‘g‘risida juda muhim kelishuvga erishildi. KXShT doirasida biz allaqachon Rossiya va AQSh o‘rtasida strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirishni siyosiy qo‘llab -quvvatlashimizni bildirganmiz ”, — dedi To‘qayev.

16-iyun kuni Jenevada Putin va Bayden o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Bu ularning davlat rahbarlari sifatida birinchi yuzma-yuz uchrashuvi, shuningdek, 2018-yildan beri birinchi Rossiya-Amerika sammiti edi. Liderlar qo‘shma bayonotida tomonlar strategik barqarorlik bo‘yicha ikki tomonlama keng ko‘lamli muloqotni boshlash niyatida ekanini ta’kidlagan, bu mazmunli va kuchli bo‘ladi. Bundan tashqari, Moskva va Vashington kiberxavfsizlik, mahbuslarni almashtirish va qurol nazorati bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlashni rejalashtirmoqda.