Bundan besh yil muqaddam — 2016-yilning 2-sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafot etgani rasman e’lon qilingan. Bu xabar “Axborot”ning maxsus sonida suxandon Alisher Badalov tomonidan O‘zbekiston xalqiga o‘qib eshittirilgan edi. E’tiborga molik tomoni, Badalov 1983-yili O‘zbekistonning boshqa bir uzoq yillik rahbari — Sharof Rashidovning ham vafoti haqidagi axborotni xalqqa o‘qib eshittirgan edi. “Daryo” muxbiri ushbu sana munosabati bilan taniqli suxandon xonadonida bo‘lib, besh yil avvalgi jarayon qanday kechgani haqida suhbatlashdi.

Foto: Alisher Badalovning shaxsiy arxividan

Alisher Badalov. 1959-yilda tug‘ilgan. 40 yildan buyon televideniye sohasida xizmat qilib keladi. Oliy toifali suxandon.

Islom Karimov bilan bilvosita ko‘rinmas aloqa

Islom Abdug‘aniyevich bilan bevosita tanish bo‘lmaganmiz. U kishini el qatori davlatimizning birinchi prezidenti sifatida taniganman. Ammo, asosan, O‘zbekiston televideniyesining “Axborot” dasturida ishlaganim uchun, faoliyatimning asosiy qismi farmonlar va boshqa muhim hujjatlar haqidagi axborotni xalqimizga yetkazish bo‘lgani bois, Islom Karimov bilan bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ko‘rinmas aloqada bo‘lganmiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islom Karimovni fe’lan siyosiy xarizmaga ega bo‘lgan, barcha davlat rahbarlari orasida katta hurmatga ega bo‘lgan shaxs deb bilaman. Shu bilan birga, u O‘zbekiston manfaatlarini himoya qila oladigan kuchli diplomat ham edi.

“Prezidentning betobligi haqida mish-mishlar avval ham tarqab turardi”

Islom akaning kasal bo‘lib qolgani yoki shaxsiy hayotiga doir boshqa xil mish-mishlar tarqalib turardi, biroq ularning qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligini bilmasding. U kishining hayotiga doir ma’lumotlar yopiq edi.

Bir yili “kasal bo‘lib qolibdilar” degan gap tarqalgan. O‘shanda bu mish-mishlarni rad etish uchun samolyotga namoyishkorona, ilgarigidan farqli ravishda shaxdam qadamlar bilan yugurib chiqqandilar. Chet el jurnalistlari bilan intervyu vaqtida ular prezidentdan uning sog‘lig‘i haqida so‘rashsa, “Yo‘g‘e, mana ko‘rib turibsizlar-ku, soppa-sog‘man”, deb aytgan vaqtlari ham bo‘lgan. Bunaqangi holatlar ko‘p bo‘lgan.

Shu bois 2016-yil 28-avgust Islom Abdug‘aniyevichning betobligi haqida axborot berilganida, bu rasmiy bo‘lsa-da, odamlar ishonmay, mish-mish bo‘lsa kerak, degan fikr bo‘lgan. “Mustaqillik bayrami arafasida bizni ko‘rolmaydiganlarning navbatdagi g‘iybati” degan fikrlar ham bo‘lgan.

Favqulodda holatlarda qanday harakat qilish bo‘yicha reja bo‘lganmi?

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Davlat rahbari vafot etsa, masalan, televideniye xodimlari qanday harakat qilishi kerakligi bo‘yicha biror reja, yo‘riqnoma bo‘lganmi? Nazarimda, bunday reja bo‘lmagan. Aynan qog‘ozga tushirilgan, muhr bosib tasdiqlangan hujjat yo‘q edi. Tasavvur qilib ko‘ring, siz aytayotgan hujjatni o‘sha davrda, Islom Karimov hayotligida chiqarish mumkinmidi o‘zi?

Ammo bu haqda axborot berishning formati, to‘g‘rirog‘i, an’anasi bor edi. Televizorda kun bo‘yi simfonik orkestr, balet yo mumtoz musiqa qo‘yilyaptimi, odamlar yo biror katta musibat bo‘lgani, yo yuqori martabali shaxslardan kimdir vafot etganidan shu yo‘sinda xabar topardi.

Sovet davridan qolgan format bor edi — qoraytirilgan, qorong‘i kadr ichida asta suxandon paydo bo‘lib, o‘ta bir kayfiyatsiz ahvolda, juda xomush bo‘lib, salom berib, vazminlik bilan: “Bugun, falonchi yoshda, pismadonchi...”, deya gap boshlar, ism-sharifni o‘qish joyiga yetib kelgunicha ma’lum bir manerasi bo‘lardi. “Falonchi Pistonchiyev” deyilishi bilan suxandon yo‘qolib, marhumning surati ko‘rsatilardi va “vafot etdi” deyilardi.

Keyin marhumning tarjimai holi, tibbiy xulosalar, ta’ziyanomalarni varaqma-varaq o‘qish ikki soatgacha davom etishi mumkin edi. Mana shu format qo‘llanma bo‘lib qolgan edi.

“Sharof Rashidov vafoti haqidagi xabarni ham xalqqa yetkazganman”

SSSR yetakchilari Leonid Brejnev (1982) va Konstantin Chernenko (1985) va O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov (1983) kabilarning vafoti haqidagi axborotlarni o‘zbekistonliklarga o‘qib eshittirish menga nasib etgan. Faqat Yuriy Andropov (1984) o‘limi haqidagi axborotni o‘qimaganman, ammo dafn marosimida qatnashganman — o‘sha vaqtda Moskvada televideniye xodimlari malakasini oshirish institutida o‘qiyotgandim.

Alisher Badalov va Galina Melnikova.

Foto: Alisher Badalovning shaxsiy arxividan

Aytishlaricha, nekrologlarni mendek o‘qiydigan kam bo‘lgan ekan. Sovet davrida Moskvadagi markaziy televideniyening xabarlarni o‘qish tartibi, tabiiyki, bizga, O‘zbekistonga ham ko‘char edi. Ochig‘ini aytganda, “Vremya” dasturi butun sobiq ittifoq respublikalari uchun maktab vazifasini o‘tagan. O‘sha vaqtdagi nekrologlarni o‘qish formatini diktor Igor Kirillov belgilab bergan edi. Brejnev, Suslov (Politbyuro a’zosi), Rashidov, Chernenko vafoti haqidagi nekrologlarni o‘sha formatda o‘qiganman.

“Nega meni tanlashganini bilmayman”

2016-yil avgustida, shumxabarlar tarqalgan vaqtda “diktorlar tayyor bo‘lsin”, “yig‘ilinglar”, degan topshiriqlar bo‘lgan. Haydovchilardan tortib tasvirchilargacha hamma chaqirilgan. Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasidan mas’ul xodimlar, televideniye rahbarlari yetib kelgan. Mudhish xabar xuddi havoda uchib yurgandek, hammaning tilida: “Islom akaning mazalari qochgan, ahvollari og‘ir”.

Boshida holat qandayligini, ish qanday tashkil etilishini aniq bilmaganmiz. Balki ikki kishilashib o‘qilar, balki bo‘lib-bo‘lib — kimdir asosiy qismini e’lon qilsa, ortidan yana kimdir davom ettirar — jarayon qanday tartibda bo‘lishini, formatini bilmaganmiz. Men, rahmatli Shuhrat Qayumov, Uchqun Tillayev — o‘sha vaqtlarda u tajriba sifatida “Axborot”da endi-endi chiqayotgan edi — va yana bir necha yosh boshlovchilar diktorlar xonasiga yig‘ildik.

Qandaydir mudhish voqea yuz berayotganini hammamiz sezib turibmiz. Shu voqea haqidagi xabarni kimdir o‘qiydi deb, hammamiz tayyor turibmiz. Vaziyat shu qadar keskin ediki, hozir buni soatma-soat eslay olmayman. Biror voqea yuz berayotgan bo‘lsa, biz diktorlar: “Tezroq matnni beringlar!”, — deb hayajonda bo‘lamiz. Chunki butun xayolimiz shu matnni to‘g‘ri yetkazishda bo‘ladi, xato qilib qo‘ymaylik, tag‘in xol tushirib qo‘ymaylik, degan o‘yda bo‘lamiz.

Adashmasam, shomga yaqin mas’ullar kirib kelishdi-da, “Alisher aka, mana, matn, siz o‘qirkansiz”, deb aytishdi. Nima uchun meni tanlashganini bilmayman. Sabablaridan biri — ikki tilda, o‘zbekcha va ruscha o‘qishim bo‘lsa kerak. Shunday qilib, O‘zbekiston xalqiga Islom akaning ahvollari og‘irlashgani haqidagi axborotni o‘qib berdim.

Oradan ikki soat o‘tib, ikkinchi matnni qo‘limga tutqazishdi...

Prezidentning vafot etgani haqidagi xabarni eshitgach, qanday ahvolga tushgan?

Bunday holat inson hayotida kamdan-kam sodir bo‘ladi. Bizning ishimiz ijro, yetkazib berish nuqtayi nazaridan qaysidir ma’noda san’at. Miyamga birinchi bo‘lib urilgani: “Bor mahoratingni ko‘rsatadigan vaqt keldi”, degan fikr bo‘lgan. Avvalo, bu mudhish voqea — 25 yil O‘zbekistonni boshqargan rahbar vafot etgan, mamlakat hayotidagi eng katta burilishlardan biri edi.

Butun xalq ko‘z tikib, qulog‘ini ding qilib, eshitib turgan mahal. O‘tgan 25 yil keskin burilishlar bo‘lmagani, bir tekisda hayot kechirganimiz, nekrologlar ham o‘qilganiga 30 yildan oshib ketgani, xuddiki hamma barhayotdek ko‘ringani uchun tayinli tayyorgarlik ham yo‘q edi. Ana shu vaziyatda o‘ta mash’um xabarni ommaga yetkazish mas’uliyati mening yelkamga yuklandi.

Prezidentning vafoti haqidagi xabarni o‘qishga kirishishimdan avval rejissor yonimga kelib: “Bardam bo‘ling, juda yig‘lab ham yubormang, lekin juda shoshib ham ketmang. Me’yorida bo‘lsin. Nima qilishni o‘zingiz juda yaxshi bilasiz, sizga tushuntirishning hojati yo‘q”, deb o‘zimni qanday tutishim kerakligini aytib ketdi. Hammasi bitta dublda yozilib, tezda efirga berib yuborilgan.

Faxrlanish desam balki vaziyatga to‘g‘ri kelmas, ammo o‘shanda professionalizm nuqtayi nazaridan men uddaladim, degan o‘ylar bo‘lgan. Keyinchalik bilsam, mening o‘qishimni rahbarlar ham e’tirof etgan, “To‘g‘ri tanlagan ekanmiz, biz o‘ylaganimizchalik yetkazib bera oldi”, deyishgan ekan.

“Sen yomon xabar tarqatuvchisan, sen bilan ko‘rishmayman!”

Meni o‘ziga yarasha odamlar tanir, bilar, o‘zimga yarasha qandaydir o‘rnim bor edi. Ammo, qarang, hayot qiziq-da — prezidentning vafoti haqidagi axborotni o‘qiganim bahona meni yanada ko‘proq taniydigan bo‘lib qolishdi. Bu narsani mahorat desa bo‘ladimi o‘zi-yo‘qmi, lekin shu mudhish voqeadan so‘ng xalqimizdan “shuni juda yaxshi, odamlarni yuragiga yetkazib o‘qidingiz, ijrosi san’at darajasida, juda chiroyli bo‘ldi, hech qanday ortiqcha yoki yetishmovchiliksiz, qiyomiga yetkazdingiz” degan bahoni ko‘p olganman, ko‘p maqtashgan.

Ehtimol chin, balki hazil qilib: “Sen yomon xabarchi ekansan, sen yomon xabar olib kelding”, degan ta’nasifat gaplar ham bo‘lgan. Endi aytish o‘rinlimi-yo‘qmi, bilmadimu, uchrashuvlarda oshna-og‘ayni, do‘stlar, hamkasblar yarim hazil, yarim chin qilib: “Sen bilan ko‘rishmayman, nuqul yomon xabarlarni beradigan odamsan, seni ko‘rsam, yomon voqealar, o‘lim haqidagi xabarlar esimga tushib qolaveradi”, degan munosabatlar ham bo‘lgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Har kim o‘z ishiga katta baho beradi. Nafaqat nekrolog, balki “Axborot”da farmonlar, qarorlarni ham maromiga yetkazib o‘qiganim uchun kanal rahbariyati tomonidan oz bo‘lsa-da (odamga hech qachon yetarli bo‘lmas ekan-da), ko‘ngil uchun, motivatsiya bo‘lsin deb mukofot puli berib turilardi. Ammo aynan Islom akaga doir nekrolog qandaydir turtki bo‘ldi shekilli, shu voqeadan so‘ng men “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Ehtimol, o‘sha ta’ziyanomani o‘qiganimning ta’siridir bu ham.

Alisher Badalov nega ko‘rinmay qoldi? “Qora ro‘yxat”ga tushganmi?

Men hech qachon “qora ro‘yxat”da bo‘lmaganman. Bir qator hamkasblarim bu ro‘yxatga tushgan, hatto ishdan ham bo‘shatilgan. Masalan, boshqalarning noprofessionalligi sabab rahmatli Rahmatilla aka Mirzayev ishdan ko‘p yillarga chetlatilgan.

Ilgari “Axborot”dagi qiyin-qiyin matnlar jonli o‘qilardi. Buning qanchalik qiyinligi ma’lum. Ammo ishga diktorlikni, rejissorlar, muharrirlar ishining mohiyatini bilmaydigan, tushunmaydigan noprofessional odamlar, ba’zi o‘rta bo‘g‘in rahbarlari aralashganidan keyin ish yanada qiyinlashardi.

Masalan, “Axborot”da o‘qiladigan matn kunduzi keladi, uni tayyorlash uchun diktorga berish kerak. Yo‘q, ular matnning uyog‘ini o‘zgartiradi, buyog‘iga tuzatish kiritadi, “Ivan Petrovich Susanin deb o‘qish kerakmi yo Ivan Susanin? Oddiy Susaninmi yo o‘rtoq Susanin deyish kerakmi?” deganga o‘xshash bo‘lmag‘ur narsalar ustida bosh qotirib, qayerlargadir maslahatlashuvga qo‘ng‘iroq qilib, efirga 10 daqiqa qolganida chizib tashlangan aji-buji matnni diktorga berardi.

Diktor nima deb yozilganini tushunmaydi, tushunib olish, o‘rganish uchun ko‘proq vaqt kerak. Davlat ahamiyatiga molik shu ikki varaq narsani vaqtliroq olib kelsa bo‘lmaydimi? Navbatdagi shunday holatdan so‘ng Rahmatilla aka o‘qimayman deb turib olgan, efirga allaqachon “shapka” ketgan, ekranda “Axborot”ning soati aylanyapti, buyoqdan bo‘lsa, yugurgilab matnni olib kelishyapti. Rahmatilla aka o‘qimayman deb, “Axborot”ni ikkinchi material bilan boshlagan, sinxron material ketayotganida boyagi matnni o‘qib olib, keyin uni o‘qigan. Shundan keyin “yo‘qotinglar uni” degan buyruq kelgan, Rahmatilla akani birovning aybi bilan ishdan olishgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Albatta, bu juda xunuk narsa, umuman birovga zulm o‘tkazish yomon. Senga kimgadir yoqmasa yo u sening raqobatching bo‘lsa, raqobat ham halol bo‘lishi kerak, raqibni halol musobaqada yengish kerak. Men shunga — halol musobaqaga o‘rganganman. Lekin, afsuski, hayotimda birovning oyog‘iga bolta urish, chalish, yomonotliq qilish holatlarini ko‘p ko‘rganman. Bilasizmi, bunday holatlar ko‘pincha xudosizlikdan kelib chiqadi. Oliy hakam borligiga ishongan odam bunaqangi mayda-chuyda ishlarni qilishga qo‘rqadi.

Muallif:Musulmonbek Ibrohimov