1991-yilning 19-avgustiga o‘tar kechasi SSSRda putch boshlangan edi: partiya rahbariyati va generalitet Ittifoq prezidenti Mixail Gorbachyov hokimiyatdan chetlatilgani, hokimiyat GKChP (SSSRda Favqulodda holat davlat qo‘mitasi)ga o‘tgani va favqulodda holat haqida e’lon qilgan. Tongda Moskva ko‘chalarida tanklar paydo bo‘lgan, markaziy ko‘chalar va maydonlarni armiya bo‘linmalari egallagan, telemarkaz va markaziy telegrafga olib boruvchi yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Oradan uch kun o‘tib putch yakuniga yetgan: Boris Yelsin boshliq RSFSR (Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi) rahbariyati GKChP talablariga bo‘ysunishdan bosh tortgan, odamlar ko‘chalarga chiqqan, putchistlarning o‘zi esa namoyishlarni kuch bilan tarqatish va RSFSR parlamenti joylashgan Oq uyni shturm bilan egallash haqida buyruq berishga jur’at qila olmagan. Meduza o‘sha davrning 10 ta eng muhim suratlarida putch voqealarini tushuntirishga harakat qiladi.

GKChPning SSSR Tashqi ishlar vazirligi binosidagi matbuot anjumani. Favqulodda holat davlat qo‘mitasi a’zolari 19-avgust kuni soat 17:00 da jurnalistlar oldida chiqish qilgan. Suratda markazdagi shaxs — SSSR ichki ishlar vaziri Boris Pugo, uning o‘ng tarafida — SSSR vitse-prezidenti, GKChPning nominal yetakchisi Gennadiy Yanayev. Fitnaning bosh tashabbuskori deb SSSR KGBsi raisi Vladimir Kryuchkov (bu suratda u yo‘q) ko‘riladi. Matbuot anjumanida Yanayev prezident Gorbachyovning betobligi va mamlakatni falokatga qulashdan saqlab qolish zarurligi haqida gapirgan. 24 yoshli jurnalist Tatyana Malkina Yanayevga tarixga kirgan savol bilan murojaat qilgan: “Bugun tunda sizlar davlat to‘ntarishini amalga oshirganingizni anglayapsizmi?”.

Foto: Vladimir Musaelyan va Aleksandr Chumichev / “TASS” / Meduza

Oq uy oldidagi barrikadalar. Bu yerda RSFSR Oliy kengashi, 19-avgust tongidan boshlab putchistlarga qarshilik ko‘rsatish shtabi joylashgan edi. Moskvaga qo‘shinlar kiritilgach, RSFSR prezidenti Boris Yelsin GKChPning harakatlarini davlat to‘ntarishi deb atagan va o‘z tarafdorlarini muddatsiz ish tashlash uyushtirishga chaqirgan edi. 19-avgust oqshomiga kelib, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy oldida bir necha yuz ming odam to‘plangan. Bino shturm bilan egallanishini taxmin qilgan olomon barrikadalar qurishga va qurolsiz ko‘ngillilar harakatini tuzishga kirishgan.

Foto: Aleksandr Nemenov / AFP / Meduza

Tank ustidagi Boris Yelsin — u o‘z tarafdorlarini GKChPga bo‘ysunmaslikka va demokratik Rossiyani himoya qilishga chaqirmoqda. Telemarkaz armiya tomonidan nazorat qilinayotgani va rasmiy yangiliklar dasturlari oralig‘idagi tanaffusda faqat klassik musiqa va “Oqqush ko‘li” baleti namoyish etilganiga qaramay, Yelsinnin murojaati “Vremya” dasturining kechki efirida ko‘rsatilgan.

Foto: Vladimir Pavlenko / PhotoXPress / Meduza

Moskvaning Kalinin shoh ko‘chasi (Yangi Arbat ko‘chasi)dagi BMP (piyodaning jangovar mashinasi), 1991-yil, 20-avgust. Qo‘shinlar va harbiy texnika komendantlik soati ijrosini nazorat qilishi lozim edi. 21-avgustga o‘tar kechasi Moskvaning bir qator nuqtalarida harbiylar va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Sadovaya halqa yo‘li va Kalinin shoh ko‘chasi kesishmasida uch kishi halok bo‘lgan.

Foto: Vladimir Fedorenko / “Sputnik” / Meduza

Sadovaya halqa yo‘lidagi barrikadalar oldidagi odamlar, 1991-yil, 21-avgust. Shu kuni tongda SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Yazov Moskvaga qo‘shinlarni kiritish haqida buyruq bergan. Oq uyni shturm bilan egallash va namoyishchilarni kuch bilan tarqatish haqidagi buyruq berilmagan. GKChP a’zolari o‘z xotiranomalarida Oliy kengashni shturm bilan egallash maqsadi hech kimda bo‘lmaganini ta’kidlaydi, ammo tanklarni qo‘llagan holda va KGB maxsus bo‘linmasi ishtirokida binoni shturm qilish bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqilgan bo‘lgan.

Foto: Aleksandr Nemenov / AFP / Meduza

Mixail Gorbachyov Moskvadagi “Vnukovo” aeroportida, 1991-yil, 22-avgust. Putch kunlari SSSR prezidenti Qrimdagi dala-hovlisida bo‘lgan. GKChPning tashkil etilishi arafasida bo‘lajak putchistlar favqulodda holatning joriy etilishini muhokama qilish maqsadida Gorbachyovning oldiga uchib borgan. Undan rad javobi olingach, dala-hovlidagi aloqa uzilgan, hudud qurshab olingan, prezident samolyotiga to‘siq qo‘yilgan.

Foto: Yuriy Lizunov / “TASS” / Meduza

Moskvadagi “G‘oliblar mitingi”, 1991-yil, 22-avgust. Putchning muvaffaqiyatsizligidan keyin Oq uy oldida bo‘lib o‘tgan namoyishga bir necha yuz ming kishi chiqdi. Mitingda chiqish qilarkan, Boris Yelsin GKChPga qarshi kurash bayrog‘iga aylangan trikolor (uch rangli bayroq) shu kundan e’tiboran Rossiya davlat bayrog‘i bo‘lishini e’lon qildi. Peshinda bayroq Oliy kengashi binosi uzra hilpiray boshlagan.

Foto: Dmitriy Korotayev / AFP / Meduza

Moskvada Feliks Dzerjinskiy sharafiga o‘rnatilgan haykalning olib tashlanishi, 1991-yil, 22-avgust. GKChPning mag‘lubiyatdan so‘ng SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) binosi oldida katta olomon to‘plangan. Ko‘plab guvohliklarga ko‘ra, KGBdagilar olomonning binoga bostirib kirishidan xavotirlangan, biroq RSFSR Oliy kengashi deputatlari qon to‘kilishining oldini olish maqsadida namoyishchilarni tajovuzkorlikdan qaytargan.

Foto: Sergey Mamontov / “TASS” / Meduza

Moskva markazida harbiylar bilan to‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lgan namoyishchilarning dafn marosimi, 1991-yil, 24-avgust. 37 yoshli Vladimir Usov, 28 yoshli Ilya Krichevskiy va 22 yoshli Dmitriy Komar o‘limidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Foto: Dmitriy Korotayev / AFP / Meduza

Oq uyning marmar fasadida g‘oliblar tomonidan qoldirilgan yozuv. 1991-yil, 22-avgust.

Foto: Vladimir Mashatin / “TASS” / Meduza