Polshaning LOT aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Navoiy shahridagi xalqaro aeroportga kelib qo‘ndi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Novosti Tashkentskogo neba” kanali.

Foto: Telegram / “Novosti Tashkentskogo neba”

Ma’lum qilinishicha, ekipaj Afg‘onistondagi Polsha diplomatlarini evakuatsiya qilish uchun Varshavadan LO-7023 reysini amalga oshirgan.

Shuningdek, Navoiy xalqaro aeroportiga Kobul aeroportidan ichida Polsha fuqarolari bo‘lgan Polish Air Force aviakompaniyasning Lockheed C-130H Hercules borti uchib kelmoqda. “Navoiyda fuqarolar Polsha aviakompaniyasining yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Dreamliner’iga o‘tiradi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Germaniyaning ikkinchi evakuatsiya samolyoti 125 nafar yo‘lovchi bilan Afg‘onistondan Toshkentga uchib kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. 16-avgust kuni Afg‘oniston fuqaro aviatsiyasi aviakompaniyalarga mamlakat havo hududini aylanib o‘tishni tavsiya etdi.

Shu kuniyoq United Airlines, British Airways va Virgin Atlantic aviakompaniyalari Afg‘oniston havo hududidan foydalanishni to‘xtatdi. 17-avgust kuni ular qatoriga Air France-KLM, Lufthansa, Qatar Airways, Singapore Airlines, China Airlines va boshqa aviakompaniyalar qo‘shildi.