“Tolibon” radikal harakati jangarilari Kobul shahrini to‘liq qamrab oldi va poytaxtdagi aeroport hududiga kirmoqda. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.

Qandahor, 12-avgust

Foto: AP Photo

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lgan barcha chet elliklar Kobul aeroporti orqali mamlakatdan to‘siqsiz chiqib ketishiga va’da bermoqda. Qolish istagida bo‘lganlar esa harakat vakillariga uchrashib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

“Tolibon” rahbariyati Kobuldagi ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar odatiy rejimda o‘z ishini davom ettirishini ma’lum qildi. Radikallar jangarilarning shaharda g‘alaba paradlarini o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bermoqda.

Ayni vaqtda Afg‘oniston sharqidagi Parvon viloyatining ma’muriy markazi Chorikor shahrida joylashgan qamoqxonadan yuzlab mahbuslar qochib ketdi.

Viloyat politsiyasi boshlig‘i Abdulla Rauf Uruzgani so‘zlariga ko‘ra, qochishga turma direktorining mas’uliyatsizligi sabab bo‘lgan.

Pajhwok agentligi mahalliy manbalariga tayanib yozishicha, qamoqdan qochish u yerdagi qo‘zg‘alon natijasida tashkillashtirilgan. Shu bilan birga, xavfsizlik xizmati xodimlari mahbuslarni o‘qqa tutgan.

Agentlik aniqlik kiritishicha, qamoqxonada 600 ga yaqin odam, shu jumladan, “Tolibon” harakati vakillari ham bo‘lgan.

Avvalroq “Tolibon” harakati Afg‘oniston hududini to‘liq o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani iste’foga chiqqan, hokimiyat “Tolibon” harakatiga topshirilgunga qadar Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri, Germaniyadagi sobiq elchisi Ali Ahmad Jaloliy muvaqqat hukumatni boshqarib turadi.

Ashraf G‘ani, prezident administratsiyasining boshqa xodimlari Kobul aeroportida ekanligi, biroq ularga mamlakatni tark etishga ruxsat berilmayotgani aytilmoqda.