Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd ustav kapitalidagi 57,118 foiz ulushini Coca Cola İçecek A.Ş. kompaniyalar guruhiga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Qayd etilishicha, 2021-yil 6-avgust kuni O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd MChJ (kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118 foiz davlat ulushini Coca Cola İçecek A.Ş. (CCI) kompaniyalar guruhiga, unga to‘liqligicha qarashli bo‘lgan CCI International Holland B.V. sho‘ba korxonasi orqali 252,28 million AQSh dollariga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Bitim davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma’qullangan. Bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qiladi.

Mazkur bitim xalqaro amaliyotda qabul qilingan va O‘zbekiston qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF–6096-sonli farmoniga asosan ommaviy oshkora sotuv jarayoni shaklida tashkil etildi.

Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni Rothschild & Co agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd MChJ — O‘zbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya bo‘lib, u Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida ishlab chiqarish zavodlariga, shuningdek, omborxonalar tarmog‘iga ega. 2020-yil yakunlari bo‘yicha kompaniyaning sof foydasi 205 milliard so‘mni tashkil etgan.

Coca Cola İçecek — alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi turk kompaniyasi bo‘lib, uning tarixi 1964-yilga borib taqaladi. 2002-yildan hozirgi nomda faoliyat ko‘rsatmoqda. Coca-Cola tuzilmasida eng muhim korxonalardan biri hisoblanib, 10 ta bozorga mahsulotlarini yetkazib beradi. Asosiy egalari Anadolu Efes (50,3 foiz) va The Coca-Cola Company (20,1 foiz) hisoblanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bitimning yakunlanishi bilan keng ommaga (jamoatchilikka) hamda ommaviy axborot vositalariga qo‘shimcha axborot va bayonot berishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda O‘zbekiston hukumati Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd QKdagi ulushini xorijiy investorga sotmoqchi ekanligi ma’lum qilingan edi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bitimda vositachi sifatida ishtirok etishi kerak edi. Biroq keyinroq mamlakat hukumatining ustuvor rejalari o‘zgargani sabab jarayon to‘xtab qolgan edi. 2020-yilning mart oyida esa Coca-Cola O‘zbekistonga 31 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani, iyun oxirlarida esa Coca-Cola kompaniyasi ommaviy savdolar asosida xususiylashtirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 2020-yilning avgustida esa Coca-Cola’ning davlat ulushi ikkinchi marotaba sotuvga qo‘yilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Qozog‘iston Ukraina viloyatlarining Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendumlarni tan olmasligini ma’lum qildi
Mahalliy
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi aholi murojaatlarini Telegram-bot orqali qabul qilishni boshlaganini ma’lum qildi
Dunyo
“Farzandlaringizni o‘limga yubormaslik uchun kurashing”. Zelenskiy — Dog‘istondagi safarbarlikka qarshi namoyishlar haqida