“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
19:56, 05.08.2021 30912

Gollivudda karyerasi avvalida ko‘zga tashlanmagan, keyinroq esa olamshumul shuhrat qozongan aktyorlar (foto)

Faoliyatini boshlaganida turli sabablarga ko‘ra rad etilgan, ishtirok etgan loyihalari omadsiz chiqishiga qaramay, bugungi kunda o‘z o‘rni topishga muvaffaq bo‘lgan aktyor va aktrisalar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Oliviya Kolman

Foto: AdMe

“Sevimli” filmida qirolicha Annani gavdalantirib, “Oskar”ga sazovor bo‘lgan, “Toj” serialida Yelizaveta II rolini qoyilmaqom ijro qilgan Oliviya bugungi kundagi eng talabgir aktrisalardan biri sanaladi. Ammo bir vaqtlar u faqatgina serialda ishtirok etish bilan cheklangan, ommaga ham unchalik taniqli bo‘lmagan. 2000-yilda “Bruiser” nomli shouda epizodik rol ijro qilish bilan karyerasini boshlagan Kolman mashhurlikka 2013-yil “Sohildagi qotillik” filmidagi ijrosidan keyin erishgan.

Helen Mirren

Foto: AdMe

24 yoshidan buyon filmlarda suratga tushgan aktrisa asosiy vaqtini teatrga sarflagan. Keyinchalik televizon postanovkalarda ishtirok etgan. Turli filmlardagi roli sabab 1994-, 2001- hamda 2009-yillarda “Oskar”ga nomzod bo‘lgan aktrisa va nihoyat 61 yoshida — “Qirolicha” filmida Yelizaveta II obrazini gavdalantirgani uchun uzoq kutilgan mukofotni qo‘lga kiritgan.

Genri Kavill

Foto: AdMe

Karyerasining boshlanishida katta loyihalardan taklif kelib tushgan, ammo so‘nggi daqiqalarda u bilan ishlashdan bosh tortilgani sabab Empire jurnali Genri Kavillani Gollivuddagi eng omadsiz odam deb atagan. Aslida u “Garri Potter va alanga kubogi”da Sedrik Diggori, “Kazino Royal” filmida Jeyms Bond hamda “Sumerki”da Edvard Kallenni gavdalantirishi kerak bo‘lgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra rejissorlar u bilan ishlamaslikni afzal bilgan. Unga omad 2011-yilda Zak Snayderning yangi “Po‘lat odam” filmida suratga tushganidan keyin kelgan. Shundan buyon Genri karyera borasida muvaffaqiyatga erishishdan charchamagan.

Kris Prett

Foto: AdMe

Kollejni tark etgan hamda chipta sotuvchi va raqqos sifatida faoliyat yuritgan aktyorning uysiz qolgani tufayli furgon yoki sohilda tunagan kunlari ham bo‘lgan. Uning taqdiri kafeda rejissor Rey Don Chongni uchratganidan keyin o‘zgargan. Rey 19 yashar Krisga yangi qisqa metrajli filmda suratga tushishga taklif qilgan. Keyinchalik turli serial va shoularda rol ijro qilib yurgan aktyorning muvaffaqiyatga erishishiga “Bog‘lar va dam olish maskanlari” serialidagi roli sababchi bo‘lgan. Haqiqiy mashhurlikka esa 30 yoshida “Irodali inson” filmidagi ijrosi sabab erishgan.

Martin Frimen

Foto: AdMe

Muxlislarga “Sherlok” serialidagi doktor Vatson, shuningdek, “Uzuklar hukmdori”dagi Bilbo Beggins rollari bilan yaxshi ma’lum bo‘lgan Martinni rejissorlar uzoq vaqt davomi uncha jiddiy bo‘lmagan shou va loyihalarda ishtirok etuvchi aktyor sifatida ko‘rgan. Ammo Jon Vatson rolini ijro qilganidan keyin hammasi o‘zgargan, aktyor aynan ushbu roli sabab BAFTA mukofotini qo‘lga kiritgan.

Benedikt Kamberbitch

Foto: AdMe

12 yoshida “Yoz kechasidagi tush” filmida suratga tushgan Benedikt uzoq vaqt davomida teatrda rol ijro qilishni afzal bilgan. “Hoking” loyihasidagi Stiven Hokingni gavdalantirganidan keyin mashhurlikka erishgan. BAFTA TV Awards’da eng yaxshi aktyor sifatida e’tirof etilgan. 34 yoshida Sherlok Xolms sifatida suratga tushgani esa butun dunyoda tanilishiga sabab bo‘lgan.

Mads Mikkelsen

Foto: AdMe

Deyarli 10 yil davomida professional raqqos sifatida faoliyat yuritgan Mikkelson ilk marta 1996-yil 31 yoshida suratga tushgan. Keyinroq ahamiyatsiz rollarni ijro qilib yurgan aktyorning omadi “To‘ydan keyin” filmidan so‘ng chopgan. Haqiqiy mashhurlikka esa 48 yoshida “Gannibal” serialida rol ijro qilganidan keyin erishgan.

Sara Jessika Parker

Foto: AdMe

14 yoshidan suratga tushishni boshlaganiga qaramay, Sara uzoq vaqt davomida ikkinchi darajali rollarni ijro qilib yurgan. Kerri Bredshou roli esa kinosanoatda mashhurlikka erishishiga sababchi bo‘lgan. Bu vaqtda aktrisa 33 yoshda bo‘lgan.

Aleksandr Skarsgard

Foto: AdMe

7 yoshidan suratga tushishni boshlagan, ammo o‘smirligida e’tibor markazida bo‘lishni istamagani uchun kinoni tark etgan aktyor 21 yoshida san’atga qaytishni afzal bilgan. Nyu-Yorkka ko‘chib kelib, teatr mahoratidan dars olgan. Ilk ko‘zga tashlanadigan ishi Zoolander filmi bo‘lgan Aleksandrning haqiqiy mashhurlikka erishishiga 32 yoshida, “Haqiqiy qon” filmida suratga tushgani sabab bo‘lgan.

Melissa Makkarti

Foto: AdMe

Avvaliga stendaplarda chiqish qilib yurgan Melissa keyinroq o‘zini kinosanoatda sinab ko‘rishga qaror qilgan. “Charli farishtalari”dagi epizodik rol debyuti bo‘lgan aktrisa “Bridesmaids”da suratga tushganidan keyin mashhurlikka erishgan. Bu vaqtda 41 yoshda bo‘lgan Makkarti faoliyati davomida ikki karra “Oskar”ga nomzod bo‘lishga erishgan.