Toshkentning Sergeli tumani “Qo‘shqo‘rg‘on” mahallasidagi omborxonada gaz portlashi yuz berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Voqea 31-iyul kuni soat 19:30 larda sodir bo‘lgan. Oqibatda korxona xodimi halok bo‘lgan va yana uch kishi turli darajada tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Omborxonadan tashqari, ushbu korxonaning ofis binolari qulab tushgan va unga yonma-yon joylashgan do‘kon ham qisman zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash xonaga gaz sizib chiqishi oqibatida kelib chiqqan.

Xabarda aytilishicha, voqea joyida ayni damda FVV qutqaruvchilari, IIV, Bosh prokuratura va boshqa tegishli idoralar vakillari ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu kuni Sergeli tumanida novvoyxona va oshxonada yong‘in kelib chiqqandi. Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.