Toshkent shahri Sergeli tumanida novvoyxona va oshxonada yong‘in kelib chiqdi, deya xabar bermoqda FVV.

Qayd etilishicha, 31-iyul kuni soat 13:10 da Sergeli tumani Qo‘ylik-5 dahasida joylashgan novvoyxona va lavash tayyorlash oshxonasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushdi.

Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:13 da voqea joyiga yetib borib, soat 13:28 da yong‘in o‘rab olingan va soat 13:30 da yong‘in batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida binoning 80 kvadrat metr maydonda tom va shift qismi yonib zararlangan. Yong‘indan 220 kvadrat metr maydon saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bundan avval Qo‘qonda bir-biriga tutash 5 ta xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani, Qoraqalpog‘istonda ham reklama monitori yonib ketgani hamda Samarqandda 5 ta xonadonda yong‘in yuz bergani haqida xabar berilgandi.