Shavkat Mirziyoyev ota-onasiz qolgan bolalarga ma’naviy va moddiy yordam berish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Mehrga tashna bolalarni oila bag‘rida tarbiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

Bugungi kunda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 309 nafari chin yetimlar, qolgan 1 ming 514 nafari ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar hisoblanadi. Vaholanki, bunday oilalarga yordam berib, mehribonlik uylaridagi 70 foiz bolalarni o‘z oilasi bag‘riga qaytarish mumkin.

Shuningdek, 79 ming nafar ota-ona mehridan mahrum, shundan 5 ming 700 nafar chin yetim bolalar vasiylik va homiylik organlarida ro‘yxatda turadi, 35 ming nafari farzandlikka olingan. Lekin, bunday bolalarni holidan xabar olish, ular bilan alohida shug‘ullanish tuman (shahar)lardagi Xalq ta’limi bo‘limlarining 1 nafar xodimiga yuklatilgan.

Shu bois, har bir tuman (shahar) hokimligida Vasiylik, homiylik va patronat ishlari bo‘limi tashkil etiladi hamda ularga 4 nafardan shtat ajratiladi.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, mahalla va sektor rahbarlaridan iborat Ishchi guruhi tuziladi va ular vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ahvoli, ularning oilaviy sharoitidan haftalik xabar oladigan tizim yaratiladi.

Shuningdek, vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarga 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy budjetdan 1,2 million so‘m, nogironligi bo‘lganlarga esa respublika budjetidan 2,5 million so‘m to‘lanadi”, – deydi Prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan oilalarga, ularni parvarishi davrini mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etiladi.

“1-sentabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi.

Bundan tashqari, 122 ming nafar ‘temir daftar’ga kirgan oila farzandlari, shuningdek 370 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so‘mdan beriladi.

Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanadi”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.