Farg‘onada maktab imtihonlari quyosh tig‘i ostida o‘tkazilayotgani tanqid ostiga olingani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova xabarning Facebook’dagi postida izoh qoldirdi.

Foto: Telegram / Isroil Tillaboyev

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-maydagi 7-sonli majlis bayoni asosida imtihonlar o‘tkaziladigan hududlar belgilab berilgan. Bunda imtihonni o‘tkazishga mas’ul barcha tashkilotlar tomonidan mazkur hududlarning videokuzatuv, internet, elektr va boshqa shu kabi shart-sharoitlar bilan ta’minlanganligi inobatga olingan.

Shu bilan birga, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda imtihon davomiyligi 90 daqiqadan 60 daqiqaga qisqartirilgan.

“2020-yili pandemiya tufayli Prezident maktablariga qabul o‘tkazilmagan edi. Bu yil pandemiya sharoitida qanchalik qiyin bo‘lmasin, qat’iy tartib-qoidalar asosida ochiq havoda kirish imtihonlari tashkil etilmoqda.

Shu o‘rinda har bir kishi, jumladan, ota-onalar shaxsiy mas’uliyatini oshirishga va ijtimoiy masofa saqlashga muntazam da’vat etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Cambridge Assessment tashkilotining talablari asosida barcha sharoitlar maksimal darajada tashkil etilmoqda. Imtihonlar 2 smenada, ya’ni 8:00 va 19:00 da boshlanadi”, – deyiladi izohda.

Bundan avval Olmaliq yo‘lida jaziramada o‘tkazilgan hashar yuzasidan izoh berilgandi.

Ma’lumot uchun, 24—26-iyul kunlari O‘zbekistonga Eron hududlaridan quruq va issiq havo oqimining kirib kelishi kutilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Toshkent shahar hokimligi shu munosabat bilan aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni so‘ragan. “O‘zgidromet” respublika hududida 26-iyul kuni ham anomal issiq saqlanib qolishini ma’lum qilgan.