Dunyo va o‘zbek sportiga oid 20-iyul kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio—2020 Olimpiadasida qatnashish uchun Yaponiya poytaxtiga yo‘l oldi. 19-iyul kuni O‘zbekiston olimpiya delegatsiyasi tantanali ravishda kuzatib qo‘yildi. Kuzatish marosimida Bosh vazir Abdulla Aripov, senat raisi Tanzila Norboyeva va boshqa qator mutasaddilar ishtirok etdi. 19-iyul oqshomida o‘zbekistonlik olimpiyachilar Tokioga yetib borgan. Eslatib o‘tamiz, musobaqaning ochilish marosimi 23-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon chempionati davom etmoqda. 1/32 finalda Javohir Sindorov perulik Xorxe Korini 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. 15 yoshli grossmeyster 1/16 finalda polshalik Katsper Piorunga qarshi dona suradi. Nodirbek Abdusattorov esa Anish Giri bilan tay-brekda kuch sinashdi va raqibi ustidan sensatsion g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shu tariqa o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar Jahon chempionatining 1/16 finaliga yo‘l oldi.

Foto: FIDE

O‘FA futbol agentlari ishini tartibga solmoqchi. O‘FA tomonidan “Futbol sport turi bo‘yicha vositachilar (agentlar) bilan ishlashga doir reglament” ishlab chiqilib, 2021-yilning sentabr oyidan amaliyotga joriy etish reja qilingan.

“Ushbu reglamentni ishlab chiqishdan asosiy maqsad agentlik sohasini tubdan isloh qilishdan iborat. Hozirgi kunda agentlar orasida yosh futbolchilarning kelajagini o‘ylamay, ularning ishonchini suiiste’mol qilgan holda, moddiy manfaat ko‘rayotgani ko‘p uchramoqda. Ana shunday holatlarga chek qo‘ygan holda, agentlar ishida shaffoflik va halollik, shuningdek, professional yondashuvni ta’minlash katta ahamiyat kasb etadi. Iste’dodli futbolchilarning darajasi va mahorati oshishi hamda futbolimiz rivojiga hissa qo‘shishi agentlik faoliyatining ustuvor vazifasi bo‘lishi talab etiladi. Bu borada Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham o‘rganib chiqilyapti. Hozirgi kunda O‘FA mutaxassislari tomonidan mazkur reglament loyihasini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli, o‘zbek futboliga hamda mazkur sohaga befarq bo‘lmagan mutaxassislardan futbol agentlari yo‘nalishini tartibga solish borasida o‘z taklif hamda fikr-mulohazalarini joriy yilning 10-avgustiga qadar bildirish imkoniyati borligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi O‘FA bayonotida.

Foto: “Tobol” FK

Igor Sergeyev Qozog‘iston chempionati peshqadami safiga o‘tdi. “Aqtobe”ning o‘zbekistonlik hujumchisi Igor Sergeyev faoliyatini “Tobol”da davom ettiradi. Bu haqda kostanayliklar klubi matbuot xizmati ma’lum qildi. Sergeyev yangi jamoasida 77-raqam ostida harakat qiladi. “Tobol” ayni vaqtda Qozog‘iston chempionatida yetakchilik qilmoqda va Konferensiyalar Kubogi saralash bosqichida qatnashmoqda. Sergeyev 2021-yil boshida “Paxtakor”ni tark etib, “Aqtobe”ga o‘tgandi.

Jahon

Brahim Dias “Milan”dagi faoliyatini davom ettiradi. “Real” hujumkor yarim himoyachini milanliklarga yana ijaraga berdi. Ikki yillik ijara uchun “Milan” 3 million yevro to‘laydi va uni 22 millionga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq “Real”da Diasni 27 million yevro evaziga qayta sotib olish huquqi qoladi. Dias 2020/21-yilgi mavsumda italyan klubida 39 o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Avvalroq “Milan” “Chelsi” hujumchisi Olivye Jiruni o‘z safiga qo‘shib olgandi.

Foto: “Milan” FK

FIFA futbol qoidalariga o‘zgartirish kiritish mumkinligi haqidagi xabarlar inkor etildi. Avvalroq Niderlandiya bo‘lib o‘tayotgan yosh futbolchilar o‘rtasidagi musobaqada bir qator yangi qoidalar sinovdan o‘tkazilayotgani va bu FIFAning xohishi bilan qilinayotgani xabar qilingandi. Biroq tashkilot yangiliklarda yangragan o‘zgarishlar FIFA mutasaddilari tomonidan ko‘rib chiqilmayotganini ma’lum qildi.

Boks

Super og‘ir vazn toifasida WBA, IBF, WBO va IBO kamarlari sohibi Entoni Joshua va ukrainalik Oleksandr Usik o‘rtasidagi jang sanasi va o‘tkazilish joyi rasman tasdiqlandi. Unga ko‘ra bellashuv 2021-yilning 25-sentabr kuni Londondagi “Tottenhem Hotspur” stadionida bo‘lib o‘tadi. Mazkur arena 62 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

Foto: DAZN