Dunyo va o‘zbek sportiga oid 18-iyul kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Uch nafar legioner “Navbahor” ko‘rigidan o‘ta olmadi. Namanganliklar Superligada yuzaga kelgan tanaffus vaqtida bir nechta xorijlik futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazmoqda. “Navbahor” matbuot xizmati braziliyalik himoyachi Portela de Akvino Saulo, serbiyalik Jelko Dimitrov va rossiyalik Pavel Ignatovichga javob berilganini ma’lum qildi. Ayni paytda “lochinlar” yig‘inida serbiyalik himoyachi Boyan Siger va braziliyalik hujumchi Kosta Tenorio Gutiner bo‘lib turibdi.

Foto: “Navbahor”

Shuningdek, “Navbahor”da serbiyalik mutaxassis Aleksandr Galich ish boshladi. Galich “Navbahor” murabbiylar shtabidan joy oldi. Avvalroq mutaxassis Samvel Babayan bilan birga Toshkentning “Lokomotiv” va Xitoyning “Chanchun Yatay” klublarida ishlagandi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Samvel Babayan “Navbahor”da maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagandi.

Rifat Akromxo‘jayev “Lokomotiv”ga qaytdi. Avvalroq “Surxon”dan iste’foga chiqarilgan Akromxo‘jayev “temiryo‘lchilar” klubida tahlilchi-seleksioner murabbiy sifatida ishlaydi. Mutaxassis o‘z vaqtida Toshkent klubi yosh jamoalariga murabbiylik qilgan.

Foto: “Lokomotiv”

Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha FIDE Jahon Kubogi davom etmoqda. 1/64 finalda besh nafar o‘zbekistonlik sportchi qatnashdi. Nodirbek Abdusattorov hindistonlik grossmeyster Aravindx Chitambaramni 1,5:0,5 hisobida yengib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Abdusattorov 1/32 finalda asli rossiyalik bo‘lgan Niderlandiya grossmeysteri Anish Giri bilan to‘qnash keladi. Jahongir Vohidov va Javohir Sindorov raqiblari bilan ikkala partiyada ham durang o‘ynagani uchun tay-brekda dona surdi. Unda Jahongir Vohidov nomdor Leniyer Perez Dominges ustidan sensatsion g‘alaba qayd etgan bo‘lsa, Javohir Sindorov fors millatiga mansub Fransiya fuqarosi Alirizo Firuzja ustidan shov-shuvli g‘alabaga erishdi.

Foto: Shaxmat federatsiyasi

Shu tariqa uch nafar O‘zbekiston vakili 1/32 finalga yo‘l oldi. Shamsiddin Vohidov rossiyalik shaxmat yulduzi Sergey Karyakinga har ikki partiyada ham yutqazib qo‘ydi. Nodirbek Yoqubboyev esa chexiyalik nomdor grossmeyster David Navaraga 0,5:1,5 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Jahon

FIFA futbolda ayrim yangi qoidalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Yosh futbolchilar o‘rtasida Niderlandiyada bo‘lib o‘tayotgan “PSV”, “AZ”, “Bryugge” va “Leypsig” U-19 jamoalari ishtirokidagi musobaqada quyidagi qoidalar bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilmoqda:

  • To‘pni yon chiziqdan oyoq orqali o‘yinga kiritish;
  • Jarima zarbalarini sherikka uzatmasdan, yakka holda o‘yinga kiritish;
  • Cheklanmagan miqdorda zaxira almashtirishdan foydalanish;
  • Sariq kartochkadan keyin 5 daqiqalik chetlatish;
  • 30 daqiqalik toza vaqtdan ikki bo‘lim (ya’ni to‘xtalish bo‘lganda vaqt to‘xtatib turiladi).

Goal nashrining xabar qilishicha, mazkur sinovlar FIFAning tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Musobaqa yakunidan keyin tashkilot natijalarni tahlil qiladi va uni rasmiy o‘yinlarga tatbiq qilish ustida ishlaydi.

Messi Instagram’da ham Ronaldudan o‘zib ketdi. Argentina tema jamoasi hujumchisi Lionel Messining Amerika Kubogi bilan tushgan surati Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 20 milliondan ortiq “layk” yig‘di. ESPN’ning e’tibor qaratishicha bu sportga oid suratlar orasida rekord hisoblanadi. Bundan avvalgi eng yaxshi natija Krishtianu Ronalduga tegishli bo‘lib, hujumchining Maradona xotirasiga atab qo‘ygan surati 19 milliondan ortiq “layk” yiqqandi.

Foto: Instagram

Qayd etish kerak, Ronaldu Instagram’da eng ko‘p foydalanuvchiga ega shaxs hisoblanadi. Ayni vaqtda Krishtianu 315 milliondan ziyod obunachiga ega, Messi esa bu 233 millionga teng.

Transfer yangiliklari

“Liverpul” darvozabon Alisson Bekker bilan amaldagi shartnomani 2026-yilning yoziga qadar uzaytirmoqchi. Fabrisio Romanoning xabar qilishicha, muzokaralar hal qiluvchi bosqichda turibdi va tomonlar kelishuvga yaqin. Braziliyalik futbolchining ingliz klubi bilan hozirgi shartnomasini 2024-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.

Son Hyon Min “Tottenhem” bilan yangi kelishuv imzolaydi. Nikolo Skiraga ko‘ra, Janubiy Koreya terma jamoasining 29 yoshli futbolchisi “shporlar” bilan amaldagi shartnomasini 2025-yilning yoziga qadar uzaytiradi. Yangi bitimga ko‘ra Sonning yillik maoshi 12 million yevroga yetadi.

Foto: Twitter

“Manchester Siti” Harri Keyn bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishib oldi. 27 yoshli futbolchi “shaharliklar” bilan 2026-yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma borasida kelishuvga erishdi. Biroq “Tottenhem” forvard bilan osonlikcha xayrlashmoqchi emas va uning uchun 160—170 million yevro talab qilishi kutilmoqda, deya xabar qiladi Nikolo Skira.

Tennis

Uimbldon—2021 finalchisi Matteo Berrettini Tokioda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Bunga italiyalik tennischining Londondagi bahsda olgan jarohati sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Avvalroq Berrettini Uimbldon finalida Novak Jokovichga mag‘lub bo‘lgandi. Shu tariqa ATP reytingining kuchli o‘nligidan o‘rin olgan beshinchi tennischi Olimpiada ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Avvalroq Rafael Nadal, Dominik Tim, Rojer Federer va Denis Shapovalov Tokioga bormasligi ma’lum bo‘lgandi.